Jahon | 15:56
7391
11 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiydan norozi ukrainlar, Rossiyaga sodiq Xitoy – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 27 iyul, yakshanba. O‘tgan hafta voqealarga boy bo‘ldi. Makron Fransiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini aytdi, Isroil Falastinning G‘arbiy sohildagi yerlarini anneksiya qilish rejasini e’lon qildi, Rossiya va Ukraina Turkiyada navbatdagi nojiddiy muzokara o‘tkazdi. Osiyoda yana bir urush boshlandi, Aliyevning bayonotlari sabab Rossiyadagi urush targ‘ibotchilari «Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga» chaqirdi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilmoqchi

G‘azoning kulini ko‘kka sovurgan Isroil endi Falastinga tegishli G‘arbiy sohilga jiddiy e’tibor bermoqchi ko‘rinadi. Mamlakat parlamenti Yahudiya, Samariya va O‘rdun daryosi vodiysi «Isroil davlatining ajralmas qismi ekani» haqida deklaratsiyani ma’qulladi. Bu xalqaro huquqqa ko‘ra to‘la noqonuniy deklaratsiyada Falastinga tegishli O‘rdunning G‘arbiy sohili ham Isroilniki deb iddao qilingan. Hujjatda bezbetlarcha shunday yozilgan: «G‘arbiy sohildagi bu hududlar yahudiylar tarixiy vatanining ajralmas qismi hisoblanadi».

Ko‘p o‘tmay Isroil G‘arbiy sohilda yana 22 ta aholi punkti qurishini e’lon qildi. Ya’ni, xalqaro huquqqa ko‘ra Falastinga tegishli yerlarda yangi Isroil aholi punktlari paydo bo‘ladi. O‘zi bu yerlarnining katta qismini Isroil allaqachon harbiy yo‘l bilan bosib olib, uylar qurib keladi. Lekin Tel-Aviv G‘arbiy sohilni o‘ziniki deb ochiq aytmasdi.

Xullas, Isroil Falastinning qolgan yerlarini ham egallashga kirishdi. Ishoning, Isroil bu ishi bilan yangi urushga poydevor qo‘ydi. Bunaqa bezbetlik, «Bu yerlarni bizga Xudo bergan», degan absurd iddao bilan birovning yerini egallab olish yangi 7 oktyabrlarga yo‘l ochadi xolos. Bu gaplarni eslab qoling.

Fransiya Falastinni tan oladi

Bilasizmi, hamma davlatlar ham Trampning Amerikasi yoki Netanyahuning Isroili kabi mulohazasiz ish ko‘rmaydi. Dunyoda Fransiyaga o‘xshagan tuzuk davlatlar ham bor. Faranglar lideri Makron Yaqin Sharqdagi bu oxiri yo‘q urushni faqat ikki millat uchun ikki davlat qurish orqaligina hal qilish mumkinligini aytdi. Makronga ko‘ra, Fransiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oladi. Parijning bu borada rasmiy pozitsiyasi sentabrdagi BMT bosh assambleyasida e’lon qilinadi.

Fransiya BMT Xavfsizlik kengashi besh doimiy a’zosidan biri ekani Falastinga chinakam davlat tuzish uchun umid beradi. Shu tariqa Fransiya katta yettilik davlatlari ichida Falastinni tan olgan ilk davlat bo‘ladi. Binyamin Netanyahu Makronning bu bayonotini «terrorchilikni rag‘batlantiruvchi harakat» deb atadi. AQSh davlat kotibi Rubioga ko‘ra, Fransiya Falastinni tan olishi Hamas targ‘ibotini kuchaytirarkan.

Kanada bosh vaziri Mark Karni ham mintaqadagi urushni tinchitish uchun ikki davlatli yechim eng to‘g‘ri yo‘l ekanini aytdi. Kanada lideri Hamasdan barcha asirlarni qo‘yib yuborishni, Isroildan G‘arbiy sohil hududiy yaxlitligini hurtmat qilishni talab etdi. Shuningdek, Britaniya parlamentining 220 deputati Kir Starmerni Falastin davlatini tan olishga chaqirdi. Avvalroq Starmer «Falastinni tan olish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lishini» aytgandi.

