Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi belgilanadi

Foto: Flickr
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni (GAPPlar) tashish tartibini belgilaydi.
Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi organlari va bo‘linmalarining ekspertiza va tezkor-qidiruv faoliyatida, shuningdek Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida foydalaniladigan GAPPlarni tashishga tatbiq etilmaydi.
GAPPlardan iborat yuklarning yuk jo‘natuvchisi va yuk oluvchisi faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
GAPPlarni avtomobil, shuningdek qo‘l yuki sifatida havo va temir yo‘l transporti bilan tashish GAPPlarning xossalarini biladigan va ular bilan muomala qila oladigan yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi)ning vakili – mas'ul shaxsning majburiy kuzatuvida amalga oshiriladi.
Yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning qaroriga asosan GAPPlarni havo kemasining yuk-bagaj bo‘limlari va yuk temir yo‘l vagonlari bilan (qo‘l yuki sifatida emas) tashish mas'ul shaxs kuzatuvida amalga oshirilishi mumkin.
Yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning qaroriga asosan GAPPlarni tashish ushbu maqsadlarga maxsus ajratiladigan yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi) xodimlarining qo‘riqlovida amalga oshirilishi mumkin.
GAPPlarni kuzatish uchun mas'ul shaxs, shuningdek qo‘riqlash xodimlari, tashishni amalga oshiruvchi xodimlar, avtotransport vositalarning haydovchilari (avtomobil transportida tashishda) yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning buyrug‘i (farmoyishi) bilan tayinlanadi.
GAPPlarni tashishda yo‘lda bo‘lish vaqti 8 soatdan ortiqni tashkil etgan taqdirda ikki nafar GAPPlarni kuzatish uchun mas'ul shaxs, ikki nafar qo‘riqlash xodimi, shuningdek har bir avtotransport vositasiga ikki nafar haydovchi (avtomobil transportida tashishda) tayinlanadi.
GAPPlarni tashishda mas'ul shaxsning yonida yuk jo‘natuvchi yuridik shaxs rahbarining imzosi va uning muhri bilan tasdiqlangan tashilayotgan yuklarning tovar-transport yuk xati bo‘lishi kerak.
GAPPlarni tashish uchun mas'ul shaxs majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
qo‘riqlash va kuzatuvni amalga oshirayotgan xodimlarga, avtotransport vositalari haydovchilariga (avtomobil transportida tashishda) GAPPlarni ortish, tashish va tushirishda tashish qoidalari, yukning tavsifi hamda shaxsiy, jamoat va ekologik xavfsizlik choralari to‘g‘risida yo‘riqnoma berish;
yuk olinadigan joylarda GAPPlar to‘g‘ri qadoqlanganligini va ularning markirovkasini, tamg‘alarning butligini tashqi tomondan ko‘zdan kechirish va GAPPlarni qabul qilish;
GAPPlar ortilishini, mahkamlanishini va tushirilishini kuzatish;
GAPPlar jo‘natish joyidan yetkazish joyigacha kuzatib borilishini va qo‘riqlanishini ta'minlash, tashish yo‘nalishiga qat'iy rioya qilish;
GAPPlar jo‘natish joyidan yetkazish joyigacha tashish chog‘ida, shuningdek transport vositalarining to‘xtab turishi davomida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish;
qo‘riqlash va tashishni amalga oshiruvchi xodimlarning shaxsiy xavfsizligini, shuningdek jamoat, ekologik xavfsizlik va GAPPlarning butligini ta'minlash choralariga rioya qilinishi yuzasidan xatti-harakatlariga rahbarlik qilish;
belgilangan joyga kelgandan keyin GAPPlarni yukni oluvchiga topshirish.
GAPPlarni qo‘l yuki sifatida avtomobil transportining jamoat turlarida, metropolitenda, tramvayda, trolleybusda tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni avtomobil transportida tashish
GAPPlarning avtomobil transportida tashilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari hamda Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
GAPPlar avtomobil transportida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning tashishga litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar – tashuvchilar (yukni jo‘natuvchilar, yukni oluvchilar) tomonidan tashiladi.
