Iqtisodiyot | 19:09 / 03.06.2025
8657
5 daqiqa o‘qiladi

Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi

Humans'ning Singapurdagi ta’sischisi “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirmoqchi. Avvalroq kompaniyaga qarashli UPay to‘lov tashkiloti Markaziy bank sanksiyasiga uchragan, keyinroq Humans'ning o‘zi “O‘zbektelekom”ning qarzlarni to‘lash, aks holda tarmoqdan uzib qo‘yilishi haqidagi ogohlantirishidan keyin, Raqobat qo‘mitasiga shikoyat kiritgan edi.

Foto: Humans

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi.

Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu da’vo 30 may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan.

Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ishtirok etadi.

Da’vogar tomoni O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 2003 yilda tuzilgan “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni da’vo asosi sifatida ko‘rsatgan.

Xorij OAVda tarqatilgan press-relizga ko‘ra, Humans Mobile “adolat va qonun ustuvorligini tiklash maqsadida”, O‘zbekistonning “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirishni ko‘zlagan.

2024 yil sentabrida Markaziy bank Humans'ga qarashli “Maroqand” AJ to‘lov tashkiloti (UPay brendi) faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ygan edi. O‘shanda Markaziy bank Maroqand tomonidan qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib kelinganini bildirgan. Shu sabab, tashkilotning bank hisobvaraqlari orqali to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatlari 6 oy muddatga cheklab qo‘yilgandi.

Maroqand to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida 3 marta chaqirib, ogohlantirganmiz. Biz ochiq aytdik, aholining pulini bukmekerlik kontoralariga o‘tkazib berish bilan shug‘ullandi, shuning uchun ham 6 oyga cheklab qo‘ydik”, – degandi Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmurodov 2024 yil 31 oktyabrdagi matbuot anjumanida.

2025 yil 26 mart kuni Markaziy bank Maroqand'ning ayrim to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Spot nashriga ko‘ra, Humans kompaniyasi 2025 yil 8 may kuni Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, “O‘zbektelekom” AJga nisbatan aksilmonopol ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.

Qo‘mitaga yo‘llangan xatda Humans o‘zining ma’lumot uzatish tarmog‘iga ega bo‘lmagan virtual mobil operator (MVNO) ekani, shu sababli kompaniyaning faoliyati 2020 yil 22 may kuni tuzilgan shartnomaga asosan “O‘zbektelekom” infratuzilmasiga bog‘liqligini qayd etgan. Humans'ning da’vosiga ko‘ra, 2021 yildan beri internet narxining sezilarli pasayganiga qaramay, “O‘zbektelekom” bazaviy tarifni pasaytirmasdan kelmoqda, Humans esa buni tashqi internet kanallari bozorida monopol mavqega ega “O‘zbektelekom” tomonidan monopol yuqori narx o‘rnatish deb hisoblaydi.

Virtual mobil operatorning Raqobat qo‘mitasiga shikoyatida bildirishicha, operator chakana bozordagi raqobat tufayli 2021 yildan beri mijozlari uchun narxlarni bir necha marta pasaytirishga majbur bo‘lgan, lekin “O‘zbektelekom” tomonidan tariflarning o‘zgartirilmasligi Humans xizmatlarining umumiy tannarxida infratuzilma xarajatlarining ulushi 58 foizgacha yetishiga olib kelgan. Bu esa Humans biznes modelini zararga ishlaydigan qilib qo‘ygan, shuningdek, erkin raqobatni amalda bloklab qo‘ygan.

Shu tariqa, narxlarni avvalgi darajada saqlab turish uchun iqtisodiy asoslar mavjud emas, bu esa “O‘zbektelekom” tomonidan infratuzilma foydalanuvchilarining manfaatlarini buzish hisobiga asossiz foyda olinganidan darak beradi”, – deya Humans'ning Raqobat qo‘mitasiga arzidan parcha keltirgan Spot.

Bundan tashqari, Humans o‘z xatida “O‘zbektelekom” tomonidan “monopol yuqori narx” qo‘llanilgani hisobiga qarzdorlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Natijada davlat kompaniyasi Humans'ga ogohlantirish xati yuborib, taqdim etilayotgan internet tezligini 2025 yil 1 martdan boshlab pasaytirishi, qarzdorlik bartaraf etilmagan holda, 2025 yil 1 iyundan boshlab xizmat ko‘rsatishni to‘liq to‘xtatgan holda, sudga murojaat qilishini ma’lum qilgan.

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” tomonidan Humans'ga yo‘llangan, 2024 yil 27 mart sanasi qo‘yilgan xat tarqalgan edi. Unda Humans'dan 532 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lash talab qilingan. Shundan 361,7 mlrd so‘mi – debitor qarzdorlik, 170,3 mlrd so‘mi penyalar ekani ko‘rsatilgan.

Avvalroq xalqaro arbitraj Turkiya tekstil kompaniyasining O‘zbekistonga nisbatan 700 mln dollarlik da’vosini rad etgandi.

Mavzuga oid