Ukrainada mojaroli qonun

Ukrainada hafta davomida Zelenskiy imzolagan qonunga qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Bu urush boshlanganidan buyon mamlakatda kuzatilgan ilk norozilik aksiyalari bo‘ldi. Gap shundaki, Zelenskiy Milliy aksilkorrupsiya byurosi va Maxsus aksilkorrupsiya prokuraturasini amalda mustaqillikdan mahrum qilib, o‘ziga bo‘ysundiradigan qonunni imzoladi. Qonun mazmuni va u parlamentda boshqa moddaga qo‘shilib imi-jimida o‘tkazib yuborilgani ukrainlarga yoqmadi. Yirik shaharlarda qonunga qarshi aksiyalar o‘tkazildi.

Zelenskiy namoyishlardan keyin Radaga boshqa, bu ikki organga mustaqillikni qaytaradigan qonun loyihasi taqdim etdi. Zelenskiy va SBUga ko‘ra, bu ikki organda Rossiya ta’siri mavjud bo‘lgan. Ukraina prezidenti qonunni imzolagach, bu ishni aynan «Rossiya ta’sirini yo‘qotish uchun» qilganini aytdi. Biroq Ukraina jamiyati qonunni juda yomon qarshiladi.

Rossiya – Ukraina muzokaralari

Donald Tramp Rossiyaga 50 kun muddat berganidan keyin Rossiya va Ukraina navbatdagi marta kelishishga urinib ko‘rdi. Turkiyada uchinchi raund muzokaralar o‘tkazildi. Lekin bu muzokara shunchalik nojiddiy ruhda o‘tdiki, unda hech qanday kelishuv bo‘lmadi. Ukraina tomoni asosan Zelenskiy va Putinning yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazishiga erishishga intildi. Biroq ruslar kutilganidek bu taklifni rad etishdi. Vaholanki Kreml avvalroq Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytgandi.

O‘zi Kreml hech kimning ko‘nglini qoldirmaydi, hammaga «Ha» deydi. Faqat ularning bayonoti ikki qismdan iborat bo‘ladi: biz falon ishni qilamiz, lekin falon, falon holatda... Va bayonotning ikkinchi qismida hech qachon bajarib bo‘lmaydigan mantiqsiz shart turgan bo‘ladi.

Rossiyada taqiqlar kuchaydi

Rossiya Ukraina bilan muzokaralarni istamay o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin, lekin mamlakat parlamenti har hafta nimanidir ko‘tarinkilik bilan taqiqlamoqda. Masalan, bir hafta ichida Rossiya parlamenti «an’anaviy qadriyatlarni kamsitadigan» filmlar namoyishini, «poyezd chiptalarini begona agregatorlarga sotishni» taqiqladi. Federatsiya kengashi internetda Rossiya qonunchiligi ekstrimal deb topgan ma’lumotni qidirish va VPNni reklama qilish uchun jarima belgilash to‘g‘risida qonunni ma’qulladi. Masalan, Rossiyada Aleksey Navalniy terrorchi deb topilgan. Agar siz rossiyalik bo‘lib Navalniy haqida ma’lumot qidirsangiz, jarima to‘lashingiz mumkin. Aytgancha, endi Rossiyada mobil aloqa raqamini boshqa kishiga berganlar uch yilgacha qamalishi ham mumkin.

Va eng muhimi, Rossiya millionlab ruslar foydalandigan WhatsApp messenerini bloklashi mumkin. Vladimir Vladimirovich kuzgacha xorijiy texnologik mahsulotlarga cheklov joriy etishga buyruq berdi. Dumada WhatsApp'ni Rossiya bozoridan chiqib ketishga tayyor turishga chaqirishdi. Rossiyada allaqachon WhatsApp'ning o‘rnini bosish uchun mahalliy Max messenjeri targ‘ib qilinmoqda.

Putin buyrug‘idagi «kuzgacha» degan joyi eng qizig‘i. Xuddi bizda «Ko‘prik qurilishi Mustaqillik bayramiga yoki Navro‘zga yakunlansin», deganday. Yoki ko‘pchiligingiz juda yaxshi ko‘radigan janob Putin kuzda yana biror reja tayyorlaganmikin? Buni endi kuzda bilib olamiz.

Tailand – Kamboja to‘qnashuvi

Hafta davomida Osiyoda yangi to‘qnashuv kuzatildi. Tailand va Kamboja chegarada otishib ketishdi. Tarixiy ibodatxona atrofidagi tortishuvli hudud yaqinida sodir bo‘lgan otishmada Tailand tomoni kamida 12 fuqarosi o‘lganini ma’lum qildi. Har ikki tomon urush boshlashda bir-birini aybladi. To‘qnashuv davomida ikki davlat ham og‘ir artilleriyadan foydalandi, aviazarbalar berildi.

«Ular nimani talashadi?», degan savolingizga qisqa javob beraman. Ana shu to‘qnashuv bo‘lgan yerda tairixiy buddaviylar ibodatxonasi bor. Har ikki davlat uni o‘ziniki deb yuz yildan beri talashadi. BMT tortishuvli ibodatxona kompleksi Kambojaga tegishli deb qaror bergan, lekin bu tortishuv tugashi uchun yetarli bo‘lmagan.

Aliyevning gaplari

Hafta davomida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya manziliga keskin chiqishlar qilishda davom etdi. Shushada o‘tgan media forumda ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning savoliga javob bergan Aliyev ukrainlarni «okkupatsiyaga rozi bo‘lmaslikka» chaqirdi. Shundog‘am Aliyevning ruslar o‘qqa tutgan samolyot atrofidagi achchiq gaplarini zo‘rg‘a qabul qilgan Rossiya propagandasi qardosh davlat liderining bu chiqishini hazm qilolmadi.

Voyenkorlar Rossiyani «Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga» chaqirdi. Ular orasida «Boku markaziga Oreshnik tashlashga» chorlaganlar ham bo‘ldi. Aliyev MDH liderlari orasida Ukraina Rossiya bosqinida yashayotganini tasdiqlagan birinchi siyosatchi bo‘ldi. Uning chiqishlari shundog‘am cho‘qqiqa chiqayotgan Rossiya – Ozarboyjon mojarosini yanada avj oldirdi.

YeI Xitoy bilan kelisha olmadi

Pekinda Yevropa Ittifoqi – Xitoy 25-sammiti o‘tkazildi. Bundan 50 yil avval hamkorlik boshlagan dunyoning ikkinchi va uchinchi iqtisodiyotlari o‘rtasida munosabat hozir eng yomon holatda deyish mumkin. Chunki Yevropa ittifoqi Ukrainani strategik ittifoqchi sifatida Rossiya bilan urushda qo‘llamoqda. Xitoy esa qadrdon do‘sti Rossiya tomonida.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen boshchilik delegatsiya Xitoyda Si Jinping bilan uchrashib, Pekinni urushni tugatish uchun Moskvaga bosim qilishga chaqirdi. Xitoy raisi esa bu iltimosga chiroyli qilib rad javobini berdi. Bundan tashqari, Yevropa liderlari Xitoy bilan savdo aylanmasidagi disbalans 305 milliard yevrodan oshgani bo‘yicha e’tirozlarini bildirishdi.

Xitoydagi uchrashuv sovuqqina o‘tdi deyish mumkin. Chunki aslida Yevropa Ittifoqi liderlari Chinda ikki kun bo‘lishi edi, biroq Pekin dasturni bir kungacha qisqartirib, yevropaliklarning biznes forumga rejalashtirgan tashrifini bekor qildi.

Bizda hozircha shular. Bu sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid