Jahon | 08:44
1855
4 daqiqa o‘qiladi

Hamas G‘azoda 60 kunlik sulh bitimiga «ijobiy» javob berdi

«Harakat o‘z javobini vositachilarga taqdim etdi, bu javob ijobiy ruh bilan tavsiflanadi», deyiladi Hamasning javobida. Tomonlar AQSh taklif etgan sulhni amalga oshirish uchun muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan. Shu bilan birga ushbu sulh bo‘yicha e’tirozga sabab bo‘layotgan holatlar va yangi talablar hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Foto: EFE/EPA/MOHAMMED SABER

Hamas tashkiloti AQSh vositachiligida ilgari surilgan G‘azo bo‘yicha sulh taklifiga «ijobiy ruhda» javob bergani, garovdagilarni ozod qilish hamda mojaroni tugatish bo‘yicha muzokaralarni o‘z ichiga olgan ushbu kelishuvni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bundan oldin Isroil va Hamas o‘rtasida qariyb 21 oydan beri davom etayotgan urushda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «yakuniy taklif»ni e’lon qilgan va tomonlardan yaqin vaqtlarda kutayotganini bildirgandi.

«Hamas harakati G‘azodagi xalqimizga qarshi tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha vositachilarning so‘nggi taklifiga doir ichki maslahatlashuvlarni, shuningdek, falastinlik fraksiyalar va kuchlar bilan muzokaralarni yakunladi.

Harakat o‘z javobini birodarlik vositachilariga taqdim etdi, bu javob ijobiy ruh bilan tavsiflanadi. Hamas harakati to‘liq jiddiyat bilan, ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi yuzasidan yangi muzokaralar bosqichiga zudlik bilan kirishga to‘liq tayyor», — deyiladi Reuters nashri tarqatgan harakatning bayonotida.

Biroq Hamasga yaqin shaxslardan biri hali ham duch kelayotgan ehtimoliy qiyinchiliklar: insonparvarlik yordami, Misrga o‘tuvchi Rafah chegara punkti orqali harakatlanish va Isroil qo‘shinlarining chiqib ketish jadvali borasidagi aniq tafsilotlarga doir xavotirlar hanuz mavjudligini bildirdi.

New York Times'ning yozishicha, Hamas ushbu taklifga qanday sezilarli o‘zgartirishlar kiritishni talab qilayotgani yoki bu farqlar osongina bartaraf etiladimi yoki yangi to‘siqlarga olib keladimi — hozircha noma’lum. Ilgari ham tomonlar shunday bitimlarga yaqinlashgan, biroq tafsilotlar bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab oxirgi daqiqada ular barbod bo‘lgan edi.

Sulhda qanday takliflar bor?

Yangi taklif bilan tanish bo‘lgan manbalarning aytishicha, u 60 kunlik sulh davomida 10 tirik garovdagi shaxsni va 18 nafar halok bo‘lganlarning jasadini topshirishni, buning evaziga ma’lum miqdordagi falastinlik mahbuslarni ozod qilishni nazarda tutadi.

  • Bu ozod etishlar besh bosqichda amalga oshiriladi va Hamas o‘tgan sulh davridagidek televizion uzatmalar orqali topshiruv marosimlari o‘tkazmasligi shart qilib qo‘yilgan. Bunday marosimlar isroilliklarni g‘azablantirgan, ular bu holatni tahqir deb qabul qilgan. Yangi rejada, shuningdek, AQSh va arab vositachilari — Qatar va Misr, sulh davrida urushga barham berish bo‘yicha jiddiy muzokaralar o‘tkazilishini ta’minlashi kerakligi ham ko‘rsatilgan.

Prezident Tramp haftaning boshida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning dushanba kuni Vashingtonga tashrifi oldidan Isroil va Hamas bitim tuzishni talab qilayotganini bildirgan edi.

«G‘AZODA BITIM QILING!» — deb yozdi Tramp yakshanba kuni Truth Social'da, bu murojaatini Isroilga yo‘llab. Hamasni esa ogohlantirib shunday degan: «bundan yaxshisi bo‘lmaydi — FAQAT YoMONLAShADI».

Isroil tashqi ishlar vaziri Gidon Saar esa sulh bo‘yicha yangi muzokaralarni boshlash bo‘yicha «ijobiy ishoralar» borligini va Isroil iloji boricha tezroq muzokaralarni qayta boshlashni istayotganini bildirdi.

Hamas va Isroil o‘rtasida bitim tuzilishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy masala — sulhning doimiyligi. Hamas barcha qolgan garovdagilarni ozod qilishdan avval urushning barham topishini qat’iy talab qilib kelmoqda. Ammo Isroil bosh vaziri Netanyahu Hamasning harbiy va boshqaruv salohiyatini butunlay yo‘q qilish zarurligini ta’kidlamoqda.

Mavzuga oid