Jahon | 23:14 / 17.10.2023
12148
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga va’da qilingan Abrams tanklarining barchasini yetkazib berdi 

31 ta M1A1 Abrams tanki Ukraina Qurolli kuchlariga topshirildi. 

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga va’da qilingan 31 ta M1A1 Abrams tankini to‘liq yetkazib berdi, dedi AQSh armiyasining Yevropa va Afrika qo‘mondonligi vakili polkovnik Martin O'Donnell. 

«Biz kelishuvlarimizni bajardik. Bundan buyon ukrainaliklar bu texnikani qachon va qayerda ishlatishni o‘zlari hal qiladi», deb qo‘shimcha qildi u. 

Polkovnikning ta’kidlashicha, Germaniyada ushbu tanklardan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan barcha ukrainaliklar Ukrainaga qaytgan, o‘q-dorilar va ehtiyot qismlar ham u yerga yetkazilgan. 

Avvalroq, 23 sentabr kuni ushbu tanklarning birinchi partiyasi Ukrainaga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. 

Avgust oyida AQSh hukumati Abrams tanklarining birinchi partiyasini Ukrainaga yetkazishga ruxsat berdi. 

Iyun oyi boshida 200 nafarga yaqin ukrainalik harbiylar guruhi Germaniyada Abrams tanklarini boshqarishni o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Dastlab, Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun yangi versiyadagi 31 ta M1A2 Abrams tankini ishlab chiqarishi haqida gap ketayotgan edi. Ammo buning uchun 1-2 yil muhlat talab qilinardi. Shu sababli, AQSh tanklarning eskiroq M1A1 versiyasini Ukrainaga berishga qaror qildi. 

Qayd etilishicha, yangi M1A2 modeli eskirgan versiya bilan solishtirganda, yaxshilangan boshqaruv tizimiga ega. Bundan tashqari, ikkala model ham 120 mm to‘p bilan jihozlangan.

Mavzuga oid