Xavfli yuklar toifasiga kiritilgan prekursorlarni avtomobil transportida tashish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 16 fevraldagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tashish uchun mas'ul shaxs vazifalarini avtotransport vositasining haydovchisiga yuklash taqiqlanadi.
Avtotransport vositasi to‘xtaganda yoki to‘xtash joyida to‘xtash tormozi ishga tushirilishi, qiyalikda qo‘shimcha ravishda jilishga qarshi tirgak o‘rnatilishi kerak. Prekursorlarni tashishda haydovchilarning dam olish uchun aholi punktlarida to‘xtash taqiqlanadi.
Prekursorlarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositasi quyidagi soz instrumentlar va asbob-uskunalar bilan ta'minlanishi kerak:
avtotransport vositasini avariya yuz berganda ta'mirlash uchun qo‘l asboblari to‘plami;
yong‘inni o‘chirish uchun yong‘in o‘chirgichlar, belkurak va zarur miqdorda qum zaxirasi;
o‘lchami avtotransport vositasi tipiga va uning g‘ildiraklari diametriga muvofiq bo‘lgan yurib ketishdan saqlaydigan tirgak;
foydalanilganda prekursorlarning yonishini yuzaga keltirmaydigan tarzda konstruksiyalangan o‘chib-yonuvchi (yoki doimiy yonib turuvchi) zarg‘aldoq rangli chiroq bilan jihozlangan avtonom ta'minot manbali ikkita yoritgich. Sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinishi yaxshi bo‘lmaganda to‘xtab turganda, agar avtotransport vositasining chiroqlari nosoz bo‘lsa, yo‘lga zarg‘aldoq rangdagi chiroqlar o‘rnatilishi lozim: bittasi avtotransport vositasining old tarafida taxminan 10 metr uzoqlikda, ikkinchisi avtotransport vositasining orqa tarafida taxminan 10 metr uzoqlikda;
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori qutisi;
tashish uchun mas'ul shaxsning, avtotransport vositalari haydovchilarining, shuningdek tashishni amalga oshirayotgan xodimlar hamda qo‘riqlash xodimlarining xavfsizligini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan miqdorda yakka tartibdagi himoya vositalari va tashilayotgan prekursorlarni neytrallashtirish vositalari.
Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni havo transportida tashish
GAPPlarni havo transportida tashilishi O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalari “Xavfli yuklarni havo transportida tashish qoidalari” (O‘zR AQ-198) (ro‘yxat raqami 1721, 2007 yil 25 sentabr) hamda mazkur Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tashishga qabul qilish
GAPPlarni tashishga qabul qilish va tashish tashuvchi aviakompaniya tomonidan o‘rnatilgan qoidalar va standartlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Agar tashish uchun qabul qilinayotgan GAPPlar xavfli yuklar toifasiga kirsa, ularni tashish uchun qabul qilishda Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)ning xavfli yuklarni havoda xavfsiz tashish uchun texnik qo‘llanmalari inobatga olinishi lozim.
GAPPlar ham yo‘lovchi, ham yuk tashuvchi havo kemalarida tashilishi mumkin. GAPPlarni doimiy reyslarni bajaruvchi havo kemalarida tashish yuk tashiladigan idishlar uchun majburiy tarzda butun tashish yo‘nalishi bo‘ylab oldindan joyni band qilish (bronlashtirish) sharti bilan amalga oshirilishi kerak.
Xavfli yuklar toifasiga kiruvchi prekursorlarni yo‘lovchi tashuvchi havo kemalarida tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
GAPPlarni tashish uchun qabul qilishda ularni shartli ravishda qimmatbaho yuklar toifasiga (VAL) kiritish va bu toifadagi yuklarga taalluqli bo‘lgan tashish qoidalari va butligini ta'minlash reglamentini qo‘llash lozim. Agar tashish uchun qabul qilinayotgan GAPPlar xavfli yuklar toifasiga kirsa, unda bu toifadagi yuklama uchun belgilangan tashish qoidalarini ham qo‘llash lozim.
