Jahon | 09:45 / 02.08.2025
1458
2 daqiqa o‘qiladi

Putin sud qarorisiz rossiyaliklarning hisobraqamini bloklashga ruxsat berdi

Putin gumondorlarning hisoblari bo‘yicha operatsiyalarni sud qarorisiz 10 kungacha muzlatishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Belgilangan muddatdan keyin sud hisobni xatlovga olish masalasini ko‘rib chiqadi. Qonun 1 sentabrdan kuchga kiradi.

Foto: Alexander Ryumin/TASS/dpa/picture alliance

Vladimir Putin tergovchilar va surishtiruvchilarga sudgacha bo‘lgan ish yuritish doirasida gumonlanuvchilarning hisobvaraqlaridagi pul operatsiyalarini 10 kungacha muzlatib qo‘yishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Davlat dumasi 22 iyulda va Federatsiya kengashi 25 iyulda ma’qullagan hujjat Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritadi. Unga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchining hisobraqamlaridan jinoyat sodir etishda foydalanilgan deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, operatsiyalarni bloklashi mumkin bo‘ladi.

Qonunda nazarda tutilgan 10 kunlik muddat o‘tganidan keyin hisobraqamni xatlovga olish to‘g‘risidagi masala sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar blokirovkani davom ettirish uchun asoslar topilmasa, tergovchi o‘z qarorini bekor qilishi va bu haqda elektron pul mablag‘lari operatorini, ya’ni bankni xabardor qilishi kerak.

Shuningdek, qonun banklarga so‘rov olingan kundan boshlab uch kun ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga moliyaviy o‘tkazmalar bo‘yicha zarur ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Agar so‘rov elektron shaklda yuborilsa, u holda 24 soat ichida. Yangi qoidalar 1 sentabrdan kuchga kiradi.

Mavzuga oid