Rossiya Serbiyani Ukrainaga yashirin ravishda o‘q-dorilar yetkazib berishda aybladi
Gap reaktiv artilleriya va gaubitsalar uchun «yuz minglab snaryadlar» haqida ketmoqda. Tashqi razvedka xizmati mazkur holatni Rossiya harbiylariga nisbatan «o‘lim konveyeri» deb ta’rifladi.

Foto: AP
Serbiya hukumatining betaraflik siyosatini e’lon qilganiga qaramay, Belgrad Kiyevga yashirin tarzda o‘q-dori yetkazib bergan. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) ma’lum qildi.
Tashqi razvedka xizmati mazkur holatni Rossiya harbiylari va tinch aholiga nisbatan «o‘lim konveyeri» deb ta’rifladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, gap reaktiv artilleriya va gaubitsalar uchun «yuz minglab snaryadlar» hamda o‘qotar qurollar uchun «millionlab o‘qlar» haqida bormoqda. Ukrainaga yetkazib berishlar «soxtalashtirilgan yakuniy foydalanuvchi sertifikatlari va vositachi davlatlar» orqali amalga oshirilyapti. Bu davlatlar orasida Chexiya, Polsha, Bolgariya va ba’zi Afrika mamlakatlari bor. Ushbu sxemada Serbiyaning eng yirik mudofaa sanoati kompaniyalari – «Yugoimport SDPR», Zenitprom, Krusik, Sofag, Reyer DTI va boshqalar ishtirok etmoqda.
«Bunday yetkazib berishlarni “gumanitar sabablar” bilan asoslab bo‘lmaydi. Ularning yagona maqsadi — rossiyalik harbiylar va tinch aholini o‘ldirish va yaralash», — deyiladi TRX bayonotida. Tashkilot Serbiyadan Ukrainaga aniq qachon va qanday turdagi o‘q-dori yetkazilgani haqida ma’lumot bermadi.
Financial Times nashri 2024 yil yozda Serbiyadan uchinchi mamlakatlar orqali Ukrainaga yetkazilgan o‘q-dorilar hajmi taxminan 800 million yevroga yetgani haqida yozgandi. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ushbu ma’lumotlarni tasdiqlab, buni «mamlakatning iqtisodiy tiklanishining bir qismi» deb atagan.
Shundan so‘ng Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich G‘arb davlatlariga qurol sotishni taqiqlashga qarshi chiqqan: «Men kompaniyalarimizning o‘q-dorilarni Ispaniya, Chexiya yoki AQShga sotishiga to‘sqinlik qilmoqchi emasman. Qurol-yarog‘ ishlab chiqarish yoki sotish taqiqlangan yoki axloqiy jihatdan noto‘g‘ri ish emas, garchi u urush bo‘layotgan hududlarda ishlatilishi mumkin bo‘lsa ham», — deydi Vuchevich.
2024 yil fevralida Z-kanallardan biri Ukraina Qurolli kuchlari 40 kilometrga uchishga qodir ER Grad 2000 rusumli serb raketalari yordamida Belgorodni o‘qqa tutganini ma’lum qilgandi.
2025 yil yanvarida esa Belgrad Rossiyadan qurol sotib olish bo‘yicha bir nechta shartnomani bekor qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Serbiya Bosh shtabi boshlig‘i Milan Moysilovichning so‘zlariga ko‘ra, bunga Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar sabab bo‘lgan, ular Rossiyadan qurol xaridini «amalda imkonsiz»ga aylantirgan. Shunga qaramay, Vuchich 9 may kuni Moskvada o‘tkazilgan G‘alaba paradining mehmonlaridan biri bo‘lgandi.
Mavzuga oid

11:25
YeI va AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qildi

23:33 / 02.06.2025
«Ahmoqlar. O‘t ochishni to‘xtatish o‘limlar bo‘lmasligi uchun kerak» - Zelenskiy

22:49 / 02.06.2025
Rossiyalik olimlar chigirtkalardan non yopishni tavsiya qildi

22:27 / 02.06.2025