Jahon | 12:59 / 13.07.2025
4506
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp o‘zining Ukrainaga ilk harbiy yordamini tayyorlamoqda

Shu bilan birga, Putinni tinchlik muzokaralaridagi asosiy hamkor deb hisoblashda davom etmoqda.

Foto: AARON SCHWARTZ - POOL VIA CNP | ZUMA / SCANPIX

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga yuzlab million dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish rejasini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Politico vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalarga tayanib.

Amerikaning hozirgi ma’muriyatining Ukrainaga birinchi yordam paketi Presidential Drawdown Authority (PDA, qurollarni hisobdan chiqarish bo‘yicha prezident topshiriqlari) liniyasi bo‘yicha ajratilishi kutilmoqda. 2024 yilda Jo Bayden boshqaruvi davrida kongress tomonidan tasdiqlangan ushbu jamg‘armada hali ham 3,8 milliard dollar atrofida mablag‘ mavjud. Tramp ularni kongress ruxsatisiz, o‘z prezidentlik vakolatidan foydalangan holda sarflashi mumkin. Oldinroq Reuters agentligi yordam paketi miqdori 300 million dollar atrofida bo‘lishi, u Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar, HIMARS tizimlari uchun GMLRS snaryadlari hamda o‘rta masofada harakatlanuvchi raketalarni o‘z ichiga olishi haqida xabar bergandi.

Tramp ma’muriyati hozirgacha Ukrainaga faqat Bayden tomonidan ajratilgan qurollarni yuborib kelmoqda. Iyul oyi boshida AQSh Ukrainaga ayrim turdagi o‘q-dorilarni yuborishni to‘xtatgandi. 11 iyul kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika qurollari yetkazib berilishi qayta tiklanganini ma’lum qildi.

So‘nggi vaqtlarda Donald Tramp Rossiya tinchlik muzokaralarini cho‘zayotgani va Ukrainadagi harbiy harakatlarni faollik bilan davom ettirayotganidan noroziligi hamda hafsalasi pir bo‘lganini tobora ko‘proq bildirmoqda. AQSh prezidenti 14 iyul kuni «Rossiya bo‘yicha muhim bayonot» berishni va’da qilgan, ammo hech qanday tafsilotlarni oshkor etmagan.

Ritorikani o‘zgartirganiga qaramay, hozircha Oq uy haqiqatan ham o‘z siyosatini Kiyev foydasiga o‘zgartirgani haqida dalillar kam, deb yozadi Financial Times Vashington bilan mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etayotgan Yevropaning ikki yuqori martabali mulozimiga tayanib.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilari hamon Tramp Vladimir Putinni tinchlik muzokaralarida o‘zining asosiy sherigi, Volodimir Zelenskiyni esa samarali kelishuvga erishish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida ko‘rishga moyil deb hisoblashmoqda.

«Ohang o‘zgarishiga qaraganda, biroz ortiqcha hayajon seziladi. Ammo biz buning jiddiy harakatlarga aylanishini ko‘rmayapmiz», - dedi mulozimlardan biri FT bilan suhbatda.

Shu bilan birga, nashr Volodimir Zelenskiy Oq uydagi mashhur tortishuvdan keyin Donald Tramp bilan muloqotda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishganini qayd etgan. Yevropa yetakchilari Ukraina prezidentiga AQSh prezidenti bilan muloqot ohangini qanday o‘zgartirishni, xususan, unga ko‘proq maqtov va qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirishni maslahat berishgan, deydi FT’ning turli suhbatdoshlari.

Mavzuga oid