Jamiyat | 16:32 / 27.05.2025
13883
3 daqiqa o‘qiladi

Paxtachida bir kunda 3 o‘quvchi suvga cho‘kib halok bo‘ldi

Ikki nafar bola fermer dalasidagi hovuzga, biri esa ariqqa cho‘kib vafot etgan. Tuman hokimi Qayum Xushbaqov hududdagi barcha maktablarning sinf rahbarlariga uyma-uy yurib, o‘quvchilar ota-onasining yonida yoki yo‘qligini tekshirib chiqishni topshirgan.

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida bir kunda uch bola suvga cho‘kib halok bo‘ldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Baxtigul Qarshiyeva holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 24 may kuni Paxtachi tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchilari A.S. va N.M. cho‘milish maqsadida hududdagi fermer dalasidagi hovuzga borgan. Cho‘milish jarayonida ular hovuzga cho‘kib, vafot etgan.

O‘sha kuni sodir bo‘lgan yana bir holatda esa tumandagi 32-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi B.N. ariqqa cho‘kib halok bo‘lgan.

“Tushdan so‘ng otasi bilan dalaga mol sug‘organi borgan. Mollarni sug‘orib bo‘lgach otasi ortga qaytgan, bola esa dalada qolgan. Ariqqa yiqilgan, hushidan ketganmi, hali biz ham aniq bilmaymiz. Ekspertiza xulosalariga qarab aniqlanadi endi. Otasining aytishiga qaraganda, cho‘kib o‘ladigan ariq bo‘lmagan”, deydi maktab direktori Sherali Eshdavlatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Kun.uz’ga kelib tushgan audioda eshitilishicha, kuzatilgan ushbu holatlardan keyin Paxtachi tumani hokimi Qayum Xushbaqov hududdagi barcha maktablarning sinf rahbarlariga uyma-uy yurib, o‘quvchilar ota-onasining yonida yoki yo‘qligini tekshirib chiqishni topshirgan.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Baxtigul Qarshiyevaga ko‘ra, holatlar dars vaqtida bo‘lmagan. Shuningdek, yozgi ta’til boshlanayotgani munosabati bilan taqiqlangan hududlarda cho‘milmaslik, bolalarni cho‘milish havzalariga yubormaslik bo‘yicha kafolat xatlari olingan.

Oldinroq Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 14 yoshli yigit kanalga cho‘kib ketgandi. Bolaning jasadi oradan bir kun o‘tgach, FVB g‘avvoslari yordamida suvdan olib chiqilgan.

Mavzuga oid