Jahon | 19:17 / 02.07.2025
5861
6 daqiqa o‘qiladi

Boku va Moskva sovuqlashishi: bu – kechagi yangilik emas

Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida siyosiy sovuqlashish avj oldi. Avvaliga Moskvada maxsus kuchlar ikki ozarboyjonlikni o‘ldirib qo‘ydi. Keyin Boku Rossiya propagandachi axborot agentligining Ozarboyjon bo‘limini FSB agenturasi deb topib, ikki agentni ushladi. Xullas, mojaro kattalashib ketdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya va Ozarboyjon munosabatlari faqatgina shu voqea sabab sovuqlashgani yo‘q. Yaxshilab o‘ylab qaralsa, ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlik ildizi mustaqillikning ilk yillariga borib taqaladi. Quyida shu haqda. Bu Isroil – Eron, Rossiya – Ukraina urushi kabi muhim mavzu emasdir, lekin ishoning, SSSR me’rosxo‘ri Rossiya va siyosiy vazn jihatdan xuddi bizga o‘xshagan davlat o‘rtasidagi bu mojarodan kamida xabardor bo‘lib turishimiz kerak.

Qorabog‘ urushi

Demak, Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi sovuqlik ildizi mustaqillikning ilk yillariga, hatto undan ham oldinroq – SSSR tarqalishi arafasidagi yillarga to‘g‘ri keladi. Qorabog‘ uchun to‘qnashuvlar aynan ittifoq tarqalish yoqasiga kelib qolgan davrda boshlangandi.

Keyin mustaqillik boshida Armaniston ozarlardan tarixiy Qorabog‘ini olib qo‘yadi. Tan olish kerak, o‘sha payda sobiq ittifoq hududida bunaqa jiddiy urushlar Rossiya ruxsatisiz bo‘lishi qiyin edi. Armaniston Ozarboyjon yerlarini okkupatsiya qilishiga qarshilik qilmaganining o‘zi Rossiya Yerevan tomonda bo‘lganini bildiradi. Buning ustiga, Armaniston Qorabog‘ni Rossiya qurollari bilan olgan.

Ozarboyjon u paytlar hozirgidek boy emas, harbiy qudrati haminqadar edi. Lekin qazilma boyliklari evaziga oyoqqa turgan ozarlar 30 yil armiyani kuchaytirishdi, omborlarni qurolga to‘ldirishdi, eng muhimi Turkiyadek NATOga a’zosi bilan ayrilmas strategik ittifoqchi bo‘lishdi. Rossiya Ukrainada urush boshlab Donbassdagi ko‘mir konlarini egallash orzusida yonayotgan bir vaqtda ikki hamlada Qorabog‘ni qaytib olishdi.

Mana shu 30 yil ichida Ozarboyjon Rossiyaga qarshi hech qanday ish qilmadi. Hech qanday bayonot ham bermadi. Lekin ozarlarning ich-ichidan alami bor edi. Chunki Armaniston «Rossiya bizning ittifoqchimiz, ozarlar Qoraboqqa tegolmaydi», deb katta ketib yurganini hamma bilardi. Chindan Qorabog‘da rus harbiylari go‘yoki tinchlikni ta’minlash uchun kiritilgandi ham. Biroq urush boshlangach, Rossiyaning armanlar bilan ishi bo‘lmay qoldi.

Ko‘cha tilida aytganda, ikki kichik sinf o‘quvchisi janjaliga bir o‘quvchining katta sinfda o‘qiydigan akasi qo‘shilgandi. Endi o‘sha katta aka «qo‘shni maktabni zabt etishga ketganida» boyagi alamzada bola tengdoshi bilan yakkama-yakka chiqib jag‘ini ezdi. Va janjalda tengdoshini nohaq qo‘llagan o‘sha katta sinf o‘quvchisiga nisbatan yuragining bir burchagida nafrat saqlanib qoldi. Endi bilagi kuchga to‘lgan paytda boyagi katta bolaga nafratini ko‘rsata boshladi...

Samolyot halokati

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Qorabog‘ni qaytarganidan keyin Ozarboyjon Rossiyaga qarshi hech qanday bayonot bermadi. Aliyev Moskvadagi tadbirlarga borib g‘olibona kulib o‘tiraverdi. Go‘yoki «Rossiya bilan ittifoqingizga na o‘ldi, Pashinyan», degandek.

Biroq o‘tgan yil bir voqea sodir bo‘ldiki, endi Boku Rossiyaga nisbatan 30 yillik sukutni buzishga majbur bo‘ldi. Ozarboyjon samolyoti Rossiya shahriga uchayotganda Rossiya harbiylari uni urib qo‘yishdi. Yetmaganiga uchoqqa eng yaqin aerdromga qo‘nishga ruxsat berilmagach o‘q yegan samolyot butun Kaspiyni uchib o‘tib Qozog‘istonga quladi. Juda ko‘p odam o‘ldi.

Rossiya tomoni samolyot qulashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv, kislorod balon portlashi kabi absurd sabablarni keltirgani Bokuning g‘azabini kuchaytirdi. Axir samolyot yerga qulashi bilan tarqalgan suratlarda fyuzelajdagi o‘q izlari ko‘rinib turgandi.

Eng qizig‘i, samolyot Grozniy osmonida o‘qqa tutilgani aniq bo‘lganidan keyin ham Rossiya tomoni bu ish uchun uzr so‘ramadi. Putin Aliyev bilan suhbatda «hodisa Rossiya osmonida sodir bo‘lganidan afsusdaligini» bildirdi xolos.

Halokatdan keyin qilgan chiqishlarida prezident Aliyev Rossiya manziliga keskin gaplar aytdi, Moskvani «har xil uydirmalar o‘ylab topmay haqiqatni tan olishga» chaqirdi. Rossiyaga nisbatan biror MDH davlati rahbari bunaqa chiqishlar qilishini bir necha yil avval tasavvur qilib bo‘lmasdi.

Pardalar ko‘tarildi

Oldingi videolardan birida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush dunyo siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirgani, ikki Yevropa davlati to‘rt yildan buyon bir-birga raketa otganini dunyo xotirjam qabul qilgach, davlatlar endi dushmanlikni oshkora bildirayotganini aytgandik. Chindan endi barcha pardalar ko‘tarilganga o‘xshayapti. Bo‘lmasa Moskvada ikki muhojir urib o‘ldirilgani ortidan kechagina Rossiyaga qaram bo‘lgan davlat bugun Rossiyaga nisbatan bunaqa ishlar qilayotganini boshqacha atab bo‘lmaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid