O‘zbekiston | 09:46 / 18.07.2021
10302
6 daqiqa o‘qiladi

Shirindagi achchiq va badbo‘y manzara hamda javobsiz qolgan murojaatlar

Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi Farhod mahallasi Bobur ko‘chasi aholisi kanalizatsiya tarmog‘i ishlamayotganidan aziyat chekmoqda. Aholi besh oydan beri chiqindi hidiga chidab yashab kelmoqda. Kanalizatsiyadan oqova suvlari ularning hovlisiga ham toshib chiqqan.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Farhod mahallasida bo‘ldi, aholi vakillari kanalizatsiya quvuri 2017 yildan beri ishlamay qolganini ma'lum qildi.

Joriy yilning fevral oyidan boshlab chiqindi ko‘chaning qatnov qismiga, fuqarolarning xonadonlariga ham toshib chiqishni boshlagan. Issiq kunlar kelganida qo‘lansa hiddan ochiq havoda o‘tirib bo‘lmay qolgan.

Hududda joylashgan 2-maktab o‘quvchilari ham aynan shu ko‘chadan o‘tadi. Sanitariyaga zid holat ularning sog‘ligiga xavf tug‘dirishi mumkin. Odamlar esa turli kasalliklar paydo bo‘lishi mumkinligidan ham xavfsiramoqda.

 G‘anisher Anorqulov

«Taxminan uch yillar avval oqova suvlar uchta xonadon hovlisida to‘lib qola boshlagandi. Shu yilning fevralidan boshlab esa quduqlardan toshib chiqishni boshladi. Fevral-mart oylarida Shirin shahar suvoqova tashkilotiga borib murojaat qildim va ariza yozdim. Lekin hech qanday ish qurolisiz shunchaki ko‘rib ketishdi. Keyin yana qayta murojaat qildim. Ular esa kelib, ushbu chiqindi suvlarini maktab hududiga chiqarib tashlash bilan cheklanishdi.

Keyinchalik may oyida ham murojaat qildim. Ulardan «xohlagan ishingizni qilavering, biz hech narsa qila olmaymiz», degan javobni oldim», deydi G‘anisher Anorqulov.

Odamlar natija bo‘lavermaganidan so‘ng, viloyat hokimi va prezidentning Shirin shahar xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Lekin hozirga qadar ushbu muammo hal etilmay qolib ketavergan.

 Zulayxo Kenjayeva

«Obod ishlar birinchi navbatda tozalikdan boshlanadi. 2017 yildan beri kanalizatsiya muammosi bo‘yicha murojaat qilamiz. Avvaliga mahallamiz 2018 yilda, keyin 2019 yilda «Obod mahalla» davlat dasturiga kiritiladi, degan javobni berishdi.

2020 yilda kelishdi, ammo oqova suvlari quvurlarini ta'mirlamay turib, yo‘lni asfaltlab ketishdi. Shirin shahar suvoqova tashkilotiga murojaat qilganimizda, biz aralasha olmaymiz, deb javob berishdi. Bu yerda kechqurun hovlida ham, ko‘chada ham o‘tirib bo‘lmaydi. Biz ham toza havodan nafas olsak, deymiz», deydi Zulayho Kenjayeva.

Hududda bu muammodan eng ko‘p aziyat chekayotganlar orasida Abror Isoqov ham bor. U oilasi bilan 4 sotixli hovlida istiqomat qiladi. Hozirda uning ham xonadoni kanalizatsiya tarmog‘idan uzilib qolgan. Chiqindilar quvurdan toshib hovlisiga chiqib ketadi. Har oyda 200 ming so‘m to‘lab, maxsus mashinalar orqali tozalatib boradi.

Abror Isoqov

Fuqarolar tomonidan bu kabi holatlar ularni charchatgani, muammolari hozirga qadar hal etilmayotgani, mutasaddi tashkilotlar tomonidan hech qanday ish olib borilmayotgani ma'lum qilingach, vaziyat bo‘yicha mazkur mahalla raisi O‘rozali Boboqulov bilan suhbatlashdik.

O‘rozali Boboqulov. Shirin shahar «Farhod» MFY raisi

O‘rozali Boboqulov mahallada ish boshlaganiga bir oy bo‘lgani, Bobur ko‘chasida kanalizatsiya muammosi borligi va bundan xabardorligini aytdi. Shirin shahar suvoqova korxonasi va prezidentning xalq qabulxonasiga murojaat qilganliklarini, hozirda javobini kutayotganligini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, ushbu muammo qachon hal bo‘lishini bilmasligini hamda muammoning yechimi yuqori lavozimli rahbarlarga bog‘liqligini, bundan ortiq gapira olmasligini bildirdi.

Fuqarolarni qiynab kelayotgan muammoning yechimi yuzasidan «Suvta'minot» tashkiloti Shirin shahar bo‘limi rahbari Nuriddin Qurbonov bilan ham bog‘landik. 

Nuriddin Qurbonov

«Oqova suv tarmoqlari bir necha yil avval qurib bitkazilgan. Hozirda yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan. To‘g‘ri, bu holat bo‘yicha fuqarolar bizga murojaat qilishgan. Imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda ishlaganmiz. Shirin shahrida 15 km oqova suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 40 foiz ish bajarilgan. Bir oy muddatda ushbu mahallaga ham yetib kelib, avgust oyi oxiriga qadar Bobur ko‘chasida ham kanalizatsiya tarmoqlari yangilanadi», dedi Nuriddin Qurbonov.

Maqolani tayyorlash jarayonida Shirin shahar hokimligi tomonidan yuborilgan xabarga ko‘ra, hozirda Farhod mahallasining Bobur ko‘chasida tozalash ishlari olib borilib, chiqindi suvlaridan tozalangan. Avgust oyi oxiriga qadar oqova suv tarmoqlari yangilanishi va'da qilinmoqda.

Aholi vakillarining bildirishicha, ular toshqindan ayniqsa yog‘in-sochinli kunlari qattiq aziyat chekishadi. Yomg‘ir suvlari oqova suvlarga qo‘shilib, quduqlarni yanada toshiradi. Yozda toshqin ro‘y bermasa-da, yig‘ilib qolgan suvlarning hididan aziyat chekishadi. Bu qo‘lansa hidga pashsha va chivin ko‘payishini ham qo‘shing endi.

Odamlar hozir g‘animat bo‘lib turgan ochiq havoli issiq kunlarda hech ish qilinmayotganidan o‘z xavotirlarini bildirishdi. Chunki hademay kuz keladi, keyin qish, buyog‘i bahorgacha yog‘in-sochinli kunlar boshlanadi. Yana ularning bir tashvishi o‘n tashvishga aylanadi.

Qiziq, mutasaddilar buni his qilishyaptimikan? Berilgan va'dalar bajariladimi? Kun.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid