Jahon | 09:54 / 26.07.2025
811
3 daqiqa o‘qiladi

YeI va Xitoy iqlim bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilmoqchi

Bryussel va Pekin iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqchi, deyiladi Yevropa Ittifoqi va Xitoy sammiti yakunlari bo‘yicha tomonlarning qo‘shma bayonotida.

Foto: Xie Huanchi/Xinhua/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi davlatlari va Xitoy dunyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha yanada yaqinroq hamkorlik qilish niyatida. Bu haqda Pekinda bo‘lib o‘tgan bir kunlik Yevropa Ittifoqi-Xitoy sammiti yakunlari bo‘yicha tomonlarning qo‘shma bayonotida aytiladi, deb yozadi Reuters agentligi. «Yevropa va Xitoy jahon iqtisodiy yetakchilaridir. Bizning munosabatlarimiz global ahamiyatga ega va har ikki tomon, xalqlarimiz va biznesimiz uchun foydali bo‘lishi kerak. Keling, bu kelajakni birgalikda shakllantiraylik», deb yozdi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan bilan muzokaradan so‘ng.

YeK rahbari Xitoy raisi Si Jinpingga minnatdorlik bildirib, har ikki tomon ham iqlimni muhofaza qilish sohasida «global standart» o‘rnatishi mumkinligini ta’kidladi.

Pekindagi sammit 2023 yil dekabridan beri birinchi bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi. Pekin iltimosiga ko‘ra, uchrashuv muddati ikki barobarga qisqardi. Uchrashuv oldidan Si Jinping Yevropaning Xitoy tovarlariga nisbatan joriy choralarini tanqid qildi. Ursula fon der Lyayyen, o‘z navbatida, Xitoy bilan savdo aloqalarini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi va Xitoy rahbari bilan uchrashuvda «burilish nuqtasi»ga erishilganini e’lon qildi.

Yevropa Ittifoqi-Xitoy sammitida YeI kengashi raisi Antoniu Koshta Xitoyni Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berish uchun Rossiyaga o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirdi, deb xabar berdi AFP. «Biz Xitoyni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Rossiyaga BMT Nizomiga rioya qilish va Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini to‘xtatish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqiramiz», — dedi Koshta Xitoy rahbari Si Jinpingga murojaat qilib.

Mavzuga oid