Jahon | 23:21 / 12.07.2025
5006
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya mafiyasining Lotin Amerikasidagi yetakchisi qo‘lga olindi

Juzeppe Palermo Italiyadagi eng kuchli va yopiq jinoiy guruhlardan biri bo‘lgan «Ndrangeta» mafiyasi vakili hisoblanadi.

Foto: AP

Kolumbiya politsiyasi Lotin Amerikasidagi «Ndrangeta» jinoiy tashkiloti yetakchilaridan biri sanalgan italiyalik Juzeppe Palermoni hibsga oldi, deb xabar berdi AP. Rasmiylarga ko‘ra, u Janubiy Amerikadan Yevropaga kokain va boshqa giyohvand moddalar kontrabandasi yo‘llarini nazorat qilgan.

Palermo, shuningdek, Peppe nomi bilan ham tanilgan, Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan. U Kolumbiya, Italiya, Britaniya va Yevropol huquq-tartibot idoralari qo‘shma operatsiyasi chog‘ida poytaxt Bogota shahrida, ko‘chada ushlangan.

Kolumbiya politsiyasi boshlig‘i Karlos Fernando Triana so‘zlariga ko‘ra, Palermo o‘z ta’sirini xorijda faol ravishda yoyayotgan va Italiyadagi eng kuchli va yopiq jinoiy guruhlardan biri bo‘lgan, Yevropaga kokain yetkazib beradigan «Ndrangeta» mafiyasi vakili hisoblanadi.

Qo‘lga olingan shaxs nafaqat Kolumbiya, Peru va Ekvadorda katta miqdorda giyohvand moddalarni xarid qilish bilan shug‘ullangan, balki Yevropa bozoriga giyohvand moddalarni yetkazib berish uchun dengiz va quruqlik yo‘llarini ham nazorat qilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab noqonuniy kokain ishlab chiqarish rekord darajada 3708 tonnaga yetdi, bu 2022 yilga nisbatan 34 foizga ko‘p. O‘sish birinchi navbatda Kolumbiyadagi koka plantatsiyalarining kengayishi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, giyohvand moddalarning maxfiy bozori, jumladan, kokain bozori aylanmasi yiliga 500 milliard dollardan oshadi.

Mavzuga oid