GAPPlarni tashish uchun qabul qilishda tashuvchi-aviakompaniya tomonidan GAPPlarni jo‘nash va yetkazish aeroportlarida ushlab turish va saqlab turish muddatini minimallashtirish, shuningdek NAPPlarni tashish uchun qabul qilishda
ularning butligini ta'minlash choralarini ko‘rish maqsadida yuk jo‘natuvchi bilan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi oldindan belgilanadi.
GAPPlar tashishga qabul qilinganligi haqidagi standart xabarlarda GAPPlarning yuk tushirishdagi aniq nomlanishi (kimyoviy formulasi)dan foydalaniladi.
Tashish hujjatlari, qadoqlash, markirovka
GAPPlarning qadog‘i ishonchli yopilishi, unda nuqson (shikast)lar bo‘lmasligi lozim.
GAPPlar shunday qadoqlangan bo‘lishi kerakki, aniq ko‘rinib turuvchi tashqi aralashuv izlarini qoldirmasdan ichidagilarni almashtirish yoki olib qo‘yish imkoni bermasligi lozim.
GAPPlarning har bir qadog‘i yukni jo‘natuvchi va tashuvchi tomonidan tamg‘alangan va tortilgan bo‘lishi, qayd etilgan og‘irlik hujjatlardagi og‘irlik bilan solishtirilgan va qadoqqa yopishtiriladigan yuk yorliqlarida ko‘rsatilgan bo‘lishi zarur.
GAPPlarning har bir qadog‘i ularda nuqsonlar yo‘qligi yuzasidan tekshirilgan bo‘lishi kerak. Qadoqda nuqsoni (shikasti) bo‘lgan GAPPlar tashish uchun qabul qilinmaydi.
GAPPlardan iborat transfer yukning qadoqlarida nuqsonlar aniqlanganida transfer punktida (ushbu yoki o‘zga yuk tashuvchining boshqa reysiga qayta yuklashda) yuk qayta tortib ko‘riladi, yukning qadog‘i shikastlanganligi to‘g‘risida 2 nusxada dalolatnoma tuziladi va zaruriyatga qarab yuk qayta qadoqlanadi va yangidan tamg‘alanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi GAPPlar bilan birga jo‘natiladigan hujjatlarga ilova qilinadi, ikkinchi nusxasi transfer aeroportda qoldiriladi.
GAPPlarni tashish uchun konteyner va qulflanadigan qutilardan foydalanilganda ular quyidagilarni ta'minlashi lozim:
GAPPlarni konteynerning tamg‘alangan qismidan aniq ko‘rinib turuvchi tashqi aralashuv izlarini qoldirmasdan yoki yuk tashuvchining tamg‘asini buzmasdan chiqarib olish va qaytarib qo‘yish imkonini istisno qilishi;
GAPPlarni joylashtirish uchun foydalaniladigan konteynerning butun maydoni nazorat tartibida ko‘zdan kechirish uchun qulay bo‘lishini, qulflanadigan quti va konteynerlarda GAPPlarning bir qismi yashirilishi mumkin bo‘lgan yashirin joylar bo‘lmasligi.
GAPPning tashish hujjatlarini rasmiylashtirishda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
avia yuk xati (nakladnoy)da yuk ichidagilarni “VAL” maxsus ishlov kodi, va zarur hollarda, “Nature and Quantity of Goods” (yukning tavsifi va xususiyati) ustunida xavfli yuklarni ishlov kodlari ko‘rsatilgan bo‘lishi;
yuk kuzatuv hujjatlarida kilogrammning yuzdan bir qismigacha aniqlik bilan o‘lchangan GAPPning haqiqiy og‘irligi hamda har bir qadoqning o‘lchamlari ko‘rsatilgan bo‘lishi;
“VAL” maxsus ishlov kodi, va zarur hollarda, xavfli yuklarni ishlov kodlari yuk manifestining “Nature of Goods” (yukning tavsifi) ustunida ko‘rsatilgan bo‘lishi;
yuk haqidagi ma'lumot standart blankka yoki NOTOS (Special Load Notification to Captain – maxsus yuk to‘g‘risida havo kemasi komandiriga xabarnoma)ga kiritilishi.
