Jahon | 08:59 / 31.05.2025
1483
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMASdan AQShning sulh rejasini qabul qilishni talab etmoqda

HAMAS Tramp ma’muriyatining G‘azo bo‘yicha 60 kunlik sulh tuzish rejasini darhol qabul qilmadi.

Foto: REUTERS

HAMAS guruhi G‘azo sektorida qisqa muddatli sulh tuzish va garovga olingan ba’zi isroilliklarni ozod etish bo‘yicha kelishuvni qabul qilishi kerak, aks holda u «yo‘q qilinadi». Bu haqda 20 may, juma kuni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bayonot berdi.

«HAMAS qotillari endi tanlashga majbur bo‘ladi: garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha «Uitkoff kelishuvi» shartlariga rozi bo‘lish yoki yo‘q bo‘lib ketish», — deya Kats so‘zlarini keltiradi AFP.

Bir kun avval Reuters AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektorida qisqa muddatli sulh tuzish rejasining taxminiy tafsilotlarini e’lon qildi.

Hujjatda G‘azo sektorida 60 kunlik otashkesim va bir hafta ichida garovga olingan 28 isroillik – tirik odamlarni ham, o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarning jasadlarini ham o‘z vatanlariga qaytarish taklif qilinadi. Buning evaziga Isroil qamoqxonalardagi 1236 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi va 180 nafar halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlarini topshirishi kerak.

Bundan tashqari, kelishuv Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) bo‘linmalarini G‘azo sektoriga qayta joylashtirishni nazarda tutadi – lekin undan qo‘shinlar olib chiqilmaydi. Shuningdek, hududga insonparvarlik yordami kirishiga ham ruxsat etiladi. Buning kafolatlarini AQSh prezidenti Donald Tramp, shuningdek, HAMAS va Isroil o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lgan Misr va Qatar bergan.

Ayni damda 58 nafar isroillik HAMAS tomonidan Isroilga hujum paytida o‘g‘irlab ketilganlar ro‘yxatida. Biroq guruh ulardan qanchasi tirik qolgani haqida ma’lumot bermayapti. Ayni paytda garovga olinganlar haqida yangi xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Mavzuga oid