Sport | 18:17 / 25.10.2021
16128
3 daqiqa o‘qiladi

«Niderlandiyada bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi». Piter Hyuistra Jizzaxdagi maydon holati va hakamlikni tanqid qildi

Superliga 23-turi doirasidagi «So‘g‘diyona» - «Paxtakor» (1:0) uchrashuvidan keyin mehmonlarning niderlandiyalik bosh murabbiyi Piter Hyuistra Superligadagi maydonlarning holati, hakamlarning xatosi va ularning o‘yinlarga qanday tayinlanishi haqida achchiq gaplarni gapirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Bugungi o‘yinda menga yoqmagan ikki jihat bor. Adashmasam, ikki tur oldin shu hakam Qo‘qondagi o‘yinni («Qo‘qon-1912» - «Paxtakor» 4:2) boshqarib borgandi. Uch tur ichida ikkinchi marta bir hakamning «Paxtakor»ning safardagi o‘yiniga tayinlanganini tushunmayapman.

Ikkinchi jihat, bu Jizzaxdagi juda yomon ahvoldagi maydon. Bu shunchaki yomon emas, juda va juda yomon maydon! O‘xshatish qo‘polroqdir, ammo Niderlandiyada bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Muxlislar peshqadamlar o‘rtasida chiroyli futbol ko‘rmadik, deb e'tiroz bildirishi mumkin. Ammo avval maydonga qarash kerak. Bunday maydonda sifatli o‘yin ko‘rsatib bo‘lmaydi. Maydon yaxshi bo‘lmasa, hech qachon sifatli o‘yin va o‘sish bo‘lmaydi. Maydonlar Superliga yuzi hisoblanadi. O‘tgan mavsum maydonlar holati yaxshiroq edi.

Aytaylik, «Turon» klubining maydoni ajoyib, barcha sharoitlar bor. Ammo bu klub nega ko‘p ochko ololmayapti bilasizmi? Chunki ular safar o‘yinlarida yomon maydonda o‘ynashadi. 

Superligada oldinda yana uchta o‘yinimiz bor. Chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘ldik va endi yoshlarga ko‘proq imkoniyat beramiz. 

Hakamlik? Umumiy daraja yomon emas. Ammo hozir VAR bor, negadir hamma o‘yinda ham bu ishtilmaydi. Bugungi o‘yinda VAR bo‘lganida hujumchimiz Matichning goli hisobga olinardi. VAR yo‘qligi uchun bosh hakam tomoshabinlarning ta'siriga tushib qoldi, mezbon futbolchilari maydonga yiqilsa muxlislar ta'siri ostida jarima to‘plarini berdi.

Motivatsiya? Chempionlikka erishgan bo‘lsak-da, jamoamdagi futbolchilar shunchaki futbolni sevishadi. Shuning o‘zi motivatsiya.

«So‘g‘diyona»ni bu yil mag‘lub eta olmagan bo‘lsak-da, ular bizdan kuchli deb o‘ylamayman. Musobaqa jadvali buni aytib turibdi, futbolda bir raqibni ikki marta ham mag‘lub eta olmaslik uchrab turadi. Hali kubokda ularga qarshi yana to‘qnash kelishimiz mumkin. O‘shanda kuchli ekanligimizni ko‘rsatarmiz», - deya «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Hyuistra so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, bungacha «Lokomotiv» klubining portugaliyalik bosh murabbiyi Mikael Sekeyra «Qo‘qon-1912» jamoasiga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan (1:2) keyin hakamlarning adolatsiz qarorlari va maydonlar holatini tanqid qilgan edi.

Mavzuga oid