O‘zbekiston | 10:21
3380
14 daqiqa o‘qiladi

Orzudagi mundial yo‘llanmasi va qonun ustuvorligida pasayish - hafta dayjesti

O‘zbek xalqi 34 yillik orzusiga erishdi: endi navbatdagi orzuning ushalishi – mundialda pley-offga chiqishimiz nimaga bog‘liq? Xalqaro reytingdagi xavotirli qulash: O‘zbekiston sudlarida adolat kamayib boryaptimi? Toshkentga 360 kilo eshak go‘shtining kirib kelishi to‘xtatildi: to‘xtatilmaganda nima bo‘lardi? Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid muhim voqealari sharhi – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbek futboli katta dovondan oshdi

2025 yilning 5 iyuni. Shu kuni oqshom dunyoda bizdan-da baxtliroq xalq yo‘q edi. Shu kuni tom ma’noda butun O‘zbekiston quvonch ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Juda uzoq, judayam uzoq – naq 34 yil orziqib kutgan, har safar eng oxirgi lahzalargacha umid qilgan, har safar shirin xayollarga berilib, oxirida yurak to‘la alam bilan qolib ketgan o‘zbek muxlisi, 5 iyun kuni qalbining tub-tubida yotgan azaliy orzusiga erishdi. Har biri alohida og‘riqli hikoya, alamli dramalarga aylanib ketgan yettita saralash siklidan keyin, sakkizinchi urinishda O‘zbekiston nihoyat mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

BAA bilan 0:0 hisobida yakunlangan safardagi o‘yin – avvaliga, amirlikda yashovchi vatandoshlarning chiptalari bekor qilingani, keyin O‘zbekistondan borgan muxlislar aeroportdagi pasport nazoratida muammolarga uchragani bilan boshlanib, o‘yin asosan mezbonlarning ustunligi bilan kechgani, O‘zbekiston yaratgan kam sonli xavfli vaziyatlardan birida to‘p darvoza ustuniga tegib qaytgani, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi O‘tkir Yusupovning seyflari, yigitlar tarixiy natijani bir-biriga suv sepib nishonlagani va albatta, quvonch ko‘z yoshlari bilan yodda qoldi.

Mundial yo‘llanmasini hayitdan keyingi Qatar bilan o‘yinga qoldirmay, ayni o‘z vaqtida – arafa kunida sovg‘a qilgan qahramonlar Toshkentda tantanali tarzda kutib olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ularni orden va medallar bilan taqdirladi, jamoa a’zolariga BYD elektromobillari sovg‘a qilindi. Lekin shak-shubhasiz bu jamoa qo‘lga kiritgan eng oliy mukofot – bu o‘zbek xalqining mehri bo‘ldi. Bu jamoaning har bir a’zosi – chin ma’noda yulduz, el-u yurtning erka va yoqimtoy farzandlariga aylanishdi.

Biz O‘zbekiston sportidagi bu tarixiy yutuqni yoritishda, xolis OAV sifatida, mavzuning boshqa muhim jihatlarini ham aytib o‘tishimiz kerak. Bu safargi Jahon chempionatidan boshlab, ishtirokchilar soni 32 tadan 48 taga, ya’ni 1,5 barobarga ko‘paytirilgan, Osiyoga ajratilgan o‘rinlar esa 4,5 tadan 8,5 taga oshgan. Natijada bizdan tashqari hatto Iordaniya ham muddatidan oldin mundial yo‘llanmasini naqd qildi. Ayni shu omil sabab, o‘zbek muxlislarining bir qismi qattiq hayajonga berilgani yo‘q. Boz ustiga, BAA bilan o‘yinda gollar hisobidan boshqa barcha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha yutqazganimizni tan olish zarur. Ya’ni mundialgacha Timur Kapadze oldida jamoa o‘yinini jiddiy yaxshilash vazifasi turibdi. Kapadze o‘yindan keyingi intervyusida jamoa Jahon chempionatiga futbol o‘ynash uchun borishini, Hojiboy Tojiboyev aytgan muzqaymoqni esa muxlislar yeyishi mumkinligini aytdi. Lekin shunisi aniqki, muxlislar ham faqat muzqaymoq yeyish uchun emas, jamoaning kamida bitta g‘alabali o‘yinini ko‘rish uchun boradi.

Endigi vazifa – jahon chempionatida guruhdan chiqish. Lekin bunga faqat sportga oid masala deb emas, balki undan kattaroq, siyosiy vazifa sifatida ham qarash kerak. Chunki mundiallarda pley-offga chiqish bilan, jamiyatdagi erkinlik darajasi o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Masalan, so‘nggi mundialda guruh bosqichidan chiqa olgan 16 ta davlatning barchasi Freedom House reytingida erkin davlatlar qatorida turadi. Ular orasida Senegal misolini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Bu davlat 2000-yillar boshidan demokratiyaga o‘ta boshlagan, shundan keyin ilk marta jahon chempionatiga chiqib, ikki marta hatto mundialning guruh bosqichidan ham o‘ta olgan; yana bir safar faqat sariq kartochkalari soniga ko‘ra pley-offga chiqa olmay qolgan.

