Jahon | 10:17
15985
7 daqiqa o‘qiladi

Putin Donbass evaziga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishini aytgan. Zelenskiy javob qaytardi

Ukraina rahbari Rossiya va AQSh o‘rtasida muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvi tomonlar o‘rtasida «hududlar almashinuvi»ni o‘z ichiga olishi mumkinligi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish shartlari qatorida Kiyevdan Donbassni Rossiyaga topshirishni talab qilgan, deb xabar berdi 8 avgust kuni The Wall Street Journal gazetasi Yevropa va Ukraina rasmiylariga tayanib.

Manbalarga ko‘ra, Putin agar Ukraina Donetsk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqsa, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga rozi bo‘lishini, shundan so‘ng front chizig‘i muzlatilishini aytgan. Keyin Putin Tramp bilan yakuniy tinchlik rejasini kelishib olmoqchi, bu reja keyinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muhokama qilinadi, degan rasmiylar.

Bu holda, deb yozadi WSJ, Rossiya Donetsk va Luhansk oblastlarini, shuningdek, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimorolini o‘z nazoratida qoldiradi. Putinning talabiga ko‘ra, Rossiya harbiy harakatlarni to‘xtatishdan tashqari hech qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi, deya ta’kidlagan nashr suhbatdoshlari.

Axios manbalari ham agar Ukraina hozirda asosan rus qo‘shinlari tomonidan egallab turilgan Luhansk va Donetsk oblastlarini, shuningdek, Qrimni topshiradigan bo‘lsa, Putin harbiy harakatlarni yakunlashga roziligini xabar qilgan.

Putin Xerson va Zaporijjya oblastlarida (bu hududlarning katta qismi 2022 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilgan) front chizig‘ini muzlatishga chaqirdi, dedi ismi oshkor etilmagan amerikalik mulozim. Shundan keyin Rossiya Ukraina bilan hududlarni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borib, yuqorida tilga olingan ikki regionni to‘liq nazoratga olmoqchi. Ukraina buning evaziga qanday hududga ega bo‘lishi noma’lum. WSJ matnidan Rossiya qo‘shinlari Sumi va Xarkiv oblastlaridagi pozitsiyalarini tark etishi aniq emas.

Putin o‘z shartlarini 6 avgust kuni Moskvadagi muzokaralar chog‘ida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffga yetkazgan. Uitkoff va Tramp Yevropadagi ittifoqchilar hamda Ukrainaga Rossiyaning talablari haqida so‘nggi kunlardagi bir necha telefon suhbatlarida ma’lum qilishgan.

Yevropa va Ukraina rasmiylari Putin bu taklifdan AQSh tomonidan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi sanksiyalar va bojlardan qochish hamda urushni davom ettirish uchun hiyla sifatida foydalanayotganidan xavotirda.

The Economist ma’lumotiga ko‘ra, Putin havoda va suvda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan. Bundan tashqari, nashr manbalariga ko‘ra, «kelishuvlarning kengroq to‘plami ustida ish olib borilmoqda, ular mojaroni muzlatish oxir-oqibat qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritishi kerak».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 avgust kuni ertalab qilgan videomurojaatida ukrainlar «o‘z yerlarini bosqinchiga bermoqchi emasligi»ni aytdi. U Ukraina hududiy masalasiga javob mamlakat Konstitutsiyasida yozilgan bo‘lib, u prezidentga hududiy o‘zgarishlarga ruxsat berishni taqiqlashini ta’kidlagan.

«Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi. Ukraina dunyo berishi mumkin bo‘lgan real yechimlarga tayyor. Bizga qarshi bo‘lgan har qanday qarorlar, Ukrainasiz bo‘lgan har qanday qarorlar – bu bir vaqtning o‘zida tinchlikka qarshi qarorlardir. Ular hech narsa berishmaydi. Bu o‘lik qarorlar, ular hech qachon ishlamaydi. Bizga esa odamlar hurmat qiladigan haqiqiy, chinakam tinchlik kerak.

Ukrainlar o‘zini himoya qilmoqda. Rossiya tomonda bo‘lganlar ham uning yomonlik qilayotganini bilishadi. Albatta, biz Rossiyani qilgan ishlari uchun mukofotlamaymiz», – dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u yevropalik hamkorlar va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi. Bu Kiyevning Rossiya va AQSh o‘rtasida muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvi loyihasi mojaro tomonlari o‘rtasida hududlar almashinuvini o‘z ichiga olishi mumkinligi haqidagi xabarlarga birinchi reaksiyasi bo‘ldi.

Oq uy «nozik diplomatik muzokaralarga hurmat tufayli» ommaviy axborot vositalarining taxminlariga izoh bermasligini ma’lum qildi. Kreml ham jurnalistlarning so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.

Keyinroq WSJ Ukraina va Yevropa AQSh hukumatiga o‘z tinchlik rejasini taqdim etganini xabar qildi. Unga ko‘ra, Rossiya va Ukraina boshqa choralar ko‘rishdan oldin o‘t ochishni to‘xtatishi kerak; ular o‘rtasida hududlarni almashish faqat o‘zaro asosda mumkin; agar Kiyev har qanday hududiy yon berishlarga borsa, Ukraina qat’iy xavfsizlik kafolatlarini oladi, jumladan, NATOga a’zo bo‘ladi. The Wall Street Journal ta’kidlaganidek, bu Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralarda hisobga olinishi kerak bo‘lgan qizil chiziqdir.

Vladimir Putin va Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada muzokaralar o‘tkazmoqchi. AQSh prezidenti shundan so‘ng Putin va Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishiga umid qilmoqda. Rossiya hozircha uch tomonlama uchrashuvga rozilik bergani yo‘q.

CBS News’ning Oq uydagi yuqori martabali manbasi Zelenskiy Alyaskadagi muzokaralarda «u yoki bu shaklda» ishtirok etishi ehtimoli yo‘q emasligini aytgan. Tramp AQSh Ukraina va Rossiya yetakchilari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv tashkil etish «imkoniyatiga egaman» deb o‘ylamoqda.

8 avgust kuni Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun bergan muddat yakunlandi. AQSh prezidenti Ukrainada harbiy harakatlar to‘xtatilmasa, Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan boj joriy qilishi mumkinligi bilan tahdid qilgandi. Hozircha Tramp faqat Hindiston uchun AQShga tovarlar importiga 50 foizlik bojlar joriy qildi.

Mavzuga oid