Jahon | 17:11 / 30.07.2025
10550
9 daqiqa o‘qiladi

Sunami xavfi: Yaponiyada 2 mln kishi evakuatsiya qilinmoqda, Havayida suv sathi ko‘tarilmoqda

Kamchatka qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘lgan kuchli zilziladan so‘ng bir qancha mamlakatlarda sunami xavfi e’lon qilindi. Yaponiyada 2 millionga yaqin odam evakuatsiya qilish uchun tavsiyanoma oldi. Havayida ham aholini evakuatsiya qilishga chaqiriq bo‘lgandi, ammo bir necha soatdan keyin ularga uylariga qaytishga ruxsat berildi. Hozircha vayronagarchiliklar haqida xabarlar yo‘q, ammo sunami bir kundan ko‘proq davom etishi mumkin.

Foto: Social media / Reuters / Scanpix / LETA

30 iyul, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Uzoq Sharq sohillari yaqinida Rixter shkalasi bo‘yicha 8 balli zilzila sodir bo‘ldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatining Kamchatka bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1952 yildan beri eng kuchlisi bo‘lgan. AQSh Geologiya xizmati uni 8,8 ballga baholamoqda. Unga ko‘ra, zilzila Kamchatkaning sharqiy qirg‘og‘idan taxminan 136 kilometr uzoqlikda, 19,3 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Zilziladan keyin ko‘tarilgan to‘lqinlar natijasida Rossiyaning Severo-Kurilsk shahridagi port qisman suv ostida qoldi, deb xabar bergan Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Kamchatkada zilzila oqibatida o‘lka markazidagi bolalar bog‘chasi fasadining bir qismi qulab tushdi  jabrlanganlar yo‘q. Kamchatka o‘lkasi favqulodda vaziyatlar vaziri Sergey Lebedev Petropavlovsk-Kamchatskiyga sunami tahdidi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Yaponiya

Yaponiya, AQSh, Kanada va Tinch okeani bilan chegaradosh boshqa mamlakatlarda sunami xavfi e’lon qilindi.
Foto: YUICHI YAMAZAKI/AFP via Getty Images

Kamchatka qirg‘oqlari yaqinida ro‘y bergan zilziladan so‘ng darhol Yaponiyada sunami xavfi e’lon qilindi. Rasmiylar Tinch okeani sohilidagi 220 dan ortiq munitsipalitetda 2 millionga yaqin odam evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.

Fukusimadagi atom elektr stansiyasi xodimlari evakuatsiya qilindi. Operator-kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, stansiya faoliyatida hech qanday buzilish qayd etilmagan. 2011 yilda AESda yirik avariya sodir bo‘lgandi, buning sababi aynan kuchli zilzila va undan keyingi sunami edi.

Taxminan 30 sm balandlikdagi birinchi to‘lqinlar Hokkaydo oroli shimoli-sharqidagi port shahri Nemuroga yopirildi.

Tokioning Harumi qirg‘oq hududida balandligi 20 sm bo‘lgan to‘lqinlar qayd etildi.

Meteorologlar ogohlantirishicha, to‘lqinlar 3-4 metrgacha yetishi mumkin, ammo hozircha eng baland to‘lqinlar 1,3 metrdan oshmaydi.

«Biz sunami to‘lqinlari kamida bir sutka davomida baland bo‘lib qolishini kutyapmiz», – dedi Yaponiya meteorologiya agentligi vakili.

Mamlakat rasmiylari evakuatsiya qilingan aholi kun oxirigacha o‘z uylariga qayta olmasligi mumkinligini bildirgan.

Sohilbo‘yi hududlarida poyezdlar harakati to‘xtatilgan, Miyagi prefekturasidagi Senday aeroporti yopilgan.

Hokkaydo orolidagi Mukava shahridagi o‘t o‘chirish stansiyasi tomidagi odamlar. Foto: Kyodo via Reuters

Nissan kompaniyasi Kanagava va Ibaraki prefekturalaridagi zavodlar faoliyatini to‘xtatdi, do‘konlar, jumladan Seven-Eleven tarmog‘i sohildagi do‘konlarni vaqtincha yopdi, deb yozadi Mainichi.

Hokkaydoda bir ayol yengil jarohat olgan: u evakuatsiya vaqtida shoshilib yiqilgan. Uni kasalxonaga joylashtirishgan. Boshqa jabrlanganlar va vayronagarchiliklar haqida hozircha xabar yo‘q.

Asahi TV telekanali xabar berishicha, Mie prefekturasida 58 yoshli ayol halok bo‘lgan: uning mashinasi evakuatsiya vaqtida jarlikdan qulab tushgan. Rasmiylar qurbonlar haqida hozircha xabar bermagan.

1952 yilda Kamchatka qirg‘oqlarida 8,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lganida, Tinch okeani qirg‘oqlarida sunami to‘lqinlari 3 metrga yetgandi. O‘shanda 1200 ga yaqin uyni suv bosgan.

Fudzisava shahrida (Kanagava prefekturasi) politsiyachilar mahalliy aholini evakuatsiyaga chaqirmoqda.
Foto: YUICHI YAMAZAKI/AFP via Getty Images

Havayi va AQShning materik qismi

Havayida ham sunami xavfi e’lon qilindi. Sohilbo‘yi hududlari aholisiga hech bo‘lmaganda binolarning to‘rtinchi qavatiga ko‘tarilish yoki tepaliklarga chiqib ketish tavsiya etilgan.

Arxipelagning ikkinchi yirik oroli – Maui orolida tijorat portlari yopildi va aviareyslar bekor qilindi.

Miduey orollarida (Yaponiya va Havayi orollari orasidagi atoll) to‘lqinlar 1,8 metrga yetdi.

«Odamga uriladigan har qanday konstruksiya uni qulatishi mumkin. Bunday kuchli to‘lqinda odam osongina cho‘kib ketishi mumkin», – deya mahalliy aholini ogohlantirdi Havayi shtati gubernatori Josh Grin.

Evakuatsiya e’lon qilinishi tufayli Havayining eng yirik oroli – Katta orolda tirbandliklar yuzaga keldi, Honoluludagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa uzun navbatlar paydo bo‘ldi.

Evakuatsiyaga chorlovdan keyin Honoluludagi tirbandlik. Foto: Reuters 

Mauidagi to‘lqinlar balandligi 1,7 metrga yetdi.

«Suv ko‘tarilyapti. Bu dahshatli», – deydi BBC muxbiriga Maui shahrida yashovchi Felisha Jonson. U turmush o‘rtog‘i va ikkita iti bilan toqqa yo‘l olgan.

Jonson ikki yil avval Laxayna shahri o‘rmon yong‘inlaridan zarar ko‘rganini eslaydi.

«Biz buni allaqachon yong‘inlar bilan boshdan kechirganmiz, o‘shanda ogohlantirish bo‘lmagan va bu halokatli tajriba edi. Endi bizni oldindan ogohlantirishyapti, agar xavfsiz joyga ketmasak, bu o‘z aybimiz bo‘ladi», – deydi u.

Bir necha soat o‘tgach, rasmiylar sunami xavfini kamaytirdi va evakuatsiya qilingan aholiga uylariga qaytishga ruxsat berdi.

Tsunami haqidagi ogohlantirish AQShning materik qismida ham yangradi. Masalan, Kaliforniya shimolidagi Kreshent-Siti shahrida (aholisi taxminan 6 ming kishi) aholi plyajlar va suv yo‘llaridan nari ketishga chaqirildi.

To‘lqinlar allaqachon shtat qirg‘oqlariga yetib kelgan.

Boshqa mamlakatlar

Kolumbiyaning Tinch okeani sohillarida rasmiylar plyajlar va sohilbo‘yi hududlari aholisi evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.

Tinch okeanidagi orol davlatlar – Fiji, Samoa, Tonga, Mikroneziya, Solomon orollari hukumati mahalliy aholini qirg‘oq chizig‘idan uzoqroq turish va evakuatsiya yo‘llari bilan tanishish haqida ogohlantirdi, ammo hozircha ularni o‘z uylarini tark etishga chaqirmadi.

AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi Papua-Yangi Gvineya, Solomon orollari va Vanuatuda sunami xavfini e’lon qildi.

Kanadaning eng g‘arbiy provinsiyasi – Britaniya Kolumbiyasida aholini suvdan uzoqroq turishga chaqirishdi.

Indoneziya hukumati Papua orolida evakuatsiya e’lon qildi.

Xitoyning ayrim hududlarida, jumladan, Shanxayda ham sunami xavfi e’lon qilindi, biroq u allaqachon bekor qilingan.

Amerikaning sunamidan ogohlantirish markazi balandligi 3 metr va undan ortiq bo‘lgan to‘lqinlar Ekvador, Havayi arxipelagining shimoli-g‘arbiy orollari hamda Rossiyaga yetib borishi mumkinligini ta’kidlagan.

Chili, Kosta-Rika, Havayi, Yaponiya va Tinch okeani orollari qirg‘oqlarida 1-3 metr balandlikdagi to‘lqinlar kuzatilishi mumkin.

Sohillari Tinch okeani suvlari bilan yuvilib turadigan boshqa hududlarda ham to‘lqinlar bir metrgacha yetishi mumkin. Ular qatorida Avstraliya, Meksika, Kolumbiya, Yangi Zelandiya, Tonga va Tayvan kabilar bor.

Mavzuga oid