Jahon | 10:54
3131
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh maxsus vakili Uitkoff Moskvaga keldi

Trampning Putinga qo‘ygan ultimatum muddati tugashidan ikki kun oldin uning maxsus vakili Stiven Uitkoff Vnukovoga qo‘ndi va uni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI ) rahbari Kirill Dmitriyev kutib oldi. Avvalroq Tramp Uitkoffni Moskvada ko‘rishni istashlarini aytgandi.

Foto: kremlin.ru (arxiv)

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar olib borish uchun Moskvaga keldi. U Vnukovo aeroportiga qo‘ndi, deb xabar berdi Reuters 6 avgust, chorshanba kuni ertalab, shuningdek, TASS va RIA "Novosti" Rossiya davlat OAV manbalariga tayanib. Uitkoffni Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev kutib oldi.

Maxsus vakilning Rossiyaga tashrifi haqida avvalroq rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni tugatish choralarini ko‘rish uchun 10 kun muhlat bergan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Uitkoffni «ko‘rishni xohlaydi». «Ular uni uchrashuvga taklif qildi. Demak, nima bo‘lishini ko‘ramiz», — dedi Tramp. Ultimatum ikki kundan keyin tugaydi.

Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh torsa, nima bo‘ladi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: «Demak, sanksiyalar bo‘ladi. Lekin ular sanksiyalarni aylanib o‘tishga usta. Shunday qilib, nima bo‘lishini ko‘ramiz». AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalardan qochish uchun Moskva «odamlar o‘lishini to‘xtatish maqsadida bitim tuzishi» kerak. Hindiston va Pokiston, Kambodja va Tailand, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandani misol qilib keltirgan Tramp: «Biz ko‘plab mamlakatlarning urush olib borishini to‘xtatdik» dedi. «Biz bu urushni ham to‘xtatamiz va kimdir buni qilishi kerak», dedi respublikachi.

31 iyul kuni Tramp Uitkoffning Rossiyaga bo‘lajak tashrifi haqida ma’lum qildi, biroq u aniq sanalarni aytmadi. Uitkoff va Putin 11 fevral, 13 mart, 11 aprel va 25 aprel kunlari Rossiyada muzokaralar o‘tkazgan edi.

Mavzuga oid