Tashishni tashkillashtirish
GAPPlarga jo‘natish, transfer qilish va yetkazish punktlarida qayta ishlov berish, ularni ortish va tushirishda haqiqiy qabul qilib olingan yukning miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar avia yuk xati (nakladnoy) va yuk manifestiga kiritilgan yozuvlar bilan solishtirilishi zarur.
GAPPlar tashuvchi javobgarligiga berish vaqtdan boshlab ruxsatsiz yaqinlashishdan himoyalangan bo‘lishi kerak. Agar GAPPlarni biror-bir sabablarga ko‘ra qo‘riqlanadigan hududda joylashtirish imkoni bo‘lmasa, ularning butligini ta'minlashning maxsus choralari ko‘rilishi lozim.
GAPPlarni jo‘natish (transfer qilish, yetkazish) aeroportlarida saqlashda maxsus jurnalda yozma ravishda quyidagi ma'lumotlar qayd qilinishi kerak:
har bir qadoqning tavsifi (o‘lchamlari, og‘irligi, boshqa farqlovchi xususiyatlari);
GAPPlar qo‘riqlanadigan hududga joylashtirilgan sanasi va vaqti, ushbu hududga yukni keltirgan va shu hududga kirishga ruxsati bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlar;
GAPPlar qo‘riqlanadigan hududdan olib ketilgan sanasi va vaqti hamda ushbu hududdan yukni olib ketgan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlar.
Har bir yozuv yukni jo‘natish (transfer qilish, yetkazish) aeroportining mansabdor shaxsi imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Jo‘natish jarayonida GAPPlar aeroportga havo kemasi uchishidan 3 soat oldin tamg‘alangan qadoqda keltirilishi va belgilangan tartibda tashuvchining vakolatli shaxslariga topshirilishi, tashuvchi tomonidan ajratilgan qo‘riqlash xizmati va aviatsiya xavfsizligi xizmati ishtirokida to‘planishi va havo kemasi bortiga ortilishi kerak.
GAPPlar yuk tashish uchun mas'ul shaxsning kuzatuvida tashilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi sifatida tashiladi hamda aviatsiya qoidalari bilan belgilangan uchish oldi tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Giyohvandlik vositalari va ularning analoglari havo kemasining yuk-bagaj bo‘limlarida tashilganda tashish uchun mas'ul shaxs yukning havo kemasiga yetkazilishini va undan olib ketilishini kuzatib turishi, yukni ortish va tushirish ishlarini nazorat qilishi, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari yuklagandan so‘ng yuk bo‘linmalari tamg‘alanganligini tekshirishga majbur.
Tashish uchun mas'ul shaxs yo‘lovchilar saloniga oxirgi navbatda, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari ortilganidan hamda barcha boshqa yo‘lovchilar salonga chiqib bo‘lganidan so‘ng kiradi.
GAPPlarni qo‘l yuki sifatida havo kemasining yo‘lovchilar salonida tashishda, GAPPlar, tashish uchun mas'ul shaxs va qo‘riqlash xodimlari havo kemasiga boshqa yo‘lovchilardan alohida yetkaziladi hamda yo‘lovchilar salonida ular uchun ajratilgan joylarga yo‘lovchilar kirishidan oldin yoki keyin joylashtiriladi.
Yuk yetib kelgandan so‘ng uni saqlash va berish
Yukni oluvchiga GAPPlar yetib kelganligi haqida xabar berish yuk uni yetkazish aeroportiga yetkazgan havo kemasidan tushirib olinganidan so‘ng 3 soat ichida amalga oshirilishi kerak.
Yuk tashuvchi GAPPlarni faqatgina avia yuk xati (nakladnoy)da ko‘rsatilgan yuk qabul qiluvchiga, yoxud u tomondan bunday vakolatlar yuklatilgan hamda avia yuk xati (nakladnoy)da ko‘rsatilgan shaxsga topshiradi.
GAPPlarning topshirilishi yukning butligini ta'minlash choralari ko‘rilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Tashuvchi GAPPlarni yuk xati (nakladnoy)da ko‘rsatilgan barcha shartlar bajarilgandan so‘ng qabul qiluvchiga beradi va yuk topshirilganligi faktini yuk qabul qiluvchining yuk avianakladnoyi nusxasida qabul qiluvchi imzosi bilan tasdiqlaydi, bular oxirgi tashuvchida yukni qabul qilinganligi to‘g‘risidagi tilxat va tashish shartnomasi bajarilganligini tasdiqlovchi dalil sifatida qoladi.
GAPPlarni huquqni muhofaza qilish organlarining talabiga ko‘ra yoki yukni oluvchi yo‘qligi sababli huquqni muhofaza qilish organlariga berish, GAPPlarni yukni oluvchiga topshirish hisoblanadi, bunda tashuvchi yukni jo‘natuvchiga yoki yukni oluvchiga GAPPlar bunday tarzda topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni hamda yukning bu turda topshirilishi asoslanganligini isbotlovchi hujjatlarni taqdim qiladi.
Agar yukni oluvchi GAPPlar O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yetkazish punktiga yetib kelganligi to‘g‘risidagi xabarnoma jo‘natilgandan so‘ng uni talab qilib olmasa, qabul qilishdan bosh torsa yoki qabul qila olmasa, tashuvchi yukni jo‘natuvchiga GAPPlarni yukni oluvchiga berish imkoni yo‘qligi haqida xabar berishi va yukni jo‘natuvchi tomonidan GAPPlar bo‘yicha bir bir qaror qabul qilguniga qadar ularni yukni jo‘natuvchi hisobidan saqlash uchun o‘zida qoldirishi zarur.
Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni temir yo‘l transportida tashish
GAPPlarni temir yo‘l transportida tashilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 apreldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari hamda 2011 yil 30 noyabrdagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va boshqa shaxslarni, qo‘l yukini, bagajni ko‘zdan kechirish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda mazkur Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
GAPPlarni temir yo‘l transportida tashishda quyidagi umumiy talablar belgilanadi:
GAPPlarni tashishga tayyorlash bo‘yicha;
GAPPlarni tashish uchun foydalaniladigan idish va qadoqlarning yaroqliligi bo‘yicha;
GAPPlarni tashishda nazoratni tashkil etish bo‘yicha.
GAPPlarni tashishga qo‘yiladigan talablar yukni jo‘natuvchi, yukni oluvchi, GAPPlarni tashish jarayonida qatnashuvchi temir yo‘l transporti xodimlari, tashish uchun mas'ul shaxs, shuningdek harakatlanuvchi yo‘lovchi va yuk vagonlarini, GAPPlarni tashishda foydalaniladigan konteynerlarni ishlab chiqarish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi, yukni jo‘natuvchi va yukni oluvchiga transport-ekspeditsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
GAPPlarni yuklash me'yorlari, ularni tashish uchun yo‘lovchi va yuk vagonlarning tipini tanlash, ushbu maqsadlarda ularning texnik va tijorat jihatdan yaroqliligini aniqlash, GAPPlarning vagonlarda mahkamlanishi temir yo‘l ustavi, yuklarni tashish qoidalari, yo‘lovchi va yuk tashish qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Tashishga qabul qilish, tashishni tashkil qilish
GAPPlar tashish uchun taqdim etilishi faqat umumiy foydalanish joylaridan tashqarida amalga oshiriladi, umumiy hamda umumiy bo‘lmagan foydalanish joylarida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan kichik va konteynerli jo‘natmalar bundan mustasno.
