Issiq urishmi yoki koronavirus: Yaponiyada issiq havo shifokorlarni ikkilantirmoqda

Foto: AP/Eugene Hoshiko
Yaponiyada anomal issiq havo saqlanib qolmoqda. Kyodo axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, tibbiy xodimlar issiq urishi va koronavirus alomatlari o‘xshashligi ularning ishini murakkablashtirayotganini ta'kidlashmoqda.
17 avgustda esa Yaponiyaning markaziy qismida joylashgan Xamamatsu shahrida havo harorati 41,1 darajagacha ko‘tarilib, 2018 yilda qayd qilingan rekord ko‘rsatkichga yetgan.
“Shunday holatlar bo‘ladiki, bemorda yuqori harorat bo‘lganda, issiqdan jabr ko‘rganlar bilan koronavirusga chalinganlarni farqlay olmaymiz. Chunki yuqori harorat bu vaziyatlarda umumiy simptomdir”, deb aytgan Teykyo universiteti shifoxonasi xodimi Yasufumi Miyake.
Uning aytishicha, shifoxonaga issiqdan jabr ko‘rgan yangi bemor yetkazilganda, xodimlar uning koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligini istisno qila olishmaydi. Bu esa tibbiy xodimlar ishini ancha murakkablashtirmoqda. “Bunday holatda tibbiyot tizimi haddan ziyod yuklanishi xavfi mavjud”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.
Ayni vaqtda bunday issiq haroratda tibbiy niqoblar taqish zaruriyati borasida bahs bormoqda, chunki niqoblar issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Yaponiyaning tabiiy ofatlar va yong‘inlarga qarshi kurashish agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada 10 avgustdan 16 avgustgacha shifoxonalarga issiqdan zarar ko‘rgan 12804 kishi yetkazilgan. Bu ko‘rsatkich bir hafta oldingidan deyarli 2 marta ko‘proqni tashkil qilgan.
Umuman olganda, Yaponiyada iyun boshidan beri 48 ming kishi issiq urish sababli shifoxonaga tushgan. Jumladan, issiq havodan 93 kishi vafot etgan. Vafot etganlardan aksariyatini 70 yoshdan kattalar tashkil qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, joriy yilda Yaponiyada issiq havo uzoq davom etayotgan yomg‘irlar mavsumi sababli og‘ir o‘tkazilmoqda. Yaponiyada issiq havo odatda yomg‘irlar mavsumidan keyin iyul o‘rtalarida o‘rnatiladi. Biroq joriy yilda iyul oyi Yaponiyada bulutli bo‘lgan va mamlakatda rekord darajada yog‘ingarchilik tushgan.
2019 yilda Kunchiqar mamlakatda issiq havodan 126 kishi halok bo‘lgan, 70 mingdan ko‘proq kishi jabrlangan.
Mavzuga oid

10:11 / 22.06.2025
Yaponiyada qurol o‘rniga o‘tkir ziravorlardan foydalangan o‘g‘rilar ushlandi

22:13 / 20.06.2025
Yaponiyalik bokschi chempionlik unvoni uchun jangdan so‘ng xotirasini yo‘qotdi

11:09 / 14.06.2025
Yaponiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

15:57 / 12.06.2025