Jahon | 14:10 / 24.08.2023
12413
5 daqiqa o‘qiladi

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar birinchi debatni o‘tkazdi. Tramp unda ishtirok etmadi

23 avgust kuni Viskonsin shtatida Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlarning birinchi debati bo‘lib o‘tdi. Nomzodlar jami to‘qqiz nafar, biroq reytingi eng yuqori bo‘lgan asosiy nomzod – Donald Tramp debatda qatnashmadi.

Foto: BBC Russian

 

 

Oq uyga yana da’vogarlik qilayotgan sobiq prezident o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Miluokiga bormasligini yozgandi. Tramp shundoq ham hammadan oldinda ekani va mashhurlik uchun kurashishdan hech qanday ma’no ko‘rmayotganini bildirgan.

«Jamoatchilik mening kimligim va prezidentlik muddatim qanchalik muvaffaqiyatli o‘tganini biladi. Shuning uchun men debatda qatnashmayman», deyiladi xabarda.

Biroq, sobiq prezidentning debatda ishtirok etishdan bosh tortishi uning shtab-kvartirasi Trampning jinoiy ishi bilan bandligi va ushbu mavzu bo‘yicha noqulay savollarga javob berishni istamasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Respublikachilar debati butun mamlakat bo‘ylab translatsiya qilindi.

Uni o‘tkazish uchun Viskonsin shtati tasodifan tanlanmagan. Bu prezidentlik poygasi ishtirokchilari shiddatli kurash olib boruvchi beqaror shtatlardan (biror partiya hukmronligi to‘liq mustahkamlanmagan shtat) biridir.

Oxirgi prezidentlik saylovida bu hududda Jo Bayden yetakchiligidagi demokratlar kichik farq bilan g‘alaba qozongan edi.

Kuchlar nisbati qanday?

So‘rovlarga ko‘ra, amerikalik respublikachilarning 50 foizdan ortig‘i to‘rt holat bo‘yicha jinoiy ish ochilganiga qaramay, Donald Tramp nomzodini qo‘llashga tayyor. Foto: Getty Images

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar orasida eng mashhurlari Tramp, AQShning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens, Florida gubernatori Ron DeSantis va AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Heylidir.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, bu gal asosiy nomzodlik poygasida rekord miqdordagi nomzodlar — tadbirkorlardan tortib, merlar, senatorlar, sobiq va amaldagi gubernatorlargacha qatnashgan.

Biroq teledebatlar bosqichiga yo‘l olish uchun bir qator boshqa shartlarni bajarishdan tashqari, nomzodlar umumxalq ovoz berishning uch turi yakunlari bo‘yicha kamida 1 foiz ovoz to‘plashi kerak.

Faqat to‘qqiz kishi bu to‘siqdan o‘ta olgan.

Ayni damda Donald Tramp poygada so‘zsiz yetakchi. New York Times nashri so‘rovlariga ko‘ra, uni butun mamlakat bo‘ylab respublikachilarning taxminan 54 foizi qo‘llab-quvvatlaydi (turli so‘rovnomalar natijalari 1-2 foiz farq qilishi mumkin).

Uning eng yaqin ta’qibchisi Ron DeSantis 16 foiz ovoz to‘plagan, Mayk Pens esa 5 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Debatlarning navbatdagi raundiga qadar ishtirokchilar soni qisqartiriladi, ular malaka talablariga muvofiqlik asosida chiqarib tashlanadi.

Trampning pozitsiyasiga hech narsa tahdid solmayotgani allaqachon aniq, uning debatlardan uzoqligi unga saralash jarayonining barcha bosqichlaridan o‘tishga imkon beradi.

Ammo nomzodlar taqdirini endi oddiy amerikaliklar emas, partiya elitalari hal qiladi va bunda natijani oldindan aytib bo‘lmaydi.

Debatlarning asosiy mavzulari

Butun Amerika, jumladan demokratlar ham asosiy nomzodi tergovga jalb etilgan Respublikachilar partiyasi nomzodlari teledebatlarini sabrsizlik bilan kutishdi. Foto: Reuters

Debatda jinoyatchilik bilan kurashdan tortib immigratsiyagacha bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Respublikachilar uchun eng qiyin mavzu — abort mavzusidir. Partiyaning konservativ qanoti jarayonga jiddiy cheklovlar kiritish uchun doimiy kurash olib boradi va ba’zilari hatto uni butunlay taqiqlashga chaqiradi.

Biroq, aynan shu mavzu beqaror shtatlarni demokratlar tomonga og‘dirishi mumkin. Hatto respublikachilar orasida abort bo‘yicha bunday qattiq pozitsiyani hamma ham qo‘llab-quvvatlamaydi.

Nomzodlik poygasidagi respublikachilar ta’limga ham katta e’tibor bermoqda.

So‘nggi paytlarda tobora ko‘proq konservativ guruhlar o‘quv dasturlari ustidan nazoratni kuchaytirish hamda ota-onalarga o‘z farzandlarining o‘quv materiallari va qo‘llanmalarini filtrlash huquqini berishni targ‘ib qilmoqda.

Bundan tashqari, Trampning o‘zi ham respublikachilar debatining alohida va muhim mavzusiga aylanishi mumkin.

Sobiq prezident to‘rtta jinoiy ish bo‘yicha, jumladan, mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda va yaqinda 200 ming dollar garov evaziga ozod qilindi.

Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab amerikaliklar uni siyosiy motivli ta’qiblar qurboni deb biladi. Nomzodlikka da’vogarlarning ba’zilari agar ular Oq uyga rahbarlik qilsa, Trampni afv etish niyatida ekani haqida aniq tushuncha bergan.

Shu bilan birga, partiyaning eng yuqori doiralarida Trampga nisbatan munosabat noaniqligicha qolmoqda.

Mavzuga oid