O‘zbekiston | 19:08 / 05.08.2025
7531
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati hokimiga 4 nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi

Narpay va Urgut tumanlari hokimlari viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi, shuningdek, muqaddam ikki bor ushbu viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan va so‘nggi yillarda Savdo-sanoat palatasi raisiga o‘rinbosarlik qilib kelgan Jamshid O‘roqov ham hokimiyatga qaytdi – u endi viloyat hokimi yordamchisi.

Bugun, 5 avgust kuni Samarqand viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimligi tuzilmasida tayinlovlar amalga oshirildi.

Hokimlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Sherbek Bo‘ronov Samarqand viloyati hokimining moliya – iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Sherbek Bo‘ronov

Mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lgan Sherbek Bo‘ronov avvalgi chaqiriqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati edi, 2024 yil iyulidan buyon Narpay tumani hokimi vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

U hokim o‘rinbosari lavozimida 2023 yil aprelidan buyon ishlagan Feruz Abilovning o‘rnini egalladi.

Navro‘z Rahmonov Samarqand viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tayinlandi.

Navro‘z Rahmonov

Rahmonov bungacha viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri edi.

U hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida 2019 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Akmal Shukurov o‘rnida ish boshladi.

Botir Jabborov Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi.

Botir Jabborov

Jabborov 2020 yildan buyon Urgut tumani hokimi lavozimida ishlab kelgandi.

Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev bugun Payariq tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Xurshidbek Samiyev viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Xurshidbek Samiyev

U ushbu lavozimda 2023 yil oktyabridan buyon ishlab kelgan Oybek Hamroyev o‘rnini egalladi.

Samiyev shu vaqtgacha O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

Shuningdek, bugun Jamshid O‘roqov Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasida ish boshladi.

Jamshid O‘roqov

O‘roqov 20092014 yillarda va 2019–2022 yillarda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2015–2017 yillarda Savdo-sanoat palatasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, 2017–2019 yillarda va 2022–2025 yillarda Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid