Anorbank aksioneri Parijda o‘g‘irlab ketildi. Tafsilotlar
Anorbankning asosiy aksioneri Qahramon Olimov 23 iyun kuni Parij shahrida o‘g‘irlab ketilib, ikki kun Nitssa yaqinidagi villada tahdid va zo‘ravonlikka uchradi, so‘ng tovon puli evaziga qo‘yib yuborildi, deya xabar tarqatdi Le Monde. Nashr bu voqeani “Parijning boy tumanlarida ro‘y bergan, josuslik romanlariga xos voqea” deb ta’rifladi.

Foto: Anorbank
O‘zbek moliya magnati Parij markazida o‘g‘irlab ketildi, so‘ng tovon puli evaziga qo‘yib yuborildi, deya xabar tarqatdi Fransiyaning Le Monde nashri.
Nashrning yozishicha, Anorbank aksiyadori Kahramon Olimov 23 iyun kuni Parijning 8-tumanida o‘g‘irlab ketilgan va 2 kun tutqunlikda ushlab turilgan.
Tadbirkor 21 iyun kuni kotibi bilan Toshkentdan Parijga uchib borgan – u Fransiyaga tez-tez borib turgan va bu safar ham fransuz hamkorlari bilan uchrashish uchun safar qilgan. Bundan tashqari, u ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlash niyatida edi.
O‘sha kunning o‘zida mehmonxona barida uning oldiga o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan notanish ayol kelgan. Taxminan 25 yoshlardagi ayol unga rus va ingliz tillarida gapirgan, Turkiyadagi go‘zallik salonida ishlashini aytgan. Hashamatli aksessuarlar – ustidagi Louis Vuitton pidjagi va qo‘lidagi Tiffany bilaguzugi esa uning so‘zlariga mos kelmasdi.
Tadbirkor unga telefon raqamini bergan, biroq o‘sha oqshom yana uchrashish taklifini rad etgan. Keyingi kuni ertalab Olimov Anastasiya unga deyarli tun bo‘yi xabarlar yuborganini ko‘rgan, so‘ngra uning baliq restoranida tushlik qilish taklifiga rozi bo‘lgan.
Ular mehmonxonadan bir necha qadam naridagi Jorj Giyomen maydoniga yetib kelishganda notanish shaxs tomonidan to‘xtatilgan. Rus tilida kuchli «chechencha aksent» bilan gapirgan bu shaxs va unga hamrohlik qilgan ikki erkak bankirning qo‘llarini qayirib, mikroavtobusga olib chiqishgan. Anastasiya esa Olimovning politsiya chaqirish haqidagi iltimosini e’tiborsiz qoldirgan.
Bankirning so‘zlariga ko‘ra, mikroavtobus baland panjarali uygacha bir necha soat yurgan. U yerda Olimov o‘g‘rilardan birini tanigan, uni «qonundagi o‘g‘ri» va nufuzli jinoiy guruh a’zosi deb atagan.
Uning aytishicha, bu shaxs Olimovning yirik bankdagi sobiq sherigi B.R.ning ishonchli vakili hisoblanadi (2017 yilda Olimov «Kapitalbank»da boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan, u yerda uning 36 foizdan ortiq ulushi bo‘lgan). Taxminan o‘n yildan beri bu sobiq hamkor Olimovni, uning Turkiyaga «quvg‘in qilingan va vaqtinchalik badarg‘a bo‘lgan» paytidan foydalanib, bankdagi ulushini sotib olganlikda ayblab keladi.
«Nihoyat seni tutdik! Sen mendan 10 million dollar qarzsan», – degan o‘g‘rilardan biri va Olimovni urgan.
Nashrning yozishicha, keyin uch soat davomida kaltaklashlar va osib o‘ldirish inssenirovkasi uyushtirilgan. Shundan so‘ng bankirni yana furgonga o‘tqazib, Nitssadagi villa yerto‘lasiga olib ketishgan. Uni «uy kinoteatri»ga aylantirilgan xonaga joylashtirishgan, bu yerda ham u kaltaklangan, tahdidga uchragan, jinoyatchilar hatto uning bo‘yniga tig‘ tortishni imitatsiya qilishgan.
O‘g‘irlaganlardan biri Olimovning Yevropadagi aktivlari va investitsiyalari haqida bilishini aytib, tadbirkorning farzandlari haqida gapirgan va bankirning shaxsiy kotibini ham o‘g‘irlash bilan tahdid qilgan.
Oxir-oqibat Olimovni 5 mln dollarlik qarz haqida tilxat yozib berishga majbur qilishgan. Tadbirkor haydovchisi orqali Toshkentdagi vositachiga 200 ming dollar avans o‘tkazib bergan.
Bu ilk to‘lov Olimovni ozod qilishi uchun yetarli bo‘lgan. Uni Nitssa vokzaliga olib borishgan, u yerdan poyezdda Parijga ketgan va darhol politsiyaga murojaat qilgan.
48 yoshli bankir tutqunlikda qiynoqqa uchragani aytilmoqda: jabrlanuvchini 25 iyun kuni Parijdagi Hôtel-Dieu shifoxonasida ko‘rikdan o‘tkazgan shifokor uning tanasida ko‘kargan joylar va yaralar borligini qayd etgan. Lekin bemorning asosiy shikoyati – haddan tashqari xavotir va uyqu bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan.
Le Monde bu voqeni «Parijning boy tumanlaridan birida yuz bergan haqiqiy o‘g‘irlash hodisasi» deb atagan va «josuslik romanlariga xos bunday voqea»dan fransuz politsiyasi va prokuraturasi «hayratdan yoqa ushlab qolgani»ni qayd etgan.
Fransiya politsiyasi holat yuzasidan «guruh bo‘lib, shaxsni noqonuniy ushlab turish» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va «turk millatiga mansub» bir gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Olimov so‘roqdan so‘ng darhol Toshkentga qaytib, o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘riqchi yollagan. Biroq, nashrning yozishicha, o‘g‘rilikning taxminiy tashkilotchisi unga Telegram orqali tahdid va talablar yuborishda davom etmoqda.
Manbada yozilishicha, Qahramon Olimov Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya orqali Fransiyaning EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida gaz siklli elektr stansiyasi qurilishida ishtirok etmoqda. U Parijga ayni shu loyiha sababli borgan, fransuz hamkorlari bilan uchrashishni reja qilgan. 21 iyunda Toshkentdan uchib, ertasiga Parijga qo‘ngan investor 9 kechaga joy band qilingan Sofitel Arc-de-Triomphe mehmonxonasiga joylashgan.
Ma’lumot uchun, Qahramon Olimov – Anorbankning asosiy aksiyadori, bank kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi. Bu bankning aktivlari 2025 yil 1 yanvar holatiga 10,1 trillion so‘mga yetgan. 2024 yilda bank aktivlari 2 barobardan ko‘proqqa – 5,7 trln so‘mga o‘sgan.
Mavzuga oid

21:57 / 04.07.2025
Xitoy Yevropa brendlariga antidemping bojlarini joriy etdi

22:35 / 03.07.2025
Fransiyada aviadispetcherlar ish tashlash e’lon qildi. Bu Yevropada 1,5 mingta reysning bekor qilinishiga olib keladi

18:22 / 01.07.2025
Jazirama sabab Eyfel minorasining yuqori qismi turistlar uchun yopildi

07:31 / 27.06.2025