O‘zbekiston | 07:43 / 07.04.2023
15577
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida avariya holatidagi ko‘p kvartirali uylar buziladi

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatida mavjud avariya holatidagi va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylarni renovatsiya qilish orqali aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat loyihasi Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida eskirgan yoki yaroqsiz ko‘p kvartirali uy-joy fondi xatlovdan o‘tkazilgan hamda instrumental o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 23 ta uy avariya holatida deb topilgan (366 ta xonadon), shu sababli renovatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Chirchiq, Olmaliq shaharlari, O‘rta Chirchiq, Bo‘stonliq, Qibray tumanlaridagi 1800 dan ortiq mazkur uy-joylarda istiqomat qiluvchi aholining turmush sharoiti yaxshilanadi hamda o‘ringa o‘rin yashab turgan xonadonidan kichik bo‘lmagan maydonlarda uy-joy bilan ta’minlanadi.

Bunda, buziladigan avariya holatidagi xonadonda istiqomat qilayotgan mulkdorga quriladigan ko‘p kvartirali uylardan “foydalanishga tayyor holda topshirish” sharti asosida buzilgan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadon o‘ringa o‘rin ajratiladi.

11 oy muddatda mulkdorlarga kvartira topshirilgunga qadar ularga ko‘p kvartirali uy-joy joylashgan tuman (shahar hokimiyatining mahalliy budjet qo‘shimcha manbalari yoki tashabbuskor tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish sharti bilan vaqtinchalik ijaraga turar joy beriladi.

Qurilish ishlari belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan taqdirda ijara loyiha tashabbuskori mablag‘i hisobidan qoplanadi.

Mulkdorlarga o‘ringa o‘rin ajratishdan ortgan kvartiralar prezidentning “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy etilgan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.

Mavzuga oid