Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qo‘lga tushgan» tizim: selektor voqeasi muammoga ko‘zgu tutdi
Selektorida o‘tirgan amaldor ish joyida ayol kishini quchoqlagan ko‘yi kameraga tushib qolgani turmoqni «portlatdi». Bu «qahramon» katta bir tumanda bo‘lim boshlig‘i ekan. Avvalroq xuddi shunday lavozimdagi boshqa bir mulozim o‘z xonasida giyohvand modda iste’mol qilgani aks etgan video tarqalgandi. Bugun shu haqida gaplashamiz. Yo‘q, xabarlar tafsilotiga to‘xtalmoqchi emasman, shaxsan mening kim kimni quchoqlashi-yu, nima chekishi bilan ishim yo‘q. Shu ikki epizod misolida byurokratik tizimdagi muammolarga to‘xtalamiz.

Byurokratik portfel
Oxirgi kunlarda yana biror vazirlik yoki qo‘mita tashkil etilmagan bo‘lsa, O‘zbekistonda 32 ta vazirlik va qo‘mita bor. Hali bu qisqartirilgani, avval bundan ham ko‘p edi. Taqqoslash uchun 1,5 milliardga yaqin odam yashaydigan Xitoydagi markaziy apparatda bosh vazir, uning to‘rt o‘rinbosari va besh nafar davlat maslahatchisini qo‘shib hisoblaganda, 32 kishi ishlaydi. 350 millionlik Amerika 15 ta vazirlik bilan qanday yashamoqda, hayronman.
Mayli, boshqa davlatlarni qo‘yaylik, aytmoqchi bo‘lganim – bizda hukumat byurokratik portfeli juda katta. Yuqoridagi 32 ta vazirlik va qo‘mitadan tashqari yana agentliklar, boshqa davlat tashkilotlari bor. Va ana shu barcha davlat tashkilotlarining viloyat, shahar va tumanlarda bo‘limlari! «Oblono», «rayono», «gorono».
Kuchishlatar tuzilmalarni byurokratik portfelga qo‘shmaymiz, ularning qiladigan ishi ko‘p. O‘zbekiston katta davlat: 37 milliondan ortiq odam yashaydi, organ xodimlarining ishi ko‘p, ularning davlatga og‘irligi tushmaydi. Lekin ko‘plab davlat tashkilotlari o‘zi nima ish bilan shug‘ullanyapti, degan savolni tez-tez o‘zimizga berishimiz kerak.
Masalan, bugun biz ushbu mazmunda rolik qilishimizga sabab bo‘lgan «zapal» Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tuman bo‘limida sodir bo‘lgan. Bu bo‘limda davlat ishchilari nima ish bilan band bo‘lishadi o‘zi? Savolni boshqacharoq beraman: qaysi biringiz bandlik boshqarmasi orqali ishga joylashgansiz? Bu lavozimdagi bir mulozim selektor vaqtida kamera qarshisizda ayol kishini quchoqlab turgani, boshqasi kabinetida nimanidir tutatib o‘tirganiga qaraganda, qiladigan ish ko‘pga ham o‘xshamaydi...
Hurmatli davlat ishchilari, biz xususiy sektor vakillaridan bu gapimiz uchun ranjimang, shaxsan men juda ko‘p vijdonli, professional, o‘z vazifasini chin dildan bajaradigan davlat xizmatchilarini bilaman. Ularning soliq to‘lovchilar hisobidan oladigan maoshlari ona sutiday halol. Issiqda soatlab chiroqsiz chorrahada qolib ketadigan YPX xodimi, yarim tunda shirin uyqusidan turib o‘t o‘chirishga yuguradigan FVVchilar, tirbandlikda amallab bemorni kasalxonaga yetkazadigan tez yordam haydovchisi otasining peshona terisiday halol rizq topmoqda, lekin juda ko‘p tashkilotlar nima ish bilan band o‘zi, degan savol faqat meni qiynasa kerak.
Kontrakti uchun velosipedda ovqat yetkazayotgan «dostavkachi», Korzinkadagi farroshlar, ming xil mijozning qosh-qovog‘iga qarashga majbur Yandex haydovchilari topadigan to‘rt so‘m pulidan qurtday qilib soliq to‘laydi. Va bu jamiyatni ushlab turadigan qahramon o‘rta sinf vakillari charchab uyga borganda, har zamonda bo‘lsa ham, shu to‘lagan solig‘im nimalarga sarflanarkin o‘zi deb o‘ylaydi. Soliqlar evaziga ochilgan davlat tashkilotida boyagindaqa ishlar bo‘lganini ko‘rsa, ranjiydi. Yo‘q, o‘rta sinf mennatkashi bu borada sizga e’tiroz qilmaydi, yoqangizdan olmaydi, bunga vaqti ham yo‘q, lekin uyga charchab borib shu haqda o‘ylaganida, yuradigan nimadir uziladi.
Azizlar, biz ajoyib yurtda yashaymiz. Mehnatkash odamlarimiz – bu yurtning eng katta boyligi. Har bir ishni qilayotganda mana shu mehnatkash o‘rta sinfning ovozini chiqarmay beradigan savollariga vijdon bilan javob bera olishni ham o‘ylash kerak... Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

10:42 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi

22:15 / 12.03.2025
Malibu'dan Tahoe'gacha – amaldorlarning “inomarka”lari qanday avtomobilga almashdi?

16:34 / 11.03.2025
Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda

13:45 / 07.01.2025