«O‘zbektelekom» AJ Humans mobil operatori bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirdi
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik jamiyati Humans virtual mobil operatori uzoq vaqtdan buyon shartnoma asosida ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirib kelayotgani va foydalangan xizmatlar uchun yirik miqdorda qarzdorlikka ega ekanini aytdi.

Foto: O‘zbektelekom
Kompaniya bayonotida qayd etilishicha, Humans 2020 yildan buyon o‘z mobil infratuzilmasiga sarmoya kiritmagan holda, «O‘zbektelekom» tarmog‘i orqali mobil aloqa xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.
«O‘zbektelekom» iste’molchilarning huquqlari buzilmasligi uchun xizmat ko‘rsatishni to‘xtatmagan, garchi Humans xizmatlar uchun to‘lovlarni kechiktirgan bo‘lsa-da. Biroq mavjud vaziyat kompaniyaga iqtisodiy zarar yetkazayotgani sababli, biz sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldik», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Ma’lumot uchun, joriy yil 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi «O‘zbektelekom» AJ da’vosi bo‘yicha Humans kompaniyasiga nisbatan qarzdorlik yuzasidan qaror chiqargan.
Shu bilan birga, «O‘zbektelekom» ba’zi ommaviy axborot vositalarida kompaniyaning bozordagi ustun mavqeidan foydalanib, Humans’ga bosim o‘tkazayotgani haqida tarqalgan ma’lumotlarni rad etdi.
«Hech qanday monopol holat yo‘q. Humans boshqa operatorlar – Ucell, Beeline, Mobi.uz bilan ham shartnoma tuzib, ularning infratuzilmasidan foydalanishi mumkin. Qonun hech qaysi operatorga bog‘liqlikni majbur etmaydi», – deyiladi bayonotda.
Kompaniya ma’lum qilishicha, oxirgi yillarda «O‘zbektelekom» tomonidan internet xizmatlarini ommaviy va arzon qilish bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2017–2024 yillar oralig‘ida xalqaro internet kanallarining 1 Mbit/s narxi 40 barobarga arzonlashtirilgan.
«O‘zbektelekom» yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqalishini rad etar ekan, kelgusida bunday holatlar takrorlansa, o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqini saqlab qolishini ta’kidladi.
Mavzuga oid

19:09 / 03.06.2025
Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi

19:38 / 03.10.2024
Humans Pay'da to‘lovlar va o‘tkazmalarni amalga oshirishda nosozliklar kuzatilmoqda

08:55 / 03.11.2023
“O‘zbektelekom” AKda IPO joylashtirish doirasida biznes uchrashuv o‘tkazildi

17:32 / 28.03.2023