GAPPlarni, bu turdagi yuklarni yuklash va tushirish uchun tegishli jihozlar va moslamalarga ega bo‘lmagan umumiy hamda umumiy bo‘lmagan foydalanish joylarida ortish taqiqlanadi.
GAPPlarni tashish ham yo‘lovchi, hamda yuk vagonlarida amalga oshirilishi mumkin. Doimiy reyslar bajaradigan temir yo‘l transportida GAPPlarni tashish butun yo‘nalish bo‘yicha tashilayotgan yuklar uchun joylarni oldindan majburiy bronlashtirish sharti bilan amalga oshiriladi.
“Netto” og‘irligi (yukning sof og‘irligi) 1 kilogrammdan, lekin hajmi 1 litrdan ortiq bo‘lmagan kichik qadoqlardagi GAPPlarni tashish yuklarni tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuk jo‘natuvchi tomonidan GAPPlar tashishga faqatgina yuklarni tashish qoidalarida belgilangan jo‘natish turlari bilan, ushbu mahsulot uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan texnik hujjatlarda belgilangan idish va qadoqlarda taqdim etilishi lozim.
Xavfli yuklar toifasiga kiritilgan prekursorlarni yo‘lovchi poyezdlarda tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Psixotrop moddalar va prekursorlar yuk vagonlarida tashilganda tashish uchun mas'ul shaxs yukning vagonga yetkazilishini va undan olib ketilishini kuzatib turishi, yukni ortish va tushirish ishlarini nazorat qilishi, psixotrop moddalar va prekursorlar yuklagandan so‘ng yuk bo‘linmalari tamg‘alanganligini tekshirishga majbur.
Tashish uchun mas'ul shaxs yo‘lovchi vagoniga oxirgi navbatda, psixotrop moddalar va prekursorlar ortilganidan hamda barcha boshqa yo‘lovchilar salonga chiqib bo‘lganidan so‘ng kiradi.
Giyohvandlik vositalari va ularning analoglari qo‘l yuki sifatida yo‘lovchi vagonida tashilganda tashish uchun mas'ul shaxs poyezd jo‘nashidan kamida 2 soat oldin stansiya (vokzal) boshlig‘i huzuriga yetib kelishga va qo‘l yuki sifatida tashiladigan yukni taqdim etishga majbur.
Stansiya (vokzal) boshlig‘i yuk qadoqning tashqi holatini va zarur bo‘lganda yukning “brutto” (yukning idishi bilan umumiy) og‘irligini tekshirishi shart.
Tashish uchun mas'ul shaxsni poyezdga o‘tkazish xuddi shunday yukni olib o‘tayotgan boshqa yo‘lovchi bo‘lmagan taqdirda navbatsiz amalga oshiriladi.
Tashish uchun mas'ul shaxsning poyezdga o‘tkazilganligi to‘g‘risida stansiya (vokzal) boshlig‘i poyezd boshlig‘i (brigadiri)ni xabardor qilishga hamda bu haqda bildirgi va yo‘l qatnovida belgi qo‘yishga majbur.
Giyohvandlik vositalari va ularning analoglarini qo‘l yuki sifatida yo‘lovchi vagonida tashishda tashish uchun mas'ul shaxs va qo‘riqlash xodimlariga alohida kupe ajratilishi lozim, bunda kupedagi barcha joylar to‘langan va yo‘l hujjati (bilet)da kupedagi barcha joylar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Bunda giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, tashish uchun mas'ul shaxs va qo‘riqlash xodimlari yo‘lovchi poyezdiga boshqa yo‘lovchilardan alohida yetkaziladi hamda ular uchun ajratilgan kupega yo‘lovchilar kirishidan oldin yoki keyin joylashtiriladi.