Boshqacha aytganda, jamiyat qanchalik erkin bo‘lsa, jamoaviy sport turlarida muvaffaqiyat qozonishi shuncha osonroq bo‘ladi. Shu tariqa, agar biz ham keyingi o‘n yilliklarda doimiy ravishda jahon chempionatlarining pley-offida o‘ynash maqsadini oldimizga qo‘ysak, u holda muntazam ravishda ijtimoiy-siyosiy erkinliklarni kengaytirib borishimiz kerak bo‘ladi.

Sudlarda “telefon huquqi” davom etmoqda

Sud tizimining adolatli va xolis ishlashi – O‘zbekistondagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolyapti. Mamlakatimiz o‘tgan yili Jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksida besh pog‘onaga pasaydi. Bu xavotirli tendensiyaga Senat yalpi majlisida senator Abdurahim Erkayev e’tibor qaratdi.

“Besh pog‘onaga pastladik. Besh pog‘ona ko‘tarilganimizda boshqa gap edi. Endi huddi shu indeksning tarkibiga kiruvchi fuqarolik odil sudloviga erishish darajasining yuqoriligi subindikatorida mamlakatimiz o‘rni o‘tgan yilda 10 pog‘onaga pasaydi va 96-o‘rindan 106-o‘ringa tushdik. Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz.

Bu holat nizolarni hal qilishda odil sudlovga erishish qiyinligi, sud tizimiga ishonchning susayib borayotgani, murojaatlarni ko‘rib chiqishda adolat va xolislik prinsiplari aholi tomonidan sezilmayotganidan dalolat beradi. Ko‘p holatlarda sud qarorlarining ijrosi kechiktiriladi yoki bajarilmaydi”, dedi senator.

Abdurahim Erkayevning aytishicha, sud-huquq tizimi bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni pasaygani uchta omilga borib taqaladi.

Birinchisi, bizda haligacha, afsuski, “telefon huquqi” davom etyapti. Iltimoslar va hokazolar bor. Ikkinchisi, korrupsiya holatlarining mavjudligi. Uchinchisi, ayrim sudyalarimizning malakasi past”, – dedi Senat a’zosi.

Sobiq hokim – panjara ortida

Sud tizimiga ishonchning pasayishi sudlardagi ochiqlik darajasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki amaldorlar ustidan bo‘layotgan sudlar jonli efirga uzatilishi kerakligi haqida qonunchilikda belgilangan talab amalda ishlamayapti. Jamoatchilik aksariyat holatlarda u yoki bu amaldor sudlangani haqida sud hukmi e’lon qilinganidan keyingina xabar topyapti. Shunday holatlardan oxirgisi – Xovos tumani sobiq hokimining qamalgani bilan bog‘liq.

Kun.uz'ning aniqlashicha, 2020-2023 yillarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumaniga hokimlik qilgan Uchqun Kamolov ishdan bo‘shatilganidan keyin sanoqli kunlar o‘tib, qamoqqa olingan. Keyinchalik Sardoba tuman sudi uni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish va yer berish tartibini buzish kabi jinoyatlarda aybdor deb topgan, lekin jarima qo‘llash bilan kifoyalangan. 2025 yilga kelib, Uchqun Kamolov qamoqqa qaytarilgan: keyingi instansiya sudlarida korrupsioner hokim albatta “o‘tirib chiqishi” kerak degan qarorga kelingan va u 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Hafta davomida yana bir korrupsion keys Farg‘onada kuzatildi. DXX xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tumanida mahalla bankiri va bank boshqaruvchisining o‘rinbosari qo‘lga olingan. Ular kredit chiqartirib berish evaziga odamlardan pul olgani, yana bir holatda hokim yordamchilari bilan ham til biriktirib, 153 mln so‘m kreditni yeb ketgani aytilmoqda. E’tiborlisi, bu – Xalq bankining O‘zbekiston tumanidagi boshqaruvchisiga o‘rinbosar bo‘lib ishlab kelgan shaxsning uchinchi marta sudlanishi bo‘ladi. U avval ham firibgarlik va poraxo‘rlik moddalari bilan ikki marta javobgarlikka tortilgan.

Shu paytgacha hokimlar, hokim o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tez-tez korrupsiya bilan qo‘lga tushib turgan bo‘lsa, bundan keyin Farg‘onadagi kabi holatlarda mahalla bankirlarining qo‘lga tushib turishi ham odatiy holga aylanishi mumkin. Chunki imtiyozli kredit bor joyda, korrupsiya ham bo‘ladi. Shu hafta Samarqand viloyatidagi yig‘ilishda bu borada viloyatga oid ayrim raqamlar ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 1-choragida viloyatda 80 nafardan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Eshak go‘shtidan somsa?

