Jahon | 18:13 / 05.07.2025
7745
2 daqiqa o‘qiladi

Astronavt koinotdan Yer ustidagi ulkan spraytni ko‘rsatdi

Bu atmosferaning yuqori qismida momaqaldiroq bulutlaridan 80 kilometr balandlikda paydo bo‘ladigan yorqin nurdir.

Foto: X / Astro_Ayers

NASA astronavti Nikol Ayyers koinotdan ulkan qizil sprayt aks etgan Yerning ta’sirli surati bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu noyob atmosfera hodisasi 30 yildan beri o‘rganilayotgan bo‘lsa-da, olimlar uchun hamon sir bo‘lib qolmoqda.

U rasmiy ravishda TLE (Transient Luminous Event) yoki yorug‘likning o‘tish hodisasi deb ataladi. Bu atmosferaning yuqori qismida momaqaldiroq bulutlaridan 80 kilometr balandlikda paydo bo‘ladigan yorqin nurdir. Uning ko‘rinishi atmosferaning pastki qatlamlarida paydo bo‘ladigan kuchli chaqmoq bilan bog‘liq.

SpaceX Crew-10 missiyasi uchuvchisi va Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) 72- va 73-ekspeditsiyalar a’zosi Ayyers 3 iyul kuni ushbu noyob hodisani suratga oldi.

«Shunchaki zo‘r, bugun ertalab Meksika va Qo‘shma Shtatlar ustidan uchib o‘tayotganimizda ushbu spraytni ko‘rdim», dedi u.

Bu hodisa ba’zan meduza deb ataladi, chunki yorug‘likning ko‘plab shoxlari paypaslagichdek tarqaladi. Spraytlar hajmi va shakli jihatidan farq qiladi, eng kattasi Yer yuzasidan 80 kilometr balandlikda joylashadi. Qizil rang atmosferaning yuqori qatlamlarida azot bilan o‘zaro ta’sirga bog‘liq.

Ular birinchi marta 1989 yilda suratga olingan. Shunga o‘xshash «chaqnash» Yupiter atmosferasida va ehtimol, Saturn va Venerada ham sodir bo‘ladi.

Mavzuga oid