Yo‘lovchi poyezdlarida GAPPlarni tashishda qo‘l yuki sifatida bir nafar yo‘lovchi uchun o‘rnatilgan qo‘l yuki normalarida belgilangan miqdordagi GAPPlarning tashilishiga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 12 avgustdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati naryadlari tomonidan qo‘riqlanishi va kuzatib borilishi kerak bo‘lgan yuklar ro‘yxatiga kiritilgan GAPPlarni tashishda ular majburiy tartibda yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi) hisobidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining harbiylashtirilgan qo‘riqlovi bilan ta'minlanadi.
GAPPlar yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi)ning qo‘riqlash xodimlari qo‘riqlovida tashilganda, ushbu xodimlar yukni qo‘riqlash majburiyatlaridan faqatgina yukning kelgusida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati qo‘riqlovi ostida temir yo‘l bo‘ylab tashilishi uchun topshirilgan vaqtdan boshlab ozod bo‘lishlari mumkin.
Prekursorlarni yuk poyezdi bilan tashishda favqulodda vaziyatlar (avariya, yong‘in, portlash, tabiiy ofat, va h.k.) yuzaga kelganda yoki prekursorlarning sizib chiqayotganligi aniqlanganda, poyezd mashinisti yoki uning yordamchisi bu haqda tegishli choralar ko‘rilishi uchun darhol eng yaqin stansiya navbatchisini xabardor qilishga majbur.
Bunday xabarni olgan stansiya boshlig‘i transportda xavfsizlikni ta'minlash ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda darhol hodisani va uning oqibatlarini birlamchi bartaraf etish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yukni qo‘riqlash, yukni oluvchini xabardor qilish, shuningdek voqea joyiga hodisa va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun avariya-qutqaruv brigadalari yetib kelish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishini tashkillashtirishi lozim.
Ortish va tushirishga bo‘lgan talablar
GAPPlarni ortish va tushirish temir yo‘l ustavi, yuklarni tashish qoidalari va boshqa normativ texnik hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Yukni jo‘natuvchi ushbu mahsulot uchun belgilangan standart me'yorlari yoki texnik shartlaridan oshmagan holda GAPPlarni vagonlarga va konteynerlarga yuklashi shart.
GAPPlarni vagonlar va konteynerlarda, shuningdek ochiq harakatlanuvchi sostavdagi maxsus konteynerlarda joylashtirish va mahkamlash yuklarni yuklash va mahkamlash texnik shartlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Yuklarni vagonlar va konteynerlarda mahkamlash uchun foydalaniladigan material tashilayotgan GAPPlarga nisbatan inert bo‘lishi kerak.
Yakuniy qoidalar
Tashish davomida GAPPlarning yo‘qotilishi yoki talon-toroj qilinishi aniqlanganda yoki ular joylashtirilgan idishlar va qadoqlarda ruxsatsiz aralashuv izlari topilganda, tashish uchun mas'ul shaxs:
havo va temir yo‘l transporti bilan tashishda – eng yaqin stansiya navbatchisini (qo‘nish aeroporti dispetcherini), yukni oluvchini xabardor qilish va insidentni rasmiy qayd etish yuzasidan hodisa haqida darhol poyezd boshlig‘i (brigadiri)ga (havo kemasining ekipaji a'zosiga) yetkazishi;
avtomobil transporti bilan tashishda – hodisa haqida darhol eng yaqin ichki ishlar organi (posti) va yukni oluvchiga yetkazishi;
yukni qidirib topish va hodisa joyining daxlsizligini ta'minlash choralarini ko‘rishi lozim.
Mavzuga oid

08:28 / 01.06.2025
Tojikistondan 16 kg giyohvandlik vositasi olib kelgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

22:43 / 20.05.2025
DXX Qozog‘istondan olib kirilgan 1 mln dollarlik sintetik giyohvandlik vositalarini aniqladi

15:20 / 05.03.2025
O‘zbekistonda anderrayting faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

20:02 / 27.12.2024