O‘zbekiston | 16:09
2863
5 daqiqa o‘qiladi

Tomda mehmonxona qurish mumkinmi?

Farg‘ona shahrida qiziq ishlar bo‘lyapti. Aholi qarshiligiga qaramay al-Farg‘oniy ko‘chasidagi 7 qavatli uyning tomida mehmonxona qurilishi boshlangan. Bundan 3 yil avval ham tadbirkor xuddi shu uyning tomida mehmonxona qurishga hozirlik ko‘rayotgan bir paytda jiddiy qarshilikka uchrab, ishni to‘xtatib qo‘ygandi. Shu kunlarda tomdagi beton bo‘laklari olib tashlanib, yana mehmonxona qurishga kirishilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz muxbiri tahririyatga kelib tushgan murojaatga asosan holatni o‘rgandi:

Mehmonxona haqida ustalardan eshitdik...

“Tomdagi betonlarni olishyapti. Remont qilyapmiz deyishdi. Remont uchun bu betonlarni olishning nima keragi bor? Bu uyni ushlab turgan ustun bo‘lsa. To‘rtta bolam bilan yashayman mana shu tomning tagida. Yashashga qo‘rqib qoldik. Nima qurilayotganini aytishmadi. Ustalardan eshitdik bu haqda. Aholining xabari yo‘q. Mustahkam bir yaxshi turgan beton bo‘laklarini “bolgarka”da kesib tashlashdi. Tomga chiqsak, mana shunaqa ahvol. Inspeksiyani chaqirdik, prokuraturaga bordik. Prokuraturadagilar 15 kun ichida masala ko‘rib chiqiladi deyishdi”, deydi Nozima Abdullayeva.

Betonlar olib tashlandi...

“Qurilish qilayotgan Bahodir aka aholiga tomda nima ishlar qilinayotgani haqida hech narsa demadi. Yig‘ilish ham qilgani yo‘q. Nima uchun betonlar olinyapti? Hamma hayron. Janjal ko‘tarilganidan keyin tomdagi siniq shiferlarni almashtiryapmiz deyishga o‘tib oldi.

Tom ustiga nima qurmoqchisizlar deb savol bersak, hech kim javob bermayapti. Ustalar bilan qo‘shnilar gaplashgan. Ular tomda 20 ta uy quriladi deyishgan”, deydi Sevara Abdulhamidova.

O‘zini shirkat boshlig‘i deb tanishtirgan va shu qurilishga bosh-qosh bo‘lib turgan Baxtiyor Ahmedov tomda mehmonxona qurilishi emas, yaroqsiz holatga kelgan shifer va beton bo‘laklarini almashtirish ishlari olib borilayotganini aytdi.

Baxtiyor Ahmedov

“Mana shu eskirib ketgan shiferlarni olib, yangisiga almashtiryapmiz. Chunki aholi shamolda shiferlar uchyapti deb bizga murojaat qilishgan. Tomni chiqindilardan tozalab, ta’mirlash ishlarini olib boryapmiz xolos.

Biz shirkat tomonidan tozalash qilyapmiz. Eskirgan beton va boshqa narsalarni oldirib, yangilayapmiz. Boshqa narsa yo‘q bu yerda. Aholining tomda mehmonxona qurilarkan deyishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi Baxtiyor Ahmedov.

Murodjon Oxunboyev

Farg‘ona viloyati hududiy qurilish va uy-joy inspeksiyasi ko‘p qavatli xonadonlarni nazorat qilish shu’basi boshlig‘i Murodjon Oxunboyev holat yuzasidan izoh berdi:

“Hozirda Farg‘ona hududiy qurilish va uy-joy inspeksiyasi tomonidan shu masala bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib boryapmiz. Baxtiyor ismli shaxs ko‘p qavatli xonadonni, ya’ni Farg‘ona shahri al-Farg‘oniy ko‘chasidagi 20-uyning ko‘p qavatli xonadon tom qismida demontaj ishlarini olib borayotgani aniqlandi. Demontaj ishlari tom qismida emas, ya’ni tomning “vetrovoy” qismiga o‘rnatilgan beton blok qismlarini demontaj qilib, yuqori yomg‘ir to‘sgich shiferlarini almashtirib berish vaji bilan shu ishlarni amalga oshirayotgani aniqlandi.

Baxtiyor ismli shaxsdan amalga oshirayotgan ishlari uchun tasdiqlovchi hujjat so‘radik. Garchi u hozirgacha barcha hujjatlar joyida ekanini ta’kidlagan bo‘lsa-da, hech qanday hujjat taqdim eta olmadi

Inspeksiya tomonidan hali hech qanday hujjat ko‘rilgani yo‘q. Hozirda holatni tegishli tartibda o‘rganyapmiz. Qurilishni ham to‘xtatib qo‘ydik. Quruvchiga tegishli tartibda chora ko‘riladi”, deydi Murodjon Oxunboyev.

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid