Jahon | 15:14 / 10.02.2020
51036
6 daqiqa o‘qiladi

Ovqatlanmasdan, suv ichmasdan, zarurat uchun to‘xtamasdan: Shifokorlar koronavirus epidemiyasi paytida qanday ishlamoqda?

Yangi koronavirus bilan og‘rigan bemorlar soni ortib bormoqda, ammo Xitoy kasalxona va klinikalarida u bilan qanday sharoitlarda kurashilayotgani haqida ma'lumotlar juda kam. 

Shifokor himoya ko‘zoynagini taqmoqda Foto: AFP

Epidemiya boshlanishida Xitoy matbuoti sodir bo‘layotgan voqealar haqida nisbatan erkin va batafsil yoza olardi. Ammo endi hukumatning virus paydo bo‘lishiga munosabatini tanqid qilgan mualliflarning materiallarini internetdan olib tashlash boshlandi. Ma'murlar epidemiya tarqalishi boshlangan vaqtda yangi virus haqida ogohlantirgan va o‘tgan hafta Uxandagi bemorlardan virus yuqtirib olganidan so‘ng vafot etgan doktor Li Venlyanni jim qilishga urinishgan.

Bi-bi-si muxbirlari Xubey provinsiyasida kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi San'yan shahri shifoxonasi hamshirasi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lishdi. U ismini to‘liq aytmaslikni va intervyuda faqat Yao familiyasi qoldirilishini so‘ragan. 

Yao «harorat klinikasi»da ishlashini aytgan. U yerda yangi koronavirus mavjudligini tekshirish uchun qon tahlili o‘tkaziladi.

Kasallik boshlanishidan oldin Yao oy taqvimi bo‘yicha yangi yilni qarindoshlari bilan o‘tkazish uchun Guangjou provinsiyasiga borishni rejalashtirgan edi. Uning bolasi va onasi avvalroq ketishdi, ammo Yao epidemiya boshlangandan so‘ng ko‘ngilli sifatida San'yan shifoxonalaridan birida qolishga qaror qildi.

«Ha, biz hayotga bir marta kelamiz, lekin men aniq bir ovozni eshitdim: «Sen qolishing kerak», - deb eslaydi Yao. 

Dastlab u qarori to‘g‘riligiga shubhalangan. «Men o‘z-o‘zimga dedim: hamma narsaga tayyor tur va ehtiyot choralarini ko‘r. Agar himoya kiyimlari bo‘lmasa, men ustki kiyimdan foydalanishim mumkin. Agar himoya niqobi topilmay qolsa, butun Xitoy bo‘ylab tarqalgan do‘stlarimdan ularni pochta orqali yuborishlarini so‘rashim mumkin edi. Har qanday holatda ham chiqish yo‘lini topish mumkin».

Yaoning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona yaxshi jihozlarga ega bo‘lgani uni quvontirgan. Ularning bir qismi rasmiylar tomonidan yuborilgan bo‘lsa, qolganlari xususiy kompaniyalar tomonidan taqdim qilingan. Ammo shifoxonada hali ham himoyaviy kiyimlar va niqoblar tanqisligi mavjud va shuning tibbiyot xodimlarining hammasi ham yaxshi himoyalangan deb bo‘lmaydi. 

«Bu juda og‘ir ish. Buni amalga oshirish tushkunlikka sabab bo‘ladi va ruhiy jihatdan og‘ir. Ammo aksariyat vaqtlarda o‘z xavfsizligimiz haqida o‘ylashga vaqtimiz bo‘lmaydi», — deb qo‘shimcha qildi Yao. 

«Biz bemorlarga nisbatan g‘amxo‘r munosabatda bo‘lishimiz kerak, chunki bizga kelganlarning aksariyati juda qo‘rqib qolgan, ba'zilari asabiy tushkunlik arafasida», — dedi Yao Bi-bi-si bilan suhbatda.

Bemorlar soni ortishi sababli shifokorlar kuniga 10 soat ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Yaoning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt davomida ular na ovqat yeyishadi, na suv ichishadi, hatto hojatxonaga borish yoki ozgina tin olishning imkoni bo‘lmay qoladi. 

Foto: BigPicture
Foto: BigPicture

«Ish vaqti tugashi bilan himoya kostyumlarimizni yechganimizda, barcha kiyimlarimiz terlab ho‘l bo‘lganini sezamiz. Yuz, peshona, burun va bo‘yinda chuqur izlar qoladi, chunki himoya niqoblari teriga juda yaqin yopishadi. Ba'zida tirnalishlar ham kuzatiladi, — deydi hamshira — Mening ko‘p hamkasblarim smenadan keyin stulda o‘tirib uxlashadi, uyga qaytgani juda charchashgan».

Foto: BigPicture

Ammo shunga qaramay, Yaoning barcha hamkasblari va o‘zi ham infeksiya yuqtirmaslikka muvaffaq bo‘lishdi. Kasalxona xodimlariga oddiy odamlarning internet orqali samimiy, minnatdor xatlari va xabarlari ham yordam beradi. Hatto ba'zilar kasalxonaga oziq-ovqat va boshqa zarur narsalar yuborishadi. 

«Menimcha, bu virus barchamizni birlashtirdi — vaholanki odamlar o‘z uylarida ham karantinda o‘tirishibdi», —  dedi Yao.

Yaoning aytishicha, umuman olganda, Xitoy hukumati epidemiyaga tez munosabat bildirgan va dunyodagi hech bir mamlakat bu bilan tenglasha olmaydi. 

«G‘arbda inson erkinligi va huquqlari haqida ko‘p gapiriladi, ammo hozir bizda gap hayot va o‘lim haqida ketmoqda», — deb davom etadi u. — Savol shundaki, biz ertangi kunni ko‘ramizmi? Odamlar hokimiyat va tibbiyot xodimlariga yordam berishlari kerak xolos».

Mavzuga oid