Ma’lumotlar xavfsizligi, mualliflik huquqi va qonun loyihasi – O‘zbekistonda sun’iy intellekt
Har kuni dunyoda 15 milliondan ortiq kontent sun’iy idrok yordamida generatsiya qilinadi. So‘nggi ikki yilda qayta ishlangan surat va videolar soni 15 milliarddan ham ko‘proqqa yetdi. Sohadagi yirik kompaniya vakillari oddiy firibgarliklarga nisbatan sun’iy idrok yordamida qilinadiganlari ancha talafotli bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Onlayn firibgarliklar oshib borayotgan O‘zbekistonda bularga qarshi kurashish mumkinmi? Mamlakatda sun’iy intellektdan qanday foydalanilyapti, uning istiqboli qanday? Kun.uz shu kabi savollarga javob izladi.

Intervyu mehmonlari “AimLab” – sun’iy intellekt va marketing laboratoriyasi asoschisi Hikmat Po‘latov, laboratoriya direktori Bekzod Ismoilov hamda texnik mutaxassis Samandar Tursunaliyev bo‘ldi. Suhbatdoshlar dastlab sun’iy idrok nima ekani, o‘zbekistonliklar orasida undan foydalanish darajasi va bu boradagi qiziq voqealar haqida gapirib berdi.
Barcha sohalarni biladigan yordamchi
Hikmat Po‘latov: Oddiy tilda gapiradigan bo‘lsam, sun’iy intellekt insoniyatga juda ham katta yordam bera oladigan yordamchi. Tasavvur qiling, siz cho‘ntangizdagi telefoningizda barcha sohalarni biladigan bir yordamchiga egasiz. Tekin versiyalari ham bor, lekin 20 dollar evaziga siz barcha tillar, sohalarni biladigan yordamchiga ega bo‘lyapsiz. Hozirgi kunda ko‘pchilik sun’iy intellektni faqat rasm, video generatsiya [qila oladigan] deb tushunib qolyapti, lekin bu juda ham keng ko‘lamga ega bo‘lgan instrumentlardan bittasi hisoblanadi. Va rasm suratlar, bu generativ sun’iy intellektga kiradi. Bundan tashqari, uning ortida kod qismlari, katta tizimlar bor.
Hozirgi kunda sun’iy intellekt hayotimizning har bir sohasiga kirib kelyapti – tibbiyot bo‘ladimi yoki ta’lim tizimi bo‘ladimi... Ayniqsa tibbiyotda bo‘layotgan qiziq o‘zgarishlar insoniyatga juda katta yordam beryapti. Masalan, oldindan saratonni aniqlash tizimlari paydo bo‘lyapti.
Misol uchun, yaqinda bir holat bo‘ldi. Hindistonda bir yigit oshqozonida og‘riqni his qilgan va ChatGPT'dan so‘ragan: “Mana shu yerda oshqozonimda og‘riq bo‘lyapti, nima qilishim kerak?” deganda, ChatGPT analiz qilib: “tezda shifokorga murojaat qil, bo‘lmasa kech bo‘lishi mumkin” degan. U zudlik bilan shifokorga borgan. “Vaqtida yetib kelibsiz. Agar 20 daqiqa kech qolganingizda, allaqachon joningiz uzilgan bo‘lardi” deyishgan shifokorlar. Bu birinchi keys.
Ikkinchi holat haqida ko‘p gapirganmiz. ChatGPT endi paydo bo‘lganda, Amerikada bir ona 7 yil farzandining kasali bilan kurashib kelgan, 17 shifokorga borgan, ularning hech biri aniq tashxis qo‘ya olmagan. ChatGPT instrumenti paydo bo‘lgandan keyin ona barcha yig‘ilgan ma’lumotlarni sun’iy intellektga beradi va sun’iy intellekt uni tahlil qilib, bir tashxisni qo‘yadi. Ushbu tashxis bilan shifokorga borganda, ular haqiqatan ham shu kasallik borligini aniqlaydi va bolaning umurtqasida muammosi bo‘ladi, operatsiya qilishadi. Operatsiyadan keyin bu yigit ham yashab qoladi.
Sun’iy idrokdan foydalanish darajasi nega past?
Behzod Ismoilov: Sun’iy intellekt bu faqatgina ChatGPT emas, unda hayotda, ishda foydalanishga juda ko‘p boshqa vositalari bor. Aholi tomonidan shu vositalardan foydalanish sust. Bunga men bir necha omillarni sabab qilish mumkin. Birinchidan, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan hamma vositalar pulli, demak, har bir vositaga o‘zidan kelib chiqib 20, 30, 50 AQSh dollari to‘lash kerak bo‘ladi. Bu men ko‘rayotgan birinchi qiyinchiliklardan biri. Bu degani to‘lay olmaslik emas, balki shu yerda albatta viza kartalaridan foydalanib, hisob raqamingizdan to‘lash bizning aholi uchun qiyin. Shuning uchun ham tushunishim bo‘yicha bu narsadan foydalanish past.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt haqida o‘zbek tilida gapiruvchi, o‘rgatuvchi kurslar, podkastlar juda kam qilinyapti. Rus tilida, ingliz tilida bu ma’lumotlar juda ko‘p, lekin o‘zbek tilida juda kam va aholiga bu ma’lum bir qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Odam bilmagan narsasidan kamroq foydalanishi mumkin.
[Sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lami] Ma’lum bir sohalarda juda keng, ba’zi sohalarga hali yetib bormagan va kiritilmagan. Men har bitta soha haqida aytishim qiyin, chunki biz shu IT sohasida ishlaymiz, lekin hozir juda ko‘p biznes kompaniyalar, shaxsiy kompaniyalar bu narsaning samaradorligini ko‘rib, o‘rganib chiqishyapti va o‘zlarida shu kompaniya ichida sun’iy idrok bilan ishlaydigan jamoalar yoki tashqaridagi jamoalarga murojaat qilishyapti. Biznes jarayonlarni yoki ma’lum bir media, marketing, SMM qismlarini sun’iy idrokka topshirishyapti. Bank, IT va tibbiyot sohasi sun’iy idrokni hozir keng ko‘lamda nafaqat butun dunyoda, balki biz O‘zbekistonda ham juda keng ko‘lamda foydalanishyapti.
Ëpilgan “Qunduz bobo” loyihasi haqida
Samandar Tursunaliyev: Birinchi sun’iy intellekt chiqqanida o‘zimizcha qiziqib, kichkina loyihacha qilganmiz. U loyihadan hech qanaqa foyda topishni ko‘zlamaganmiz. Nomini ham kulgili qilib “Qunduz bobo” deb qo‘yganmiz. U paytda ChatGPT o‘zbek tilini bilmagan, biz unga Google’ning tarjima funksiyasini ulaganmiz, keyin har xil dissertatsiya, maqola yozish funksiyalarini chiqarib, odamlarga taqdim etganmiz. Hech qayerda reklamasi bo‘lmagan.
40 ming talaba o‘zining dissertatsiyalari, maqolalari uchun har xil savollariga javob topishni boshlagan. Dissertatsiya yozmoqchisiz-a, misol uchun, biologiya bo‘yicha sizga ma’lumot kerak. Siz ingliz tilini bilmaysiz. O‘zbek tilidan ma’lumot qidiraman deydigan bo‘lsangiz, kutubxonaga borishingiz kerak. Judayam ko‘p kitoblar. Haligi kitoblarning ichidan yurib-yurib qaysidir kitobni topishingiz kerak. Uning ichini ochib, qaysidir joyini topib turib keyin o‘sha bo‘yicha ishlashingiz kerak-da. Vaqt ketadi. GPT nima qilgan? Buni judayam osonlashtirgan. Biz tarjima funksiyasini qo‘shib berganimiz uchun aynan bizdan foydalanishgan, lekin bu loyihamizning yopilishiga sabab nima bo‘lgan?
Juda ko‘p talabalar ikkita xotin bo‘lsa, unaqa bo‘lsa, bunaqa bo‘lsa deb dissertatsiyalar yoz deyishni boshlaganda, keyin bizning loyihamizni Google, GPT’ning o‘zi ham bloklab qo‘ygan. Biz yangi akkaunt ochyapmiz, bu tomondan qaysidir o‘zbek “ijod”ga kirib ketyapti-da, kulgili nimadir sarkazm yozdirmoqchi bo‘lib, judayam noto‘g‘ri mavzular bo‘yicha [maqola] yozdirib ko‘rmoqchi bo‘lgan. Biz o‘zimiz orqa tarafida ba’zi so‘zlarga [ta’sirchanlik] berib qo‘yganmiz, misol uchun bu so‘zlar kelganida [tizim] olmaydi deganmiz, lekin o‘zbeklarning “ijodkorligi” to‘xtab qolmagan. Boshqa maqsadlarda ishlatilishi hisobiga [loyiha] yopilib ketdi.
Behzod Ismoilov: Sun’iy intellektda, hamma savolingizga judayam to‘g‘ri javob beradigan modellar yaratilmagan va shu ChatGPT’ning o‘ziga yozganingizda ham ko‘pincha uning o‘zi “boshqa manbalardan ham tekshirib ko‘ring” deb aytadi. Albatta sun’iy intellektdan, ayniqsa ChatGPT'dan, Sonnet, Claude, Gemini kabi boshqa modellar bor. Ulardan chiqqan ma’lumotlarni “factchecking”i juda muhim. ChatGPT'dan chiqqan ma’lumotlarni sun’iy idrok asosida yaratilgan boshqa vositalar orqali tekshirish mumkin.
Bundan tashqari til modellarida gallyutsinatsiya effekti bor. Bu degani ma’lum bir ma’lumotni o‘zining bazasida topa olmasa, u bor ma’lumotlardan yangi ma’lumot yaratishni boshlaydi va bu yaratilgan yangi ma’lumotlari har doim ham to‘g‘ri emas.
Sun’iy intellektga oid qonun loyihasi haqida
