Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident energiya ta’minoti uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi
Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda mutasaddilar boshqa xorijiy davlatlar bilan murakkab konlarni o‘zlashtirish, sohani raqamlashtirish, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik ishlarining borishi va galdagi rejalar yuzasidan axborot berdi.
Prezident istiqbolli maydonlar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Shu bilan birga, amaldagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda yangi burg‘ulash usullarini qo‘llash, quduqlarning samaradorligini oshirish orqali neft va gaz hajmini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar buning uchun yetarli energiya ishlab chiqarish, gaz omborlarida jamg‘arish va muvozanatli yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani to‘g‘risida axborot berdi.
Xususan, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1 ming 65 megavattli ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1 ming 573 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning jami quvvati yiliga 20 milliard kilovatt-soat bo‘ladi.
Shuningdek, bu yil Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami 162 megavattli yangi gidroelektr stansiyalar ishga tushiriladi. Ularda yiliga 648 million kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi. Ta’kidlanishicha, bular avvalo xalq ehtiyoji va o‘sib borayotgan iqtisodiyot uchun qo‘shimcha quvvat bo‘ladi.
Ayni paytda tegishli tarmoq va podstansiyalarni ta’mirlash ishlari ham boshlangan. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.
Yig‘ilishda soha infratuzilmasini izchil modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Mavzuga oid

18:27 / 17.07.2025
Tojikiston Rog‘un GES orqali O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib beradi

15:18 / 16.07.2025
Salqinlikni saqlab qoling: yoz kunlarida xonadonda energiyani tejash bo‘yicha 10 maslahat

18:33 / 10.07.2025
Bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

16:53 / 09.07.2025