O‘zbekistonda barcha ommaviy ibodatlar vaqtinchalik to‘xtatildi - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Karantin davrida barcha diniy tashkilotlarda, jumladan masjidlarda, cherkov va ibodatxonalar, diniy ta'lim muassasalari, madrasalar, seminariya va monastirlarda to‘liq dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.
16 mart kunidan O‘zbekistondagi barcha diniy konfessiyalarda ham o‘rnatilgan tartibda ommaviy ibodatlar, marosimlar vaqtinchalik to‘xtatildi. Shuningdek, ularga qarashli diniy ta'lim muassasalarining talaba-o‘quvchilari ham ta'tilga chiqarilgan.
«16 mart kunidan e'tiboran respublikamizda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha karantin e'lon qilindi. Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha diniy tashkilotlarda diniy marosimlarni vaqtincha o‘tkazmaslik bo‘yicha iltimos bilan murojaat etilgandi.
Ana shu ko‘rsatmaga binoan, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va boshqa 15ta diniy konfessiyalarga keng aholi qatlamlarining jamoat joylarida yig‘ilishining oldini olish maqsadida ommaviy diniy tadbirlar va boshqa marosimlar o‘tkazilishini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha tavsiya xati yuborildi.
Zudlik bilan diniy idorada Ulamolar kengashi yig‘ilishi chaqirildi. Ushbu masala Ulamolar kengashi a'zolari tomonidan o‘rganildi va Musulmonlar idorasining maxsus fatvosi ishlab chiqildi.
Internetda e'lon qilingan mazkur fatvoga ko‘ra 16 martdan sanitar-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash maqsadida joriy etilgan karantin jarayonida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tizimidagi diniy tashkilotlar, ta'lim muassasalari va ziyoratgohlar obektlarida ommaviy tarzda o‘tkaziladigan marosimlar, ibodatlar va shu kabi tadbirlar vaqtinchalik cheklandi. Jumladan, masjidlarda kunlik jamoat namozlari, juma namozlari hamda janoza namozini ado etish vaqtinchalik to‘xtatildi.
Yurtdoshlarimizga barcha diniy ibodatlarni o‘z uylarida amalga oshirishi tavsiya etildi. Shuningdek, diniy ta'lim muassasalarida talabalar, o‘quvchilar va tinglovchilarga ham ta'til e'lon qilindi.
O‘z navbatida, boshqa diniy konfessiyalarda ham o‘rnatilgan tartibda ommaviy ibodatlar va marosimlar vaqtincha to‘xtatildi. Shuningdek, ularga qarashli diniy ta'lim muassasalarining seminariya va monastir talaba-o‘quvchilari ham ta'tilga chiqadi.
Karantin davrida barcha diniy tashkilotlarda, jumladan, masjidlarda, cherkov va ibodatxonalar, diniy ta'lim muassasalari, madrasalar, seminariy va monastirlarda to‘liq dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi», degan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili.
- 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinishning ilk holati qayd etildi. Ayni vaqtda virus yuqtirgan o‘zbekistonliklar soni 6 nafarni tashkil qilmoqda.
- 15 mart kuni bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida hukumat mamlakatdagi barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat bilan chiqqani xabar qilingandi.
Mavzuga oid

23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi

00:12 / 05.05.2025
Ispaniyada farzandlarini to‘rt yil uydan chiqarmagan ota-ona hibsga olindi

22:29 / 21.04.2025
Haj va Umra yagona portali ishlab chiqiladi

18:55 / 24.08.2024