Shu yil aprel o‘rtalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sun’iy intellekt huquqiy tavsifi, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va undan foydalanishning umumiy qoidalari belgilangan qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qildi. Suhbat davomida kompaniya vakillari ayni hujjatdagi bandlarga e’tirozlarini bildirishdi.
Himat Po‘latov: Qonun loyihasi muhim va biz bu loyihani qabul qilishning birinchi kunidanoq qiziqib ko‘rib kelyapmiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin qonun loyihasini ko‘rib chiqqanimizda sayoz qilingani sal ko‘rinib qoldi. U yerda asosiy ikki masala qo‘yilyapti. Birinchisi sun’iy intellektda generatsiya qilingan barcha kontentlar markirovka qilinishi kerak. Markirovka qanday qilinadi, qaysi turdagi kontentlarni markirovka qilish kerak – degan savollarni berganimizda, biz deputatlardan javob olganimiz yo‘q.
Aslida markirovka nimaga kerak? Hozirgi kunda xabaringiz bo‘lsa kerak, barcha ijtimoiy tarmoqlar o‘zining platformasida agar siz sun’iy intellekt yordamida kontentni generatsiya qilgan bo‘lsangiz markirovkasini qo‘yib qo‘ygan. Agar siz sun’iy intellekt yordamida generatsiya qilingan kontentingizni joylamoqchi bo‘lsangiz, lekin markirovka qilinmasa, buni algoritmlarni o‘zi aniqlab sizning akkauntingizni bloklashi mumkin. Bu birinchi masala.
Ikkinchi masala, har bir generativ instrumentlarni ishlatayotganingizda, deylik surat generatsiya qilasizmi yoki video generatsiya qilasizmi, uning ichida sizga ko‘rinmaydigan o‘zining markirovkasi bo‘ladi baribir va bu instrumentlarga aniqlovchi instrumentlarga tashlaganingizda, u ichidagi kodini ko‘rib sizga sun’iy intellektda generatsiya qilinganmi yoki yo‘qmi – shuni aniqlashda yordam berishi mumkin. Lekin biz taklif qilayotgan narsamiz: sun’iy intellektni generatsiya qilingan foto, video kontentlarni muhimlilik darajasi bo‘yicha turlariga bo‘laylik.
Bu chet elda, o‘zimizda ham siyosiy kampaniyalarda ishlatilib kelayotganini ko‘ryapmiz. Mana yaqinda biz Yuksalish harakati jamoasi bilan deputatlarning saylov jarayonida videoroligini qildik va u yerda albatta “plashka” qo‘yildi: sun’iy intellekt yordamida generatsiya qilingan degandek. Deylik, biz mana shunaqa siyosiy masalalar bo‘yicha yoki judayam muhim masalalar bo‘yicha kontentlarni albatta markirovka qilishimiz kerak. Bu yordam beradi, lekin oddiy mana kliplarda ham ko‘p ishlatilyapti. Ularda bu masala unday aktual emas deb bilaman. Shart emas, chunki bu insonlarga xavf ham tug‘dirmaydi va vizual jihatdan xalal qilishi mumkin. Shuning uchun markirovkasini ham kategoriyalarga bo‘lib chiqish kerak.
Ikkinchi masala, sun’iy intellekt atamasi birinchi marta qonunga kiritilayotgani, bu judayam muhim va bu yaxshi, lekin yana bir lekini bor. Hujjatda mumiy sun’iy intellekt deyilgan, chunki sun’iy intellektning boya aytganimdek turli xil o‘zining yo‘nalishlari bor. Bu generativ sun’iy intellekt bo‘lishi mumkin, bunda boshqa yo‘nalishlarning klassifikatsiyasini ham qo‘shib ketish kerak bo‘ladi. Chunki klassifikatsiya bo‘lmasa, biz keyinchalik qonunchilikda o‘sha deputatlarimiz yoki qonunni ishlatuvchi organlar qiynalib qolishi mumkin.
Intervyu davomida sun’iy intellektda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi, mualliflik huquqi va uning sohalar kesimidagi istiqbollari haqida gap boradi. Videoni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi
Mavzuga oid

19:53 / 28.05.2025
O‘zbekistonda sun’iy intellekt statistika to‘plash uchun odamlarga telefon qiladi

19:19 / 28.05.2025
Telegram'ga Ilon Maskning Grok sun’iy intellekti integratsiya qilinadi

23:35 / 27.05.2025
Yangi sun’iy intellekt modeli yolg‘on gapirish va odamlarni shantaj qilishni o‘rganib oldi

21:49 / 21.05.2025