Jamiyat | 19:00 / 02.06.2025
1520
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Yangiyo‘lda “Tomorqa maktabi” ochildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, “Yangiyo‘l-Agrostar” kompaniyasi pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘katlarga ixtisoslashuvi belgilangan.​​​​​​​

Foto: Biznesni rivojlantirish banki

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mazkur ixtisoslashgan kompaniyani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul etib belgilangan va hamkorlikda bir nechta muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha shunday loyihalardan biri - Yangiyo‘l tumanining Xalqobod mahallasida “Tomorqa maktabi” tashkil etildi. Ochilish marosimida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi rahbariyati, xorijiy mutaxassislar hamda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur maktabda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillarining har bir guruhi uchun haftada 4 kun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Xususan, “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasiga turkiyalik malakali, oliy toifali agronom Chengiz Yalchin jalb etilib, ushbu malakali mutaxassis ham yer egalariga o‘zining amaliy bilimlarini beradi. Shuningdek, fransiyalik mutaxassis, “Experto consulting” kompaniyasi eksperti Stanislas Enrion bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. U o‘rganishlaridan kelib chiqib, ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini berib boradi. Bu yerda yil yakuniga qadar 600 ga yaqin tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillarini o‘qitish reja qilingan.

Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent davlat Agrar universiteti, Sabzavotchilik va tuproqshunoslik ilmiy tekshirish instituti hamda “AGROLAB” ilmiy tekshirish laboratoriyalari bilan kelishuvlarga erishilgan. Eng muhimi, mashg‘ulotlar nazariy, amaliy va ko‘chma tarzda tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “Tomorqa maktabi” tinglovchilari agrobiznes sektori uchun zarur bo‘lgan laboratoriya tahlili xizmatlarini taqdim etish uchun mo‘ljallangan “AGROLAB O‘HQM” MChJ sinov laboratoriyasida 3 kun davomida olingan nazariy bilimlarini mustahkamlab, tuproq, suv va meva-sabzavotlarning tarkibi, tahlili, eksport qilinadigan mahsulotlarga olinadigan sertifikat uchun qo‘yilgan talablar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbirda mehmonlarga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasi hamkorligida Xitoy texnologiyasi asosida 4 gektar maydonda barpo etilayotgan 10 sotixni tashkil etuvchi 30 ta issiqxona qurish loyihasi ham namoyish etildi. Quyosh nurlari tushmaydigan bir tomoni to‘liq yopilgan bu tejamkor issiqxonalar bir mavsumda 2-3 marta hosil olish imkonini beradi. Eng muhimi bu yerni isitish uchun hech qanday energiya talab etilmaydi. Har bir issiqxonadan olingan daromad esa 150 million so‘mdan ko‘proqqa yetishi mumkin.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid