Jahon | 12:35 / 04.06.2025
1980
2 daqiqa o‘qiladi

«Chelsi»ni sotishdan tushgan pul: London Abramovichga sud bilan tahdid qilmoqda

Britaniya hukumati Roman Abramovichning 2022 yilda «Chelsi» futbol klubini sotishdan olgan mablag‘larini Ukrainaga o‘tkazish uchun suddan foydalanishga harakat qilishi mumkin.

Foto: AP

Britaniya hukumati rossiyalik oligarx Roman Abramovichga «Chelsi» futbol klubini sotishdan tushgan muzlatilgan mablag‘larni Ukrainaga o‘tkazishni istamagani uchun sudga berish bilan tahdid qildi. 3 iyun, seshanba kuni Britaniya OAV moliya vaziri Reychel Rivz va tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining so‘zlaridan iqtibos keltirgan: "Biz janob Abramovich bilan hali kelishuvga erisha olmaganimizdan chuqur afsusdamiz".

Ularga ko‘ra, London Abramovichning sanksiyalar ostidagi 2,5 milliard funt sterling (deyarli 3 milliard yevro ekvivalenti) pulini Rossiya bosqinidan jabr ko‘rgan ukrainaliklarga yordam berish uchun ishlatmoqchi.

«Muzokaralar uchun eshik ochiqligicha qolsa-da, agar kerak bo‘lsa, Ukrainadagi muhtojlar bu daromadlardan imkon qadar tezroq foydalanishi uchun biz buni sud orqali amalga oshirishga to‘liq tayyormiz», — deyiladi bayonotda.

Reuters ta’kidlaganidek, London hukumati va Roman Abramovich o‘rtasida puldan qanday foydalanish borasida kelishmovchiliklar tufayli «Chelsi»ning sotuvidan tushgan mablag‘lar Britaniya bank hisobraqamida muzlatib qo‘yilgan. Britaniya rasmiylari pul faqat Rossiya harbiy agressiyasidan jabr ko‘rgan Ukrainada sarflanishini ta’kidlamoqda. Abramovich buni «Ukrainadagi urush qurbonlarining barchasi», shu jumladan Rossiyadagilarga ham topshirishni istaydi.

Mavzuga oid