Hafta davomida eshak go‘shti haqidagi xabarlar jamoatchilikni eng ko‘p tashvishlantirdi. “Milliy” telekanalining xabar berishicha, 25 may kuni Qashqadaryodan Toshkentga noma’lum hayvonning go‘shtini olib ketayotgan Lacetti Sirdaryo tumanida to‘xtatib qolingan. Bu 361 kilo go‘sht laboratoriyada tekshirilganida, eshak go‘shti ekani ma’lum bo‘lgan. Haydovchi mashinasidagi yuk o‘ziniki emasligi, uni aytilgan manzilga olib ketayotganini bildirgan. Ichki ishlar xodimlari uni ko‘ndirib, eshik go‘shti ta’minotidagi keyingi zanjirlarni aniqlash uchun tezkor tadbir o‘tkazish chorasini ko‘rganmi-yo‘qmi, bunisi ma’lum emas. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rganishga urinyapti.

Hozircha biz aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu – oxirgi vaqtlarda Toshkent atrofida kuzatilgan eshak go‘shti bilan bog‘liq birinchi holat emas. Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yil 7 yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar Ohangaron tumanida joylashgan qarovsiz dala shiyponida 23 ta tirik va 15 ta so‘yilgan holdagi eshak saqlanayotganini aniqlagan. Shundan keyin surishtiruv boshlanib, uch kishi hibsga olingan. Sud hukmida yozilishicha, ulardan biri – 30 yoshdagi erkak odamlardan jami 57 ta eshakni sotib olib, ulardan 32 tasini so‘yib, sherigiga sotgan. Sherigi esa go‘shtlarni somsapaz tanishiga o‘tkazgan. Sud eshak go‘shtini sotgan ikki erkakni 2 yilga ozodlikdan mahrum etdi, Parkent tumanining Guliston mahallasida somsa sotgan shaxsga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshirilishi e’lon qilindi. Prezident farmoniga ko‘ra, pensiya va nafaqalar 1 iyuldan boshlab, oyliklar va stipendiyalar esa 1 avgustdan boshlab oshadi. 1 avgustdan bazaviy hisoblash miqdori ham 10 foizga ko‘tarilib, 412 ming so‘m deb belgilanadi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 1 maydan energetika narxlarining oshishi fonida, may oyida inflatsiya 1,5 foizgacha tezlashgan. Rasmiy statistika oxirgi 1 yilda Toshkent shahrida pulning qadrsizlanishi 9,5 foiz bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank O‘zbekiston aholisining qarz yukiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilda banklardan qarzdor aholi qatlamida oylik daromadiga nisbatan qarz yuki darajasi o‘rtacha 34 foizni tashkil etgan. Krediti bor odamlarning 40 foizi oylik daromadining yarmidan ko‘pini kredit to‘lashga sarflayapti. Ayniqsa, kreditga avtomobil olganlarning vaziyati havas qilarli emas: o‘rtacha hisoblaganda, ular rasmiy daromadining 61 foizini kredit to‘lashga ishlatyapti. Qarz ustiga yana qarz oluvchilar soni ham ortib bormoqda: 2024 yilda kredit olgan jismoniy shaxslarning 68 foizi bittadan ortiq kredit majburiyatiga ega bo‘lgan.

Humans kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi. O‘zbekistondagi eng yosh aloqa operatorining Singapurdagi ta’sischisi Markaziy bank va “O‘zbektelekom”ning harakatlaridan shikoyat qilib, suddan yetkazilgan zararni undirib berishni so‘ramoqda. Har ikki tashkilot ham ayblovlarni rad etdi. Markaziy bankka ko‘ra, Humans'ning UPay to‘lov operatoriga cheklov kiritilganiga sabab – u mijozlariga onlayn qimorga pul tikish imkoniyatini yaratib bergan. “O‘zbektelekom” esa Humans tarmoqdan foydalangani uchun juda katta qarzdorlikni to‘lamay kelayotganini ma’lum qildi. Bir necha oy qarzda bo‘lib qolgan abonentlarini bloklab qo‘yadigan kompaniya “singapurlik” mijozining yillar davomida milliardlab qarz bo‘lishiga imkoniyat yaratib bergani – qiziq holat.

O‘zbekistonliklar yana bir izohsiz xususiylashtirishga guvoh bo‘ldi. Birlashgan Arab Amirliklarining TAQA va Mubadala kompaniyalari Talimarjon energetika majmuasidagi 874 megavattlik IESning 80 foiz hissasini sotib olganini e’lon qildi. Bitim qiymati va boshqa shartlar ma’lum emas. O‘zbekiston rasmiy idoralari bu xususiylashtirishni e’lon qilgani yo‘q, OAV savollariga ham javob berilmayapti. Investorlarga ko‘ra, davlat ulardan elektr energiyasini 25 yil davomida kafolatli sotib olish majburiyatini olgan. Har bir kilovatt energiya qancha narxdan sotib olinadi – bu ham noma’lum. Bunday mavhumlik va yopiqlik rasmiylarning “energetika islohoti” haqidagi bayonotlariga fon vazifasini bajarib beryapti.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid