Sog‘lom hayot | 13:13
950
2 daqiqa o‘qiladi

Uyqudagi bezovtalik miyani shikastlab, aqliy zaiflashuv xavfini oshirishi aniqlandi

Brain jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, uyqu buzilishi demensiya yoki alsgeymer kasalligi boshlanayotganidan darak bo‘lishi mumkin. Ta’kidlanishicha, bedorlik, chuqur uxlay olmaslik, tez-tez uyg‘onib ketish tanadagi quvvat darajasini pasaytiribgina qolmasdan, miya hujayralarini ham zaiflashtiradi.

Nevrolog Endryu Lim boshchiligida Kanadadagi Sunnybrook sog‘liqni saqlash markazi olimlari tomonidan uyqu faoliyati bilan bog‘liq tadqiqot o‘tkazildi. Unda 600 nafardan ortiq keksalar ustida kuzatuv olib borildi.

Tadqiqot ishtirokchilari bir necha yillar davomida uxlash vaqtida boshlariga aqlli soatlarga o‘xshash maxsus qurilmalarni taqib yotdi. Gadjetlar orqali inson tanasining uyqudagi faoliyati qayd etib borildi. Respondentlar vafotidan so‘ng o‘z miyasini ko‘ngilli tarzda ilmiy tadqiqotda foydalanishga topshirdi. Bu esa olimlarga miya hujayralarini chuqur tahlil qilish imkonini berdi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, uyquda bezovta bo‘ladigan va tez-tez uyg‘onib ketadigan insonlarning miyasida peritsitlar deb ataluvchi muhim hujayralar miqdori sezilarli darajada kamayadi. Bu hujayralar bosh qismdagi eng kichik qon tomirlarni o‘rab turadi va miya qon oqimini nazorat qiladi. Shuningdek, ular qon bilan miya o‘rtasidagi moddalar almashinuvini ta’minlaydi.

Peritsitlar miqdori ozayganda qon aylanishi yomonlashadi, miya to‘qimalari yetarli oziqlanmaydi, bu esa xotira, diqqat, fikrlash kabi kognitiv funksiyalarni pasaytiradi

Ilgari olimlar demensiya yoki alsgeymer kasalligiga chalingan odamlar uxlay olmaydi, uyqusi buziladi, ya’ni uyqusizlik – kasallikning natijasi deb xulosa berar edi. Yangi tadqiqot esa mazkur xastaliklar uyqu buzilishi tufayli paydo bo‘lishi, yani uyqusizlik sabab ekanini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar uyqu sifatini yaxshilashni tavsiya etmoqda. Bu orqali faqatgina dam olish emas, miya salomatligini saqlash va demensiyaning oldini olish mumkinligi qayd etilgan.

Uxlaganimizda miya o‘zini tiklaydi. Bu jarayon buzilsa, uning faoliyati asta-sekin izdan chiqadi”, - deyiladi tadqiqot xulosasida.

Mavzuga oid