Jahon | 22:12 / 05.06.2025
4629
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda saroy binosi ostidan yashirin kutubxona topildi

U yerda 50 mingdan ortiq noyob kitoblar jamlanmasi saqlangan. Kitoblarning ayrimlari yaxshi holatda saqlangan.

Foto: Times of India

Hindistonning Tikamgar shahridan 50 ming noyob kitoblar jamlanmasiga ega yerosti kutubxonasi topildi, deb xabar beradi Times of India.

Yashirin kutubxona Mahendra Sagar ko‘li yaqinida joylashgan, bir vaqtlar saroy bo‘lgan, hozirda esa kollej vazifasini bajarayotgan Tal Kotidan topilgan. Uni hududning soliq inspektori lavozimiga tayinlangan Vivek Kshotriya aniqlagan. U bolalikda bobosi va buvisidan eshitgan yerosti xazinalari haqidagi hikoyalarini xotirlab, buni tekshirib ko‘rishga qaror qilgan. Saroyni ko‘zdan kechirgan amaldor bino ostidagi yopiq eshikni ochishni buyurgan.

Natijada, yerostidan kitoblar va qo‘lyozmalarga to‘la kutubxona topilgan. Ularning ayrimlari yaxshi saqlangan, ba’zilariga esa shikast yetgan. Topilmalar orasida rassom Feliks Topolskiyning noyob nashri — «Gandining chizmalari», Hindiston knyazliklari tarixi bo‘yicha kitoblar va sanskrit tilidagi noyob matnlar bor. Kitoblarning aksariyati Orchxa prezident kutubxonasining muhriga ega.

«Qadimiy, allaqachon unutilgan tillardagi matnlar tarixiy tavsiflar, ilmiy risolalar va she’riyat jildlari orasida yotardi. Ba’zi kitoblar charm muqovada, boshqalari esa yupqa ipakda bo‘lib, ularning sahifalari vaqt o‘tishi bilan sarg‘aygan bo‘lsada, ayrim joylarini hanuz o‘qish mumkin edi. Ko‘zlarimga ishonolmay qoldim», — deydi Kshotriya.

Kutubxona beshta qavatni egalladi. Avvallari u kollej talabalari uchun ochiq bo‘lgan, ammo 20 yillar oldin sobiq kutubxonachi ishtirokidagi mojaro sabab yopilgan.

Shikastlangan kitoblar butun mamlakat bo‘ylab mutaxassislarga topshirilgan. Olimlar jamoasi barcha kitoblarni kataloglashtirishga kirishgan. Endi amaldor ushbu kutubxonani madaniy markazga aylantirish niyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, kutubxona olimlar, tarixchilar va turistlarni o‘ziga jalb etadigan maskanga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid