Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda avgust oyida qanday ob-havo bo‘lishi kutilmoqda?
Avgust oyi quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. Uchinchi o‘n kunlikda harorat kechalari asta-sekin +13…+18 darajagacha, kunduz kunlari +30…+35 darajagacha, janubda +36…+38 darajagacha pasayadi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda kelayotgan avgust oyida harorat foni pasaya boshlaydi, bu oy iyul kabi juda issiq bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududi bo‘yicha avgust oyining o‘rtacha oylik harorati iyul oyiga nisbatan 1,5–2,5 darajaga past bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, avgust hali ham juda issiq oy hisoblanadi.
Yilning ko‘p oylari singari, avgust oyi ham nisbatan iqlim o‘zgarishi ta’siri ostida bo‘ladi. 1991–2020 yillar va 1961–1990 yillar uchun avgust oyidagi o‘rtacha oylik haroratning farqi 1,2–1,5 darajani tashkil etadi.
2025 yilning avgust oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?
Avgust oyi quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning katta qismida harorat asosan kunduzi +34…+37 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +40…+41 darajagacha bo‘ladi. Bunday harorat yoz fasli uchun juda qulay bo‘lib, u avgust oyidagi o‘rtacha yillik qiymatlarga yaqindir. Kechalari harorat asosan +18…+23 daraja bo‘ladi.
Uchinchi o‘n kunlikda harorat kechalari asta-sekin +13…+18 darajagacha, kunduz kunlari +30…+35 darajagacha, janubda +36…+38 darajagacha pasayadi.
Avgust oyi asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda. Respublika hududining katta qismida oy davomida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli kam.
Yil bo‘yicha o‘zgarish tendensiyasini ko‘rsatish bilan o‘rtacha oylik harorat dinamikasi
O‘zgidromet ma’lumotida ta’kidlanishicha, meteorologik kuzatuvlarning barcha davri uchun 2021 yilning avgust oyi eng issiq, 1912 yilning avgust oyi esa eng sovuq bo‘lgan. Hududning katta qismida o‘rtacha maksimal harorat +35…+37 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +38…+40 darajani tashkil etadi.
Issiq ob-havoning eng yuqori cho‘qqisida, ayrim kunlarda havo harorati deyarli har yili +38, +39 darajaga, janubda va cho‘l hududlarda esa +41…+43 darajaga yetadi.
Kuzatuvlarning barcha yillari uchun avgust oylarining maksimal havo harorati mutlaq rekordi +41…+43 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +44…+48 darajani tashkil etadi.
Butun tarixiy davr uchun Toshkentda eng yuqori havo harorati +43,1 daraja (1944 yil) bo‘lgan edi.
O‘zbekiston hududining katta qismida avgust oyida havo harorati biror marta ham +40 darajadan ko‘tarilmagan, faqat janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda havo +41, +42 darajagacha isigan yillar ham kuzatilgan. So‘nggi 10 yil ichida bunday avgust oylari 2020 va 2022 yillarda qayd etilgan.
Odatda avgust oyi oxiriga borib, kuz fasli yaqinlashishi (nafasi) sezila boshlanadi. Salqin havo massalari kirib kelish holatlari ko‘payadi. Ayrim yillarda avgust oyida salqin havo kirib kelishi O‘zbekiston hududi bo‘yicha kunduzgi haroratni +25…+30 darajagacha, ba’zan esa undan ham pastroq +20…+25 darajagacha pasaytiradi (2020 va 2023 yillar).
Avgust oyida harorat +40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni iyul oyiga nisbatan sezilarli darajada kamayadi (2–3 marta).
O‘zbekistonda avgust oyi yilning eng quruq oyi deb hisoblanadi. Yomg‘ir juda kamdan kam hollarda, tekislik hududlarning katta qismida o‘rtacha 1 kundan 3 kungacha biroz yog‘adi va o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori 1–2 millimetrdan, Farg‘ona vodiysida 3–5 millimetrdan ko‘p bo‘lmaydi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda tez-tez yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori 12–15 mm ni, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent viloyatining baland tog‘larida esa 20–22 mm ni tashkil etadi.
Ushbu eng quruq oyda ham respublikaning ayrim hududlarida jadalligi biroz bo‘lgan jala yomg‘irlar qayd etiladi. Shunday qilib, 2020 yil avgust oyi oxirida O‘zbekistonning markaziy viloyatlarida bir kecha-kunduzda yog‘ingarchilik miqdori 10–34 millimetr bo‘lgan kuchli jala yomg‘ir yog‘ib o‘tgan edi. Shu kuni Toshkentda 17 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilgan (oylik me’yor 2 millimetr) – bu avgust oyida bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha mutlaq rekorddir, deyiladi O‘zgidromet xabarida.