O‘zbekiston | 19:41 / 18.07.2022
31522
1 daqiqa o‘qiladi

Kadastri yo‘q uylarga 3 karra miqdorda yer solig‘i solish vaqtincha to‘xtatib turiladi

Yangi qonun qabul qilinguniga qadar kadastri yo‘q 2,6 mln uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda aytilishicha, 2 million 600 mingta aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘q.

Ushbu aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushmoqda. Ustiga ustak, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

Shu bois maxsus tuzilgan ishchi guruhi: 

  • 1 oktyabrga qadar mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantiradi;
  • uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘playdi va elektron bazaga kiritadi.

Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi qo‘yildi.

Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turishga qaror qilindi.

Mavzuga oid