Jahon | 18:19 / 04.06.2025
3519
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgdagi reydda 200 nafardan ortiq migrant qo‘lga olindi

Migratsiya qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan 30 nafarga yaqin xorijlik fuqaroga mamlakat hududini tark etish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.

Foto: Rossiya IIV

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida politsiya tomonidan noqonuniy migrantlarga qarshi o‘tkazilgan reyd davomida 5 mingga yaqin xorij fuqarosi tekshirildi, ulardan 200 nafardan ortig‘i qo‘lga olinib, ma’muriy javobgarlikka tortish uchun hududiy politsiya boshqarmalariga olib ketildi, deb xabar berdi IIV viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

«Qo‘lga olinganlarning aksariyati jarima va qonunbuzarliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirishlar bilan jazodan ozod etildi. Biroq migratsiya qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan 30 nafarga yaqin xorijlik fuqaroga mamlakat hududini tark etish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish berildi», deyiladi xabarda.

Reyd davomida olingan videoda politsiyaning qurilish maydonchalariga borgani, jamoat transportini tekshirgani, mashinalarni to‘xtatgani aks etgan.

Reydga kinolog va yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari jalb qilingan. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari 160 ga yaqin avtomashinani tekshirib, 20 ga yaqin yo‘l harakati qoidasini buzish holatini aniqladi, deya xabar berdi IIV.

Politsiya «profilaktika choralari» yaqin kunlarda ham davom etishini ta’kidladi.

Mavzuga oid