O‘zbekiston | 13:53
4426
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni gazga ulashda muammolar yuzaga kelyapti

Respublika bo‘ylab yangi uylarni gazga ulashda muammolar paydo bo‘lyapti. «Hududgazta’minot» matbuot xizmati Kun.uz’ning bu boradagi bir necha so‘rovlarini javobsiz qoldirdi. Yil boshida yangi qurilgan xonadonlarda tabiiy gaz bo‘lmasligi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Foto: Kun.uz

Ayni kunlarda Kun.uz’ga Toshkent shahri va respublikaning turli hududlaridan yangi qurilgan uylarni gazga ulashda mummolar yuzaga kelayotgani haqida murojaatlar ko‘paydi.

Xususan, bir guruh odamlar poytaxtda 2024 yilning yozida kadastri chiqqan uyga 1 yildan beri gaz berilmayotganidan shikoyat qilishyapti.

Boshqa bir holatda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi murojaatchi gaz ulanishi uchun barcha talab qilinadigan hujjatlar to‘liq topshirilganiga qaramay asossiz ravishda ushbu jarayon amalga oshirilmayotganidan norozi bo‘lyapti.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri oxirgi 2 oyda «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati xodimlariga «Yangi uylarni tabiiy gazga ulash to‘xtatildimi?» degan mazmundagi savol bilan bir necha marta yuzlandi, ammo hech qanday javob ololmadi.

Qurilish vazirligi axborot xizmati esa binolarni qanday turdagi energiya ta’minoti bilan ta’minlash masalasini Energetika vazirligi hal qilishini, bu borada ularda hech qanday vakolat yo‘qligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyidagi selektrda 18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turilgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek, mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni o‘rganib, masalaning yechimi bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirilgandi.

«Bu yil 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi», – deyilgandi rasmiy xabarda.

Bu esa 2025 yildan boshlab yangi qurilgan xonadonlarda tabiiy gaz bo‘lmasligi mumkinligini anglatadi. Ammo shu paytga qadar ochiq manbalarda mazkur o‘zgarishni ifoda etuvchi qonun hujjati e’lon qilinmadi.

Mavzuga oid