Jahon | 23:25 / 06.07.2025
2760
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda 5 qavatli bino qulab tushdi. Qurbonlar bor

Maxsus qurilmalar vayronalar ostida kamida 10 kishi tirik ekanini ko‘rsatmoqda. Holat yuzasidan tergov boshlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Pokistonning Karachi shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi qulab tushishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 kishiga yetdi, deb xabar beradi Xunhua agentligi.

Davlat qutqaruv xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, hayot alomatlarini aniqlashga mo‘ljallangan qurilmalar vayronalar ostida qolgan kamida 10 kishi tirik ekanini ko‘rsatmoqda.

Qutqaruvchilar brigadalari sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida xabar olgan zahoti yetib kelgan, 100 dan ortiq xodim omon qolgan insonlar va halok bo‘lganlar jasadini chiqarib olish operatsiyasida ishtirok etmoqda.

Guvohlarning ta’kidlashicha, binoda bir necha soat davomida silkinishlar kuzatilgan, aholi esa buni zilzila deb o‘ylagan.

Karachi meri Murtoza Vahobning aytishicha, qulab tushgan bino oldinroq «xavfli» deya tan olingan va u yerda istiqomat qiluvchi aholiga binodan ko‘chish buyurilgan.

Besh qavatli bino aholi gavjum Liari tumanida joylashgan bo‘lib, 4 iyul kuni qulab tushgan. Rasmiylar holat bo‘yicha tergov boshlagan va yaqin atrofidagi binolar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirilmoqda.

Mavzuga oid