Sport | 12:58 / 09.01.2017
10204
6 daqiqa o‘qiladi

JCh ishtirokchilari soni oshishi O‘zbekiston MTJning imkoniyatlarini oshiradimi?

Taniqli sport jurnalisti Qahramon Aslanov FIFAda kutilayotgan jiddiy o‘zgarish haqidagi xabar tarqalishi ortidan tezkorlik bilan bu yangilikka munosabat bildirib chiqdi. Uning "Sal qolishiga sal qoladi" nomli maqolasi JCh-2026 ishtirokchilari soni oshishi O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundialga chiqish imkoniyatlariga qay darajada ta'sir ko‘rsatishi haqida.

2026 yildagi jahon chempionatida ishtirokchilar soni 48taga yetkazilib, Osiyoga 8.5 o‘rin berilar ekan. Bir qaraganda, yaxshi xabar. Bir paytlar hamkasblarim bilan shu mavzuda bahslashgandik. “Agar Osiyoga 5-6 o‘rin berilsa, aniq chiqamiz” degandi kimdir. Rostanam, mantiqanam, to‘g‘ridek. So‘nggi saralashda masalan kuchli 6 talikka kirdik, oxirgidan oldingi Osiyo chempionatida to‘rtlikda edik. Reytingda ham doim to‘rtinchi-beshinchi o‘rinlarda yuramiz.

Ammo, bilasizmi, men bunga ishonmayman. To‘rtinchi o‘rin uchun kurashib, beshinchi bo‘lish boshqa, oltinchi o‘rin uchun kurashib oltinchi bo‘lish boshqa.

Ikkinchisi qiyinroq. Ikkinchisi vazifa bajarilganligini anglatadi, vazifani bajarish esa doim maksimal mehnat talab qiladi. Hozirku, ba'zi Osiyo jamoalari uyquda, biz ko‘pincha, Xitoyni, Qatarni yengmoqdamiz. Lekin yo‘llanmalar soni oshsa, endi ular ham, JChga chiqish uchun Yaponiyani emas, O‘zbekistonni ortda qoldirish kifoya ekanini bilib qolishsa, kurash boshqacha bo‘ladi, ishonavering.

Oddiy misol, oxirgi saralash o‘yinlari. Ha, biz 14 ochko to‘pladik, ha biz so‘nggi turning so‘nggi daqiqalarigacha imkoniyatni saqlab turdik, pley-offda o‘ynadik. Ha. Ammo kurashdikmi? Yo‘q. Biz o‘ynadik xolos. Yutganimizda chiqardik, yutolmadik, chiqolmadik.

Esingizda bo‘lsa, taqvim bo‘yicha oxirgi turdagi Koreya – Eron uchrashuvi soat 17.00da, bizning Qatarga qarshi o‘yinimiz esa, soat 18.00da boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Ikki o‘yin bir biriga chambarchas bog‘liq, agar narigi o‘yinda Eron yutqazsa, biz Qatarni yutishimiz kerak. Uyoqda durang bo‘lsa, Qatarni 4 to‘p farqi bilan yutishimiz kerak. Agar Eron yutadigan bo‘lsa, Qatarga javobsiz 6 gol urishimiz shart. Ya'ni, har qanday holatda ham, narigi o‘yin natijasi bizga imkoniyat qoldirardi, hammasi o‘z qo‘limizda edi.

Eron kurashdi. FIFA ga xat yozib, har ikki uchrashuvning bir vaqtda o‘tkazishni so‘radi. Talab qilmadi, reglamentda yo‘q bunaqa narsa, talab qilolmasdi, so‘radi xolos. FIFA ham javoban bizga tavsiya qildi, so‘radi. Talab qilmadi, reglamentda yo‘q, majbur qilolmasdi, so‘radi xolos.

Yozning jaziramasi. Bunday iqlimda, soat beshda oltita gol urish tugul, o‘ynash ham oson emas. FIFAga mana shuni tushuntirish kifoya edi, Argentina bilan o‘rtoqlik o‘yinini kelishishdan birmuncha oson. Yo‘q. Rozi bo‘ldik.

Menga doim shu narsa alam qiladi. Ha, g‘olib maydonda sinaladi, to‘g‘ri. Xat yozmasdan yutmoqchiydik, halol yutmoqchiydik. Mard bo‘l, ot choptir yigitga xos, iye uzr, chalg‘ib ketdim, xullas, ikkinchi taymda Eronga o‘z maydonida 0:1 yutqazayotgan koreyslar Toshkentdagi hisob ham 0:1 ekani va endi o‘zbeklar 7 ta gol urish kerakligini bilgach, bir yuz o‘n foiz kuch bilan o‘ynaydimi? Agar birinchi taymda so‘ng 0:1 yutqazayotgan koreyslar, Toshkentda hali o‘yin boshlanmaganini, mabodo, Erondan yutqaziladigan bo‘lsa, bu yer Osiyo, O‘zbekiston Qatarga istagancha gol urib yuborishi mumkinligini xis qilganda, Eron bilan bir yuz o‘n foiz kuch bilan o‘ynarmidi? Ha, albatta.

Aytmoqchimanki, jahon chempionatiga chiqish uchun kurashish kerak. Kurashish, bir nima qilish deganda faqat murabbiy almashtirishni tushunadigan terma jamoa jahon chempionatiga chiqishga qodirmi?

So‘nggi Yevropa chempionatiga kutilmaganda, Islandiya, Uels, Avstriya, Shimoliy Irlandiya kabi terma jamoalar yo‘llanma olishdi. Sababi nima ekan? Rostan ham bu jamoalar so‘nggi yillarda kuchayib ketishdimi? Yo‘q, menimcha. Nazarimda, bunga sabab, Yevropa chempionati final bosqichiga chiqadigan yo‘llanmalar soni oshirilganidir.

Avvallari guruhda 1-2 ta yaqqol kuchli raqibga duch kelgan va yo‘llanmalar soni bundan ko‘p emasligini bilgan Shimoliy Irlandiya strategiyani yo‘llanma uchun kurash deb emas, shunchaki har bir o‘yinda munosib qatnashish, deb belgilardi. Bu safar hato uchinchi jamoada ham imkoniyat bo‘lishini bilgach, kurashib ko‘rmoqchi bo‘lishadi va kutilmaganda, natijalarda barqarorlik yuzaga keladi. Hatto Islandiya kabi jamoalar guruhda Niderlandiya, Turkiya kabi raqiblarni ortda qoldira olishdi.

Kim biladi, Jahon chempionatiga yo‘llanmalar sonininng oshishi Osiyodagi ba'zi jamoalarning o‘zgarishiga, biz uchun yanada xavfliroq raqibga aylanishlariga turtki berar. Bu jihat bizga turtki beradimi? Biz o‘zgaramizmi? Ishonishim qiyin.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid