Moliya | 21:29 / 07.08.2025
2225
4 daqiqa o‘qiladi

“Oyligim oshmayapti” - xodim va ish beruvchi orasidagi doimiy muammo

Foto: iStock

“Oyligimni oshirishmayapti!” – bu oddiy nolish emas, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasida tez-tez uchraydigan holat. Lekin buni faqat shikoyat yoki kutish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ushbu maqolada bu holatning sabablari va unga yechimlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Ko‘pchilik xodimlar bir joyda, uzoq yillar davomida, sodiqlik bilan ishlagan bo‘lsalar-da, oylik o‘zgarmayotganidan shikoyat qiladilar. Ish beruvchi esa ko‘p hollarda buni “daromadlar yetarli emas”, “xarajatlar katta”, “hozir vaqti emas” degan so‘zlar bilan izohlaydi. Bu esa ikki tomonlama tushunmovchilik, norozilik va ish samaradorligini tushishiga olib keladi.

Muammo ikki tomonlama vujudga kelishi mumkin:

Ish beruvchi tomonidan. U xodimning o‘z ustida ishlayotgani, bilim va ko‘nikmalarining oshgani, kompaniyaga qo‘shayotgan real qiymatini baholay olmasligi, ko‘rmasligi mumkin.

Ikkinchidan, xodimning sukuti yoki hisob-kitobning yo‘qligi. Xodim o‘z qadrini isbotlash, o‘zgarishlarni muloqot orqali yetkazish o‘rniga sukut saqlaydi yoki “bozordagi o‘rni”, ya’ni o‘sha sohadagi mehnat narxi haqida aniq ma’lumotga ega emas.

Umumiy olganda, oylikni oshirishning ikki yo‘li bor: “Ko‘proq” yoki “Yaxshiroq”.

“Ko‘proq” – ish hajmini oshirish. Bunda, xodim ko‘p ish qilgan sayin kompaniya daromadiga ko‘proq hissa qo‘shadi va o‘z-o‘zidan oyligi oshadi. Ish soatidan tashqari ishlash, dam olish kunlari ham ish bilan band bo‘lish oylikning yuqorilashuviga sabab bo‘lsa ham lekin, haddan tashqari yuklama sifat va sog‘liqqa zarar yetkazadi, ishga bo‘lgan ishtiyoqni pasaytiradi.

“Yaxshiroq” – sifatli, murakkab, noyob vazifalarni bajara olish. Bu ko‘proq ishlashdan ko‘ra afzalroq, chunki bunda hajm emas, qiymat muhim.

Xodim “yaxshiroq” ishlash orqali maoshini ko‘paytirishi uchun:

  • murakkab muammolarga yechim taklif qilishi;
  • hamkasblar va mijozlar bilan ijobiy munosabat o‘rnatishi, liderlik qilishi;
  • kompaniyaga real foyda keltiradigan loyihalarda qatnashishi;
  • KPI orqali natijalarini ko‘rsatishi mumkin.

Xodim yuqoridagi kabi “yaxshiroq” ishlayotgan bo‘lsa-da, maoshida o‘zgarish sezmasa, ish beruvchi bilan konstruktiv muloqotga kirishishi maqsadga muvofiq.

Yangi ko‘nikmalarni (dasturlash, dizayn, boshqaruv, til) egallash, sohaga oid yangiliklarni (tendensiyalar, metodikalar) o‘zlashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda professional faoliyat (portfolio, blog, loyiha taqdimoti) yuritish kabilar xodimning mehnat bozoridagi qiymatini oshiradi

Eslatma! Agar siz rivojlanayotgan bo‘lsangiz, lekin kompaniya bu o‘zgarishni e’tiborga olmayotgan bo‘lsa, rivojlanishingizni boshqa joyda baholashga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid