Jahon | 10:02 / 04.01.2024
10636
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish g‘oyasini qoraladi

Isroil milliy xavfsizlik va moliya vazirlari urushni g‘azoliklarni siqib chiqarish va hududni egallash imkoniyati sifatida ko‘rdi.

Foto: Mohammed Dahman / AP

Isroil hukumati a’zolarining falastinliklarning G‘azo sektoridan ko‘chirilishini qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlari «na mantiqiy, na foydali» va Berlin ularni «eng kuchli shartlarda rad etadi», dedi Germaniya TIV vakili 3 yanvar, chorshanba kuni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya mustaqil Falastin davlatini yaratishni Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etishning yagona barqaror modeli deb hisoblashda davom etmoqda. «Biz bunga amal qilamiz va uzoq muddatli narsa ustida ishlamoqdamiz», deb ta’kidlandi Germaniya tashqi ishlar vazirligida.

Fransiya va AQShda ham bu g‘oya tanqid qilindi

Fransiya tashqi ishlar vazirligi xuddi Germaniya kabi reaksiya bildirib, isroillik vazirlarning bayonotlarini «provokatsion, mas’uliyatsiz va keskinlikni qo‘zg‘atuvchi» deb atadi. Parij isroillik siyosatchilarni bunday bayonotlar qilishdan tiyilishga chaqirdi. 

«Falastinliklar o‘z yerlarida qayerda yashashi Isroil hukumatiga bog‘liq emas. G‘azo sektori va uning aholisi kelajagi Isroil bilan birga tinchlik va xavfsizlikda mavjud bo‘lgan yagona Falastin davlatida», - deya ma’lum qildi Fransiya tashqi ishlar vazirligi.

«Qo‘shma Shtatlar Isroil vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirning falastinliklarni G‘azo sektoridan tashqariga ko‘chirishni qo‘llab-quvvatlovchi so‘nggi bayonotlarini rad etadi, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller. - Bu g‘azablantiruvchi va mas’uliyatsiz ritorikadir». 

Avvalroq Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir urush «g‘azoliklarning ko‘chirilishi»ni osonlashtirish imkoniyatini berganini aytgan bo‘lsa, moliya vaziri Smotrich agar Isroil hamma narsani to‘g‘ri qilsa, «falastinliklar chiqib ketadi, biz esa G‘azo sektorida yashaymiz» degandi. Davlat departamenti Isroil hukumati va bosh vazir Benyamin Netanyahu bunday bayonotlar davlatning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligiga bir necha bor ishontirganini ta’kidladi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid