Jahon | 09:00 / 01.06.2025
6393
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Ilon Mask Trampning saylovoldi kampaniyasi vaqtida giyohvand moddalar iste’mol qilgan

Andrew Harnik / Getty Images

Milliarder va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi davomida giyohvand moddalarni «avval ma’lum bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq» iste’mol qilgan. Bu haqda The New York Times nashri tadbirkorning atrofidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Gazeta suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Mask, xususan, ketaminni ko‘p miqdorda qabul qilgan. 2024 yil mart oyida u ketaminni shifokor retsepti bo‘yicha oz miqdorda «ikki haftada bir marta yoki shunga o‘xshash tarzda» qabul qilayotganini aytdi.

Ammo NYT ta’kidlashicha, Mask ketaminni tez-tez, «ba’zan har kuni» qabul qilgan, shuningdek, uni boshqa giyohvand moddalar bilan aralashtirib iste’mol qilgan. U atrofidagilarga ketaminni ko‘p iste’mol qilgani sababli qovug‘ida muammolar paydo bo‘lganini aytgan.

Nashrda aytilishicha, tadbirkor ekstaz va gallyutsinogen qo‘ziqorinlarni ham qabul qilgan. Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Mask o‘zi bilan 20 ga yaqin tabletka, jumladan, Adderall stimulyatori belgisi bo‘lgan tabletkalar bo‘lgan dori qutisini olib yurgan.

Gazetaning ta’kidlashicha, Mask Tramp ma’muriyatiga qo‘shilganidan va AQSh hukumati samaradorlik departamentini boshqarganidan keyin giyohvand moddalarni iste’mol qilishni davom ettirganmi yoki yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda. Maskning SpaceX kompaniyasi davlat pudratchisi sifatida o‘z xodimlari orasida giyohvand moddalar bo‘yicha test olishi kerak bo‘ladi. Ammo NYT manbalariga ko‘ra, Maskka rejalashtirilgan testlar haqida oldindan ma’lumot berilgan.

30 may kuni Oval kabinetda Tramp bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maskdan gazeta nashriga izoh berishni so‘rashdi. U The New York Times soxta ma’lumotlarni chop etishini aytib, jurnalistlarga «yo‘lida davom etish»ni taklif qildi.

2024 yil martida CNN boshlovchisi Don Lemonga bergan intervyusida Mask miyasida vaqti-vaqti bilan depressiyaga o‘xshash «salbiy kimyoviy holat» paydo bo‘lishini aytgandi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, «salbiy holat»dan chiqishga odatda anestetik sifatida ishlatiladigan kuchli ta’sir qiluvchi modda – ketamin yordam beradi. Tadbirkor uni shifokor retsepti bo‘yicha qabul qilayotganini ta’kidlagan. Mask ketaminni ko‘p miqdorda iste’mol qilganmi, degan savolga tadbirkor shunday javob berdi: «Bunday o‘ylamayman. Agar ketaminni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilsangiz, siz haqiqiy ish bilan shug‘ullana olmaysiz».

Mavzuga oid