Sport | 09:47 / 15.02.2017
8660
3 daqiqa o‘qiladi

Meyvezer vs Makgregor: jang bo‘ladimi?

Foto: EPA/MICHAEL NELSON

Amerikalik taniqli bokschi kichik Floyd Meyvezer aralash yo‘nalishlar bo‘yicha mutloq jangchilar chempionati (UFC) kamari sohibi irlandiyalik Konor Makgregor bilan jang o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolamoqchi ekani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida yozdi.

Dushanba kuni Irlandiyaning The Irish Sun nashri tomonlar shartnoma bandlari yuzasidan bir qarorga kelganini xabar berdi. ESPN jurnalisti Stiven Smit ham Meyvezer shartnomaga imzo chekmoqchi ekanini ma'lum qildi. Avvalroq Meyvezerning o‘zi irlandiyalikka jang uchun 15 million dollar taklif etgani, biroq u bu mablag‘dan ko‘ngli to‘lmay, uni rad etganini aytib o‘tgandi. Makgregor 100 million dollar talab qilgan.

"So‘nggi vaqtlarda OAVda mening bo‘lajak janglarim haqida bir qancha mish-mishlar paydo bo‘ldi. Shuni aytishim mumkinki, mening bo‘lajak janglarim borasida hech qanday shartnomalar imzolanmadi. Men faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng ajoyib vaqt o‘tkazmoqdaman hamda hayotdan lazzat olmoqdaman. Biroq, agarda qandaydir o‘zgarishlar yuz bersa, men ular haqida birinchi bo‘lib xabar qilaman", - deyiladi bokschining xabarida.

Meyvezer barcha davrlardagi eng ko‘p mablag‘ olgan bokschi hisoblanadi. U professional ringda 49 g‘alabani (26 nokaut) qo‘lga kiritgan bo‘lib, biron marta ham mag‘lub bo‘lmagan. U besh vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Meyvezer 2015 yilning 2 may kuni filippinlik Menni Pakyao bilan jang uchun boks tarixidagi rekord gonorar – 210 million dollarni oldi. 2015 yilning sentabrida o‘z faoliyatini yakunladi, biroq hozirda Makgregor bilan jang uchun uni qayta tiklamoqchi.

UFC rahbari Dana Uayt avvaliga Makgregor hamda Meyvezerga jang uchun 25 million dollardan taklif qildi, ammo rad javobini olgach, jangni o‘tkazishga qarshi chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jang Makgregor UFC bilan to‘rt bahs uchun bo‘lgan shartnomasini bajarmagunga qadar o‘tkazilmaydi.

28 yoshli Makgregor aralash yakkakurashlarda 23 jang o‘tkazib, 20 bora g‘alaba qozongan hamda uch mag‘lubiyatni qabul qilib olgan. U UFC chempioni nomini ilk bor 2015 yilda qo‘lga kiritgan. Irlandiyalik o‘tgan yilning 20 avgust kuni Neyt Dias bilan o‘tkazgan jangi uchun tashkilot tarixidagi rekord mablag‘ – taxminan 3 million dollar oldi.

Mavzuga oid