Jahon | 14:20 / 05.02.2020
79209
6 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus birinchisi emas: tarixdagi dahshatli epidemiyalar

Foto: China Daily via REUTERS

Insoniyat yaralibdiki, turli-tuman dardlar bilan kurashib keladi. Ayniqsa yuqumli kasalliklar odamzotga bot-bot qiron keltirgan. Biz hozir vahimaga tushayotgan koronavirus ikki oyda 500ga yaqin bemorning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bundan yuz yil oldin «ispanka» deb nom olgan gripp qisqa muddatda 100 mln. kishining yostig‘ini quritgan edi. Qiyoslash uchun, bu o‘sha davrda sayyoramiz aholisining 5 foizi, bugungi kun hisob-kitobi bilan 400 mln.ga yaqin odam qirilib ketishi bilan teng.

Tarixning biror yili yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalishisiz o‘tmagan. Faqat emlash va vaksinalar davriga kelibgina insoniyat bu kasalliklar qarshisida mutlaq ojizlikdan qutildi. E'tiboringizga odamzod qirg‘inlariga sabab bo‘lgan eng dahshatli pandemiyalar haqida ma'lumotlar taqdim qilamiz.

Ma'lumot uchun: biror epidemiyaning qit'alararo ko‘lamda tarqalishi pandemiya deb ataladi.

Qora o‘lat

Bu kasallik miloddan avval Rim va Yunoniston imperiyalarini ham zir qaqshatgan. Ammo 1346-1353 yillarda juda shiddat bilan kechgani holda XIX asrga qadar ham tarqalishdan to‘xtamagan. Ana shu 7 yil oralig‘ida Yevropada o‘nlab million inson nobud bo‘lgani qayd qilingan. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘hna qit'a o‘z aholisining 30-60 foizidan ayrilgan. Bu o‘z davridagi barcha urushlardagi talofatlardan ham ancha ko‘p edi.

Tibbiyot rivojlanmagani, diniy va bid'at amallardan najot izlangani, qashshoqlik kabi omillar dahshatli qirg‘inga sabab bo‘ladi. Chorasizlikdan nafaqat kasallikdan o‘lganlarning jasadlari, balki hali joni uzilmagan, lekin o‘lishi muqarrar bo‘lgan bemorlar ham olov qa'riga otiladi. Buni bugungi kun nuqtayi nazarida shafqatsizlik deya baholash, yovvoyilikka yo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘z davrida faqat olovgina oxirgi nuqtani qo‘ya olgan.

Poliomiyelit

Xalqimiz tilida shol kasalligi deb ataladigan bu mudhish dard ham asrlarki insoniyatni qiynab kelmoqda va hanuz samarali davosi topilmagan. Odamzod emlash uslubi orqaligina poliomiyelitni jilovlay oldi.

Ammo o‘rta asrlarda shol kasalligiga chalinishi ayanchli o‘limni anglatardi. Sababi, sanitar-gigiyenik me'yorlarga amal qilinmas, to‘g‘rirog‘i ular umuman yo‘q darajada edi. Kasallikning murakkabligi birdaniga o‘lim kuzatilmay, inson uzoq muddat majruhlikdan ham azob chekishida edi.

O‘tmish shafqatsiz odatlar bilan ham yodda qolgan. Millionlab go‘daklar bu azoblarni boshdan kechirib azoblanmasin, degan o‘ziga xos «ezgu» maqsad bilan yo tiriklay ko‘milgan, yoki shunchaki joni uzilgunga qadar qarovsiz qoldirilgan.

Vabo

Bu kasallik shu qadar ko‘hnaki, miloddan avval yashagan Gippokrat ham u haqda mufassal yozib qoldirgan. Ammo 1816 yilda boshlangan pandemiya ko‘pchilikning umriga zomin bo‘lgan. Hindistonning Ganga daryosi qirg‘oqlarida boshlangan bu epidemiya shiddat bilan yer yuziga tarqaldi. Bunga jazirama issiq, suvning o‘ta ifloslanishi, odamlarning haddan ziyod to‘planishi va daryoda cho‘milishi sabab bo‘lgan.

Shu o‘rinda, bunday omillar bir nuqtada jamlanishi sabablariga ham to‘xtalsak. Ma'lumki, Ganga daryosi Hindistonda azaldan muqaddas hisoblanadi. Kumbxa Mela marosimida esa bu yerga millionlab odamlar yig‘ilib, poklanish amalini bajarishadi. 2007 yilda Ollohobodda kechgan shunday marosimga 70 mln. kishi tashrif buyurgan va odamlarning biror sabab bilan ommaviy to‘planishi bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatilgan. Ayrim yillarda yuzlab odamlar tiqinlar qurboni bo‘lishadi.

Umuman olganda, insoniyat shu paytga qadar vaboning yettita pandemiyasini boshdan kechirgan va ularning har birida millionlarning joni uzilgan. Raqamlar keskin farqlanadi. Ammo 1850 yildagi pandemiyada Rossiyaning o‘zidan milliondan ortiq kishi nobud bo‘lgani aytiladi. Birgina 1860 yildayoq dunyo bo‘ylab vabodan 40 milliondan ortiq odam qirilib ketgan.  

«Ispanka»

Grippning bu turi «ispanka» nomini olishiga ikki sabab bor. Birinchidan, asosiy o‘chog‘i shu davlat bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan, birinchi jahon urushi ketayotgan davrda Ispaniya neytrallik maqomini saqlab qolgan va tabiiyki, ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lib, bu kasallik to‘g‘risida ro‘y-rost yozishgan. Qolgan qator davlatlar kasallik shiddat bilan tarqalayotganiga qaramay, buni yashirishga uringanlar va qattiq adashganlar.

Aynan «ispanka» eng katta pandemiyaga sabab bo‘lgan va dahshatli qirg‘in keltirgan. 1918-1919 yillar oralig‘i (bor-yo‘g‘i 18 oy) davomida kechgan bu kasallik bilan umumiy hisobda 550 mln kishi, yoki sayyora aholisining 29,5 foizi kasallangan.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 mln.ga yaqin odam nobud bo‘lgan va bu insoniyatning 5 foizi bir kasallikdan 1,5 yil ichida qirilib bitganini anglatadi. Bugungi kun hisobicha, bu salkam 400 mln. kishi – Yevropa aholisining yarmi yoki AQSh va Kanada fuqarolarining barchasi nobud bo‘lishi bilan barobar bo‘lardi. Qiyoslashga o‘rin yo‘q albatta, ammo biz koronavirus tufayli 500 kishi o‘limidan xavotirga tushmoqdamiz.

Odamzod qiziq, OITS, sil, bezgak kabi kasalliklarni yengish uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflash bilan birgalikda, zamonaviy biologik qurollar yaratish maqsadida ham milliardlarni ayamaydi. Inson borki viruslarga qarshi ayovsiz kurash davom etaveradi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid