Jahon | 11:35 / 04.11.2022
20023
3 daqiqa o‘qiladi

Tomskdan safarbar qilinganlar ikki haftadan buyon Luhanskdagi o‘rmonda yashirinib yotgani ma’lum bo‘ldi

Ular otishma boshlanishi bilan frontdan chekinishgan. Endi ularga dezertirlik uchun jinoiy ish ochilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Tomsk oblasti Pervomayskiy rayonidan safarbar qilinganlar annexia qilingan Luhansk oblasti hududidagi o‘rmonda yashirinib yotgan. Ular harbiy qismga qaytib kela olmaydi, chunki u yerda jangovar harakatlar hududini tark etganliklari uchun dezertirlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishi tahdid solmoqda. Bu haqda «Sibir.Realii» safarbar qilinganlardan birining onasi Yelena Solodovnikovaga asoslanib xabar bergan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li 26 sentabr kuni safarbar etilgan. Unga Omskdagi harbiy qismda uch oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish va’da qilingan, ammo buning o‘rniga uni va boshqa chaqirilganlarni Yekaterinburgga olib ketishgan. Bu yerda ularga formalar berilgan va 29 sentabr kuni Rostov oblastidagi chegara qismiga yetkazishgan. Bir hafta o‘tib esa safarbar qilinganlar Luhansk oblastiga olib borilgan. «Sibir.Realii» manbasi ma’lumotiga ko‘ra, ikki qismda ham safarbar qilinganlarni «to‘p yemi» deb atashgan.

Luhansk oblastida safarbar qilinganlar minomyot zarbasiga yo‘liqqan va chekinishga majbur bo‘lgan. Solodovnikovaning aytishicha, jang maydonida qo‘mondonlik bo‘lmagan, safarbar qilinganlar orasidagi serjantni guruh boshlig‘i etib tayinlashgan, ammo u nima qilish kerakligini tushunmagan. «Ular piyoda yo‘lga chiqishgan, hech qanday texnika bo‘lmagan. Avtomatlar bo‘lgan, ammo ular tankka qarshi avtomat bilan borishadimi?» — deydi safarbar qilinganlardan birining onasi.

Natijada guruh o‘rmon ichkarisiga qochgan. Ular qarindoshlari bilan so‘nggi bor 17 oktyabr kuni aloqaga chiqishgan. «Ular hozir o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Palatkadan qandaydir chodir tikishadi, kunduzi isinish uchun gulxan yoqishadi, kechasi o‘chirishadi», — degan Solodovnikova.

Harbiy xizmatchilarning yaqinlari yordam so‘rab Davlat dumasiga Tomsk oblastidan deputat bo‘lgan Tatyana Solomatinaga murojaat qilishgan. Ular «safarbar qilinganlar uchun normal qo‘mondonlik» berishni va ularni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishni so‘rashgan, ammo deputat «ofitserlar dezertirlar bilan ishlashdan bosh tortishi» haqida aytgan. Safarbar qilinganlarning qarindoshlari gubernator ofisiga ularning yaqinlari hech qanday tayyorgarliksiz harbiy harakatlar hududiga yo‘llangani, ularda qo‘mondonlik, o‘q-dori va oziq-ovqat zaxiralari bo‘lmaganidan shikoyat qilib murojaat etishgan, bunga javoban murojaat ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganini aytishgan.

Mavzuga oid