Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning maxsus vakili Netanyahu bilan uchrashdi. U G‘azoga ham bormoqchi
Isroilga ortayotgan xalqaro bosim fonida AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff Tel-Avivga keldi. U Netanyahu bilan “sulh muzokaralarini saqlab qolish va humanitar inqiroz“ni muhokama qildi. Uitkoff bugun G‘azoga ham borib, oziq-ovqat yetkazib berishni tezlashtirishga harakat qiladi.

Foto: Isroil bosh vaziri ofisi
31 iyul kuni Tel-Avivga kelgan AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashdi. Uitkoffning kelishidan biroz o‘tib, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday yozdi:
«G‘azodagi gumanitar inqirozni tugatishning eng tez yo‘li – HAMAS taslim bo‘lishi va garovdagilarni ozod qilishidir!!»
Reutersʼning yozishicha, u suhbatda G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarini saqlab qolish va Isroilning harbiy hujumi sabab yuzaga kelgan humanitar inqirozni hal etishga urindi.
Uitkoff G‘azodagi vayronagarchilik va yordamning cheklanishi sabab Isroilga tobora kuchayib borayotgan xalqaro bosim ostida kelgan. Xususan, shu kunlarda global ochlikni kuzatuvchi tashkilot G‘azo hududida ocharchilik boshlanganidan ogohlantirmoqda.
Uchrashuvdan so‘ng yuqori martabali isroillik rasmiysi «AQSh va Isroilda garovdagilarning hammasini ozod qilish, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish zarur» degan tushuncha shakllanayotganini aytgan.
Umuman olganda, Reuters manbasi Uitkoff va Netnayahu muzokaralari bo‘yicha rasmiy tafsilot bermagan, biroq Isroil va AQSh yordamni oshirish ustida hamkorlik qilishini, janglar esa davom etishini aytdi.
Oq uy ma’lum qilishicha, Uitkoff bugun, 1 avgust kuni G‘azoga borib oziq-ovqat yetkazib berishni tekshiradi va yordamni tezlashtirish bo‘yicha yakuniy rejani ishlab chiqadi.
«Maxsus elchi va [AQShning Isroildagi] elchi prezidentni darhol xabardor qiladi va oziq-ovqat va yordam tarqatish bo‘yicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun brifing o‘tkazadi», dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt.
Tramp payshanba kuni muxbirlar savoliga javob berar ekan, G‘azodagi vaziyatni «dahshatli narsa» deb atadi: «Ha, u yerda bo‘layotgan narsa dahshatli. Odamlar juda och qolgan», dedi. Shuningdek, AQShning ochlikni yumshatish uchun ajratayotgan moliyaviy yordamni ham eslatib o‘tdi. Respublikachi kongressmen Teylor Grin Isroilning hujumini genotsid deb atagan edi.
Isroilning hujumlari davom etmoqda
G‘azo tibbiyot rasmiylari aytishicha, payshanba kuni Isroil o‘q otishi oqibatida kamida 23 odam halok bo‘lgan. Shu jumladan, Netzarim yo‘lagida yordam olish uchun yig‘ilganlardan 12 kishi ham. Isroil armiyasi esa faqat ogohlantirish uchun o‘q uzilganini va qurbonlar aniqlanmaganini bildirdi.
Isroil hujumi boshlanganidan buyon ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikdan 156 kishi halok bo‘lgan, ularning ko‘pi so‘nggi haftalarda vafot etdi.
Kuchli va ochiq xalqaro bosim fonida Isroil yakshanba kuni G‘azoda harbiy amaliyotlarni kuniga 10 soat to‘xtatishini va oziq-ovqat va dori konvoylari uchun xavfsiz yo‘laklar belgilashini e’lon qildi. BMTning Humanitar ishlarga koordinatorlik idorasiga ko‘ra, dastlabki ikki kunda ko‘proq oziq-ovqat kiritishga erishilgan, biroq hajm «hali yetarli emas».
Bundan tashqari, G‘azo aholisi oziq-ovqat olishga harakat qilganda isroillik askarlar tomonidan xavf ostida qolmoqda. Urush boshlanganidan beri G‘azoda 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 150 mingga yaqin inson jarohatlangan.
Mavzuga oid

20:49 / 01.08.2025
Uitkoff uchun uyushtirilgan «sahna» - Tramp vakilining Isroil yordam markazlariga tashrifi G‘azodagi vaziyatni o‘zgartira oladimi?

09:59 / 31.07.2025
Kanada Falastinni tan oladi – Mark Karni

14:42 / 30.07.2025
Germaniya G‘azoga gumanitar yordam yetkazishni tashkil etishga yordam beradi

10:59 / 30.07.2025