Sog‘lom hayot | 16:45 / 29.07.2025
15358
5 daqiqa o‘qiladi

“Ish qilishga kuchim yo‘q”: quvvatsizlik oddiy charchoqmi yoki jiddiy signal?

So‘nggi vaqtlarda siz ham o‘zingizni toliqqan, harakatlanishga kuch topa olmayotgandek his qilyapsizmi? Tongda uyg‘onib, kundalik ishlarni bajarish qiyinlashgan, qayta uxlash xohishi yuqori, tanada charchoq hissi bor – bu holatlarning barchasi energiya tanqisligi belgisi hisoblanadi va u organizm ichki muvozanati buzilganidan darak beradi.

Inson tanasi kuniga o‘rtacha 2000–2500 kilokaloriya energiya sarflaydi. Mazkur miqdor jismoniy harakat, yurak urishi, nafas olish, ichki organlar faoliyati, hatto fikrlash uchun ham zarur.

Energiya ehtiyoji to‘g‘ri va yetarli ovqatlanish hisobidan qoplanadi, biz iste’mol qiladigan oqsil, yog‘ va uglevodlar hazm bo‘lib, kilokaloriyaga (kkal) aylanadi. Shakarli mahsulotlar, tez tayyorlanadigan taomlar zavq ulashsa-da, uzoq muddatli quvvat manbai bo‘la olmaydi. Agar tanani kerakli miqdordagi oziq moddalar bilan ta’minlamasak, u o‘z "zaxirasi”dan, ya’ni yog‘ va mushaklardan foydalanishga majbur bo‘ladi. Buning natijasida holsizlik, diqqat tarqoqligi, bosh og‘rishi, ruhiy tushkunlik kabi belgilar yuzaga keladi.

Quvvatsizlikka, shuningdek, quyidagi omillar ham sabab bo‘ladi:

  • Uyqu sifatsizligi yoki yetishmasligi. chuqur uyqu paytida tanada tiklanish jarayonlari faollashadi: shikastlangan to‘qimalar yangilanadi, mushaklar dam oladi, immun tizimi mustahkamlanadi. Miya kunduzgi ma’lumotlarni saralab, esda qoladiganlarini uzoq muddatli xotiraga o‘tkazadi, bu jarayonlar faqat 6-8 soatlik kuchli uyqu bosqichida amalga oshadi. Shuningdek, uyqu paytida stressga javobgar kortizol va adrenalin gormonlarining darajasi pasayadi, bu ruhiy barqarorlikka yordam beradi.
  • Suv tanqisligi. Inson tanasining 60–70% i suvdan iborat. U qon aylanishi, hujayralar faoliyati, nafas olish, hazm, terlash kabi ko‘plab muhim jarayonlarda ishtirok etadi. Hujayralar suvsiz faol ishlay olmaydi, organizmda suv yetishmasa, hatto 1–2% suv yo‘qotilsa ham energiya pasayishi, charchoq, bosh og‘rig‘i va diqqatning susayishi kabi belgilar paydo bo‘ladi.
  • Harakatsizlik. Qancha oz harakat qilsangiz, shuncha ko‘p o‘zingizni charchagan his etasiz. Bu holat bir qarashda paradoksal tuyulishi mumkin. Jismoniy faollik past bo‘lsa, qon aylanishi sustlashadi. Natijada tananing turli a’zolari, ayniqsa, miya yetarli kislorod va ozuqa moddalari bilan ta’minlanmaydi. Bu esa uyquchanlik va horg‘inlik hissini keltirib chiqaradi.
  • Stress va ruhiy zo‘riqish. Doimiy xavotir, depressiv holat yoki ish bilan haddan tashqari ko‘p band bo‘lish adrenalin miqdorining ortiqcha ajralib, keyinchalik quvvatni “yeb” yuborishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni adrenalin boshida kuch, sergaklik ulashib, e’tiborni jamlashga yordam beradi, lekin u uzoq vaqt davomida ko‘p ajralsa, organizm ichki zaxirasini tez sarflab yuboradi. Natijada inson o‘zini holdan toygan, diqqatni jamlay olmayotgandek his qila boshlaydi.

Energiya yetishmasligi qanday belgilarda namoyon bo‘ladi?

Tananing kaloriya ehtiyoji to‘liq qoplanmasa yoki taomlanish sifatsiz bo‘lsa, organizm "favqulodda rejim"ga o‘tadi. Bu holatda quyidagi belgilar paydo bo‘lishi mumkin:

  • Holsizlik;
  • Uyquchanlik;
  • Bosh og‘rig‘i;
  • Ruhiy tushkunlik;
  • Immunitet pasayishi.

Qaysi hollarda shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar quvvatsizlik

  • bir haftadan ortiq davom etsa;
  • uyqudan keyin ham yo‘qolmasa;
  • jismoniy yoki ruhiy kuch sarflanmagan holatda kuzatilsa;
  • tana harorati, vazn yo‘qotish, soch to‘kilishi yoki yurak urishidagi o‘zgarishlar bilan birga kuzatilsa, bu holda terapevtga, keyin esa zaruratga qarab endokrinolog, nevropatolog yoki psixologga murojaat qilish tavsiya etiladi. Doimiy quvvatsizlik anemiya, qalqonsimon bez kasalliklari, yurak muammolarining belgisi bo‘lishi ham mumkin.

Quvvatsizlikni bartaraf etish uchun nima qilish mumkin?

  • Kundalik rejimga amal qiling: uyg‘onish va uxlash vaqtingizni barqarorlashtiring.
  • Ovqatlanish ratsionini boyiting: tolali mahsulotlar, meva-sabzavotlar, yog‘siz oqsillar quvvat manbaidir.
  • Suyuqlik ichishni odat qiling: har kuni kamida 1,5–2 litr suv ichish zarur.
  • Jismoniy faollikni oshiring: kundalik yengil mashqlar ham energiya almashinuvini yaxshilaydi.
  • Ruhiy dam oling: meditatsiya, tabiatda sayr, musiqiy terapiya yoki yaxshi suhbat charchoqni kamaytiradi.

Quvvatsizlik “uyqu kam” yoki “bugun kayfiyat yo‘q” degan bahona emas, bu – organizm sizga yuborayotgan muhim signal: tanangizni eshiting, unga dam bering, to‘g‘ri va sog‘lom oziqlantirishni o‘rganing.

Diyoraxon Nabijonova